Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – "O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati raisi A.Ramatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov, Xorazm viloyati hokimi I.Sabirov, Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.
Mazkur liniya Prezidentimizning 2017-yil 13-martdagi "Buxoro — Miskin temir yo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qaroriga asosan bunyod qilindi. Temir yo‘l liniyasini qurish uchun 1500 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilar, yo‘l qurilishi bilan bog‘liq soha mutaxassislari va 1000 dan ziyod qudratli mexanizmlar jalb etildi.
Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo‘lgan oraliqda, bir vaqtning o‘zida har ikki tomonda olib borildi.
"Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan yangi temir yo‘lning umumiy uzunligi 355 km. ni tashkil etadi. Ayni paytda 335 km. ga po‘lat izlar yotqizildi, 20 kmda to‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur liniyada 121 ta sun’iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. 21, 2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishda 5 ta stantsiya (Yangiobod, Tuztepa, Uchachik, Suzakdor, Dautepa) va shuncha raz’ezdlar (Mashak, Azanir, Alabuga, Jakasay, Akchuqa) ham barpo etildi.
Dastlab, mazkur temir yo‘l liniyasi orqali yuk poezdlar qatnovi amalga oshiriladi.
Shu kunga qadar poytaxtdan Urganchga qatnovchi poezdlar 1064 kilometr yo‘l bosib "Navoiy – Uchquduq – Miskin” magistrali orqali harakatlanayotgan bo‘lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poezdlar qatnovi qariyib 100 kilometrga yaqin qisqardi. Bu esa yo‘l uchun ketadigan vaqtni, yonilg‘ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi. Ushbu temir yo‘lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilib, kelgusida elektropoezdlar qatnovi amalga oshirilishi ko‘zlanmoqda. Ushbu yo‘nalish ishga tushirilishi Orolbo‘yi mintaqasi, jumladan Xorazm viloyati taraqqiyotini tezlashtirishday muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
manbaa: xorazm.uz