Beruniyning izlanishlari
Beruniy o‘zigacha ma’lum bo‘lgan va tarixiy manbalardagi xabarlarni yil hisoblarini qo‘llab aniqlashga, ularni saralab, ba’zi o‘rinlarda astronomik kuzatuvlari natijasida olgan xulosalari asosida tahlil qilishga uringan. Bu borada u, ayniqsa, bahsli masalalarga kengroq to‘xtaladi.

Beruniy o‘rgangan masalalardan biri Qur’onning nozil etilgan sanasi haqidadir. U Payg‘ambarimizdan rivoyat qilingan hadis asosida Qur’oni karimning dushanba kuni tushirilganini aytgan, ammo bu qaysi sanaga to‘g‘ri kelishi borasida turli fikrlar borligini ta’kidlagan. Ushbu masalani aniqlashtirish uchun olim oyati karimalarga tayanib fikr yuritadi. U Kalomulloh Ramazon oyida tushirilgani aniq ekani “Ramazon oyi shundayki, unda Qur’on tushirildi...” (Baqara, 185) mazmunli oyat bunga dalil bo‘lishini bildiradi. Olimlar orasida Qur’onning nozil bo‘lishini Ramazonning 24-sanasi bilan bog‘lovchilar borligini aytadi. Bundan tashqari, ayrim olimlarning Anfol surasining 41-oyatidagi “Agar Allohga va ajrim kuni – ikki qo‘shin to‘qnashgan kuni bandamiz (Muhammad)ga nozil qilgan narsamiz (oyatlar, farishtalar, g‘alaba)ga imon keltirgan bo‘lsangiz”, degan ma’lumotlarga tayanib, ushbu oyatdagi “ikki qo‘shin to‘qnashgan”so‘zlari Ramazon oyining o‘n yettinchi kunida sodir bo‘lgan Badr jangini anglatishi, binobarin, Qur’oni karimning tushirilishi ham shu kunga to‘g‘ri kelishini xulosa qilganlarini ta’kidlaydi.

Beruniy diniy manbalarning nozil etilish sanasi haqidagi turli fikrlarni keltirib “Yana Xudo biladi”, deya xulosalaydi. Bu hol uning e’tiqodiy masalalar, ayniqsa, aniqlashtira olishga ko‘zi yetmagan ixtiloflardan o‘zini uzoq tutib, xato yoki asossiz xulosaga kelishdan tiyilishini ko‘rsatadi.

Beruniy Muhammad payg‘ambarimizning hayotlariga oid masalalarni ham har tomonlama tahlil qilgan. U o‘z asarlarida Payg‘ambarimizning nasablari Abdulloh ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdu Mannof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra ibn Ka’b ibn Luayya ibn G‘olib ibn Fihr ibn Molik ibn an-Nazr ibn Kinon ibn Huzayma ibn Mudrik ibn Ilyos ibn Muzar ibn Nizor ibn Maadd ibn Adnon ekani, Ismoil ibn Ibrohim avlodidan bo‘lganini ta’kidlaydi.

Beruniy Muhammad payg‘ambarimizning tug‘ilgan sanalari borasida ixtiloflar borligini aytib, bu boradagi ma’lumotlarni saralashga va tahlil qilishga harakat qiladi. Sha’biy kitobidan u quyidagi so‘zlarni keltiradi: “Birov Payg‘ambar dushanbaga o‘tar kechasi rabi’ul avval oyining ikkinchisida, birov sakkizinchisida desa, boshqasi o‘n uchinchisida tug‘ildi, degan. Yana birov Xusrav No‘sheravon podshohligining qirq oltinchi yilida, birov qirq ikkinchi, birov qirq uchinchi yilida tug‘ildi, degan. Shuning uchun bu ixtilof barobarida Payg‘ambar umri haqida ham kelishmovchilik bor”. Beruniy shuningdek, Muhammad ibn Jobir Battoniy o‘zining “Kitobul kusufot”ida: “Payg‘ambar dushanba kechasi yigirmanchi nayson Iskandar erasining sakkiz yuz sakson ikkinchi yilida dunyoga kelgan”, deb yozganini, as-Sallomiy o‘zining “Eralar kitobi”da: “U ramazon oyining o‘n ikkinchi sanasi dushanba kuni tong otarda tug‘ilgan”, deb qayd etganini, Hamza al-Isfahoniy esa “Buyuk millatlar eralariga oid” kitobida: “U rabi’ul avvalning ikkinchi, ba’zilarning aytishicha esa sakkizinchi, boshqalarning aytishicha, o‘n uchinchi kuni kechasi tug‘ilgan. Uning dushanba kuni rabi’ul avval oyining birinchi yarmida tug‘ilgani haqida ixtilof qilmaganlar va tug‘ilishi Anushervon podshohligining qirqinchi, qirq birinchi, yoki qirq uchinchi yilida bo‘ldi, deganlar” kabi fikrlarni qiyosiy holda keltiradi. Yuqoridagi fikrlarni o‘rgangan Beruniy Payg‘ambarimizning tug‘ilgan sanalarini quyidagicha keltiradi: “Payg‘ambar “Ashobi fil” Makkaga kelganidan ellik kun keyin tug‘ildi. Bu voqea Muhammad ibn Muso Xorazmiyning “Kitob at-tarix” asaridagi so‘ziga ko‘ra, Anushervon podshohligining qirq ikkinchi yilida yoki Iskandar erasining sakkiz yuz sakson ikkinchi yilida naysonning yigirmanchi kunida edi”. Demak, agar bu sanalar milodiy hisobga o‘girilsa, 570 chiqadi. “Ashobi fil” voqeasi esa muharram oyining o‘n yettinchi kunida yuz bergani hisobga olinsa, Payg‘ambarimiz Muhammad 570 yil rabiul avval oyining yettinchisida tug‘ilganlari aniq bo‘ladi.

Shu o‘rinda olim bu masalaga oid “Payg‘ambarimizdan dushanba kunining ro‘zasi haqida so‘ralganida, u zot: “Bu men tug‘ilgan kun, shu kuni payg‘ambar qilib yuborildim, shu kuni menga Qur’on tushirildi va shu kuni hijrat qildim”, degan hadisni isbot sifatida qayd etadi. Yuqoridagi hadis asosida Beruniy payg‘ambarlikning tushishi rajab oyining yigirma oltinchi sanasi dushanba kuniga to‘g‘ri kelishini bildirib, bir qator olimlarning asarlaridan bu boradagi fikrlarni keltiradi.

Bulardan tashqari Beruniy haj, qurbonlik qilish, hayit, arafa kuni, Qadr kechasi kabi masalalar haqida ham tahliliy ravishda to‘xtalib o‘tgan.

qadriyat.uz
Zilola Tuychiboyeva,
Toshkent islom universiteti,tadqiqotchi
“Hidoyat”jurnalining 2012 yil, 7-sonidan olindi.

KO`P O`QILGANLAR