Xudoybergan Devonov - birinchi o`zbek fotosuratchisi va kinotasvirchisi.
Hukmdor Xudoyberganga o`zining suratini olishni buyurgan, keyin esa uni o`z devoniga ishga taklif qilgan.

Xudoybergan Devonov 1879 yilda tug`ilgan. Bolaligidan bilimga chanqoqligi va ijodiy iste`dodi bilan ajralib turgan. U arab, fors va rus tillarini o`rgangan. Qiziquvchan o`smir nemis tilini o`rgana boshlagan va bu kelgusida uning taqdirini belgilab bergan.

Gap shundaki, XIX asr oxirida Xorazmning o`sha paytdagi hukmdori Muhammad Rahimxon II nemis-mennonitlarning bir necha oilasiga o`lkada yashashiga ruxsat bergan. Ularning eng yoshi ulug`i Vilgelm Penner yoki mahalliy odamlarning tili bilan Panor buvada qiziquvchan Xudoybergan birinchi marta fotoapparatni ko`rgan va undan foydalanishga ruxsat so`ragan. Keyinchalik Panor buva shogirdining muvaffaqiyatlaridan xursand bo`lib, unga fotoapparatni sovg`a qilgan.

Shunday qilib 1903 yilda Xudoybergan Devonov Xivaning minoralari va hamyurtlarini suratga ola boshlagan. Avvaliga bu diniy ulamolarning qattiq qarshiligiga uchragan. Biroq fotosuratchini har qanday yangilikka qiziqqan Muhammad Rahimxon o`z himoyasiga olgan. U nafaqat xon, balki iste`dodli shoir va bastakor sifatida tarixda qolgan. Hukmdor Xudoyberganga o`zining suratini olishni buyurgan, keyin esa uni o`z devoniga ishga taklif qilgan.

1907 yilda Xudoybergan Devonov Xiva xonligining bir guruh vakillari bilan birga Sankt-Peterburgga safar qilgan. Tashrifdan so`ng delegatsiya rahbaridan Rossiya poytaxtida bir necha kun qolishga ruxsat so`ragan. Bu yerda 29 yoshli Xudoybergan foto sirlarini o`rganishni davom ettiribgina qolmay, kinematografiya bilan ham qiziqib qolgan. U ona yurtiga qaytib, Xorazmga birinchi kinoapparatni olib kelgan.

Afsuski, Xudoybergan Devonovning hayoti fojeali yakunlangan. 1936 yilda Stalin qatag`onlari avjiga chiqqan davrda u "xalq dushmani" sifatida hibsga olingan va to`rt yildan so`ng otib o`ldirilgan.

KO`P O`QILGANLAR