Xorazm shevasi so‘zlaridan
Bu lug‘atimiz Xorazm viloyati shevasi asosida tuzildi. Xaraz - bu so‘z “tegirmon” ma’nosida qo‘llanilib, vohaning barcha tumanlari uchun xarakterlidir. Masalan: “Otanazar kun peshinlab un torttirgani xarazga ketdi”.

Yoqtu

Xorazm shevasida ushbu so‘z “yorug‘” ma’nosini ifodalaydi. Mumtoz adabiyot namunalarida ham undan keng foydalanilgan. Masalan:

Iki yoqtu guhar olamga bergan,
Muhabbat ganjini odamg‘a bergan.
(“Muhabbatnoma”dan).

Dig‘iriq

Ushbu so‘z vohaning asosan Urganch, Xiva, Xonqa tumanlarida “tor ko‘cha”, “jin ko‘cha”, “boshi berk ko‘cha” ma’nolarida keladi. Masalan: “Dig‘iriqdan u yog‘iga yo‘l yo‘q edi”.

Secha

Asosan o‘g‘uz shevasiga xos bo‘lib, “chumchuq” ma’nosida keladi. Vohaning Urganch, Xonqa, Xiva, Yangiariq, Qo‘shko‘pir tumanlarida bu so‘z keng qo‘llaniladi. Masalan: “Bola qo‘liga tosh olib ulgurmay, shoxdagi sechalar pir etib uchib ketdi”.

Uchak

Vohada bu so‘z “tom” ma’nosida qo‘llaniladi. Gurlan, Yangibozor tumanlarida esa uning muqobili sifatida “tambash” so‘zidan foydalaniladi. Masalan: “Dovul og‘a somon tashlash uchun uchakka chiqdi”.

Qarinja

Xorazm vohasida hozir ham qo‘llanib kelinadigan bu so‘z “chumoli” ma’nosini ifodalaydi. Masalan: “U qo‘lida o‘rmalab ketayotgan qarinjani puflab tashladi”.

Rabg‘uziyda “qarinja” – “qarinchqa” tarzida uchraydi:

“Qarinchqalarning ulug‘i oqsoq erdi”. (“Qisasi Rabg‘uziy”dan)

Akmal JUMAMURODOV tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 8-sonidan olindi.

KO`P O`QILGANLAR