Darvoqe, nufuzli nemis gazetasi faxr-iftixor bilan butun dunyoga ovoza qilgan Osiyoning uzoq chekka o’lkasidagi shahar va qishloqlarida yangilik yaratib zamonaviy paxta tozalash zavodlari, banklar ochishga jur’at etgan ishbilarmon aka-uka Kraftlar kim edi? Nega nemis gazetasi ular haqida og’izlaridan bol tomib maqolalar yozdi? Axir Xiva va Buxoro xonliklari allaqachon Rossiyaning yarim mustamlakasiga aylangan ediku?
Chindan ham o’sha maqola e’lon etilganidan 42 kun o’tar-o’tmasdan Germaniya I-jahon urushini boshlab yuborgan bo’lsa, ishbilarmon aka-uka Kraftlarning uzoq Xiva hamda Farg’ona vodiysidagi yirik korxonalari nima bo’ldi degan haqqoniy savol tug’iladi.
Aslida, “Berliner tsaytung” O’rta Osiyo xonliklarida etishtirilayotgan arzon va sifatli paxta, shirindan-shakar meva, jun, qorako’l teri, mo’yna kabi noz-ne’matlarni targ’ib etib kelayotgan yagona gazeta emasdi. Rossiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Italiyada nashr etilayotgan gazeta va jurnallar XIX asrdan buyon O’rta Osiyoning Qora va Qizil qumlari ostida neft konlari, Buxoro amirligida oltin tog’lari, Farg’ona vodiysida bebaho ma’dan – uran manbaalari borligini tez-tez e’lon etib turardilar. Ular o’z olimlarini Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklariga darvesh qiyofasida jo’natib, zarur ma’lumotlarni olib turardilar.
O’sha davrlarda Xorazmdan Germaniyaga nafaqat paxta tolasi, yog’, balki mol terisi, jun va hatto so’yilgan qo’ylarning ichak-chavog’i ham temir kanistralarga joylab jo’natilardi. Xuddi shuningdek AQShga beda urug’i, Angliyaga qovun qoqi, Yaponiyaga dorivor giyohlar bot-bot eksport qilinib turgan. Aynan shuning uchun ham xorijiy savdogarlar, urushqoq generallar Xiva xonligini rus guberniyasiga aylantirish, nemis korchalonlari O’rta Osiyoga butunlay egalik etish, mustamlakadagi aholining qonini zulukdek so’rish uchun I-jahon urushini boshlagan edilar.
Kezi kelganda germaniyaliklarni Rossiyaga, ruslarning Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklariga suqilib kirishlariga biroz to’xtalib o’tamiz. Evropaga darcha ochgan Rus podshosi Petr-I, so’ngra Ekaterina-II nemis tadbirkorlari, ayniqsa savdogarlariga keng imkoniyatlar yaratib berdilar. Kelib chiqishi nemislardan bo’lgan Ekaterina II Imperator a’lo hazratlari 1763 yilda maxsus manifest e’lon etib Rossiyaga ko’chib kelgan muhojir dehqonlarga 30 desyatinadan er ulashdi va 10 yil soliqlardan ozod etadi. Natijada minglab nemis ishbilarmonlari Ural, Odessa, Stavropol, Volga bo’ylariga joylashib katta-kichik korxonalar ochdilar, dehqonchilik, chorvachilikni rivojlantirib yubordilar. Napoleon bosqini (1812 yil) davrida Rossiyaga o’n minglab nemislar qochib o’tgan. 1897 yilgi aholi ro’yxatiga ko’ra Rossiyadagi nemislarning soni 1,8 million kishiga etgan. Ular elektr asboblari ishlab chiqaradigan “Simens” kompaniyasiga asos soldilar, Rossiya temir yo’llari va bank tizimini takomillashtirdilar. Jumladan general Nikolay Osipovich Kraft Moskva - Sankt-Peterburg temir yo’lining boshlig’i, Konstantin Nikolaevich fon Kaufman 1873 yilda Xivani zabt etgan Turkiston general-gubernatori “Yarim oq podsho”, shuning-dek rus armiyasini dinamit portlovchi moddasi bilan ta’minlab turgan Alfred Nobel va boshqalar O’rta Osiyoda ko’plab savdo-sanoat korxonalari ochdilar.
Shuni eslatib o’tish joizki, sho’rolar hukmronligi davrida chop etilgan tarixiy, badiiy, publitsistik adabiyotlar biryoqlama sinfiy-siyosiy nuqtai nazardan bayon etilgani sababli nemis millatiga mansub kishilar haqida aksariyat kitobxonlar ongida ular to’g’risida nojoiz, noxolis tasavvurlar hosil bo’lgan. Bunga I va Ikkinchi jahon urushlarining kelib chiqishiga sabab bo’lgan fashistlar Germaniyasi rahbarlari Bismark, Gitler, Gimler, Gering kabi siyosiy arboblar va ba’zi tarixchilar aybdordirlar.
Taraqqiyparvar, aniq hisob-kitoblar bilan ish yurituvchi, ko’ngli ochiq iqtidorli nemis millatiga mansub xalqlar bir necha mahalliy va jahon urushlariga majburan tortilganligi hammaga ayon.
Nemislarning menonit toifasiga mansub ajoyib kishilari ham borki, ular xuddi mo’min-musofirlar kabi yoshligidan qo’liga qurol olmaslik, odam o’ldirmaslik, halol va pokiza yashash g’oyalari ostida tarbiya topganlar.
Xivani zabt etgan ruslashgan nemis generali fon Kaufman Xorazm vohasiga 150 nafar nemis-menonit oilalarini jo’natgan. Ular Xiva yaqinidagi Oq machit qishlog’ida 1936 yilgacha yashaganlar. Shular tufayli xalqimiz kartoshka, bodring, karam, pomidor, lavlagi nimaligini bildi. Ularni ekish, tarbiyalash, eyishni o’rgandi.
Xivadagi Nurullaboy saroyi, kasalxona, pochta, telegraf, Urganch paxta-yog’ zavodi, fotografiya, kerosin, lampa, separator, elektr dvigateli kabi yangiliklar aynan nemis ishbilarmonlari tomonidan Xorazmga – to’g’rirog’i butun O’rta Osiyoga rasm bo’lgan edi.
Eng muhimi Rossiyada qo’nim topgan aka-uka Iogan va Genrix Kraftlar 1883 yilda Moskvada, 1885 yilda Farg’ona vodiysining Qo’qon shahrida, 1903 yilda Yangi Urganchda bank tizimini yo’lga qo’ydilar, savdo yo’llari, ko’plab paxta tozalash va yog’, sovun ishlab chiqarish zavodlarini rivojlantirdilar.
Sulolaning kenja vakili Aleksandr Nikolaevich Kraft bolaligidan o’tkir zehnli, rus va nemis tillarini a’lo darajada biladigan, savdo ishi va texnikaga qiziquvchan yigit bo’lib o’sdi. Otasiga qarashli savdo uylarida, fabrika va zavodlarida, chet ellarda ishlab, tajriba orttirdi. 1901 yil 20 yanvarda belgiyalik aslzoda Emma Bernes bilan turmush qurdi. Yosh kelin-kuyovlar avval Qo’qon shahrida, so’ngra Yangi Urganchga kelib savdo-sanoat ishlarini otasidan qabul qilib oldilar.
Endigi navbatda aka-uka Kraftlar asos solgan savdo-sanoat korxonalari son va sifatini zamonaviy uy-joy, yangi texnika va texnologiya bilan qurollantirib yanada ko’proq kapital to’plash bosh vazifa qilib belgilandi. Shu maqsadda Kraftlar Qo’qon va Yangi Urganchda ikki qavatli bank, yashash joyi va zavod ishchi korpuslarini bunyod etdilar. Namangan, Pop, Oltiariq, Serovo, Skobelev (Yangi Farg’ona) shahar va qishloqlaridagi savdo uylari va paxta zavodlari uchun Germaniya va AQShdan yangi baraban, juvoz, “Jin” dastgohlari olib kelib o’rnatildi.
Kraftlarning ishbilarmonlik va tadbirkorlik xususiyatlari bir tomondan Rossiya hukumatiga katta foyda keltirayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan mahalliy boy-zodagonlarni ilg’or texnikaga asoslangan zavod va fabrikalarni yuritish, ishchilar sinfini shakllantirish, bozor iqtisodiy siyosati tamoyillari asosida chet el investitsiyasi kirib kelishini tezlashtirgan edi.
Kraftlar xom ashyo sotib olish bilan kifoyalanib qolmadilar, balki ularning orzusi yanada ko’proq daromad olish, shu xududda to’la hukmron bo’lib qolish edi. Bu daromad nima evaziga kelayotgani ularni umuman qiziqtirmasdi. 1910 yilda Kraftlar Yangi Urganchdagi paxta tozalash zavodiga to’la hukmron bo’lib yangi binolarni qurishga kirishdilar. Ikki yil davom etgan qurilish 1912 yil nihoyasiga etdi va yangi zavod yog’-moy juvoz va sovun ishlab chiqarish tsexlariga ega bo’ldi. Yangi zavod tsexlari Angliya va AQShdan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi va ishlab chiqarish quvvati va mahsulot chiqarish unumdorligi ikki – uch barobar oshirildi. Yog’-moy chiqarish bo’limida uchta ochiq press, bitta ikki qozonli o’choq, bitta gidropress, bittadan valtsovka va chigitni tozalash uskunasi bo’lib ularni ishlatishda 150 kishi mehnat qilgan. Kraft tomonidan qo’yilgan ishboshqaruvchilar ularni ayovsiz ekspluatatsiya qilardi.
Mehnat faxriylaridan biri A.T.Piskunov: “Zavoddagi ish smenalari kattalarga ham, o’spirin va bolalarga ham bir xil davom etardi, ammo ish haqi berilganda bolalar ancha kam olardi. Dam olish kunlarisiz ishlardik. Sharoit achinarli holda, ish joylarimiz chang-to’zang bo’lib ifloslanib qolardi. Ish xavfsizligini ta’minlash uchun umuman hech narsa qilinmas edi”, deydi.
Umuman aytganda minglab qog’oz pullar bu zavodning paydo bo’lishiga va shu bilan birga uning ishchilarini ochiqdan ochiq temir panjalari bilan bo’g’ib, ularni ishlab chiqarish xom ashyosiga teng qilib qo’ydi. Shunga o’xshash o’nlab zavodlar, “Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura”, Kraftlar, Shlossberg, Maykart, “Stuken i K” va boshqa kompaniyalar tomonidan kichikroq bo’lsada yuritilib faoliyat olib bordilar. Ularning barchasi mahalliy aholining tinimsiz mehnat qilishi evaziga daromad oldilar.
Mahalliy savdogarlar Yu.Salimjonov, D.Nurov, K.Ibrohimov, A.Ollaberganov, E.Do’schonov, V.Botirov, K.Yusupov, M.Safoev, X.Avazjonov kabi mayda burjualar asta-sekin aka-uka Baqqolov, Otaboev, Madiyorov, D.Rizaevlar Kraftlar safiga qo’shila bordilar.
Urganchdagi Rus-Osiyo banki orqali paxtakor va zavodchi boylarga imtiyozli kredit berish boshlandi. Natijada 1903-1916 yillarda Xivada 8 ta, Yangi Urganchda 2 ta, Gurlanda 3 ta, Xonqada 4 ta, Toshhovuzda 1 ta, “Xitoy” (Mang’it)da 1 ta turli zavodlar ishga tushirildi. Shulardan 4 yog’-sovun zavodi, 4 paxta tozalash zavodi, 4 terini qayta ishlash zavodi, 11 ta g’isht zavodi qurildi.
Aka-uka Kraftlar mahalliy zavodchi boylarga o’rnak (etalon) bo’lganidan va oxir oqibatda zamonning zo’rligi tufayli aziyat chekkanligi va ularning fojiali taqdiri haqida keyingi sahifalarda biroz to’xtalib o’tamiz.
Aleksandr Kraft (1880-1935)
Oqmachitlik nemislar (1884-1936)
© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”