Hazorasp tumanida “Nuroniylar maskani” majmuasi foydalanishga topshirildi
Majmuaning ochilish marosimida mustaqillik yillarida mamlakatimizda keksa avlod vakillarini e’zozlash, ularga yuksak hurmat-ehtirom ko’rsatish, munosib turmush kechirishi, dam olishi, jamiyatda faol bo’lishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O’zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg’armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoniga ko’ra, yurtimizning barcha tuman va shaharlarida keksa avlod vakillari vaqtini mazmunli o’tkazishi, hordiq chiqarishi, salomatligini mustahkamlashiga xizmat qiladigan “Nuroniylar maskani” tashkil etilmoqda.

Xorazm viloyatidagi 10 tuman va shaharda ham shu kunlarda mazkur maskanlar qurilish ishlari yakunlanib, majmualar foydalanishga topshirilmoqda.

Hazorasp tumanining so’lim go’shasida qariyb 1 milliard so’m mablag’ evaziga qurilgan va zamonaviy jihozlangan “Nuroniylar maskani”ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.

– Majmuadagi sharoitlarni ko’rib, shunday yurtda yashayotganimdan faxrlanib ketdim, – deydi mehnat faxriysi O’ktam Rahimov. – Televizorda dunyoning turli nuqtalarida sodir bo’layotgan notinchliklar, tabiiy ofatlar, ayniqsa, ayollar, bolalar va qariyalarning mashaqqatli hayotini ko’rib, yurtimizdagi bugungi tinchlik-xotirjamlik, dorilomon kunlarga qayta-qayta shukrona aytamiz. Yoshi ulug’ insonlarga ko’rsatilayotgan e’tibor va g’amxo’rlik ko’nglimizni ko’tarib, umrimizga umr qo’shmoqda. Majmuada keksalar uchun nimaiki zarur bo’lsa, barchasi muhayyo. Kutubxona, tibbiyot xonasi, sport zali, fitobar, faollar zali, milliy uslubdagi ayvon – barchasi nuroniylar uchun xizmat qilayotir.

Endilikda “Nuroniy” jamg’armasi Hazorasp tumani bo’limi ham ushbu binoda faoliyat ko’rsatadi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriev (surat), O’zA

KO`P O`QILGANLAR