Samarqandlik akademik Vohid Abdullaevning Xorazm adabiyotini tiklash uchun qilgan xizmatlari. Xorazm madaniyati izidan
XX asrning 40-yillaridan boshlab V.Abdullaevning diqqat e’tiborini o’zbek adabiyotining kam o’rganilgan yoki umuman o’rganilmagan davri muammolari o’ziga tortdi.

Shunday davrlardan biri XVII-XVIII asrlar o’zbek adabiyoti edi. Olim mashhur sharqshunoslar E.E.Bertels va S.Ayniy maslahati bilan turli xil bahsu munozaralarga sabab bo’lib kelayotgan Xorazm vohasidagi adabiy hayotning asosan XVII-XVIII asrlardagi holatini tadqiq etishga qaratildi. Olim Xorazm shahar va qishloqlarini kezib chiqdi, qanchadan-qancha adabiyot muxlislari, ziyolilar, ko’pni ko’rgan, tarixni xotirlaydigan qariyalar bilan uchrashdi, ular yordamida o’z ilmiy kuzatishlari uchun materiallar yig’a boshladi. Domla xorazmlik shoirlar, xattotlar, tarixchilar, lug’atshunoslar, musiqa ijrochilari hayoti va ijodiga oid boy qo’lyozma manbalarni qo’lga kiritdi. Hatto Xiva moddiy-madaniy obidalari peshtoqlariga, taniqli olim va shoirlar, ularning yaqinlari maqbara va marqadlaridagi yodgorlik toshlariga yozib qoldirilgan she’riy lavha va baytlargacha erinmay sobitqadamlik bilan yig’ib chiqdi, ulardan o’z ilmiy tadqiqotlarida foydalandi.

Vafoyining Orangxonga madhu zam yo’li bilan ekspromt-badiha tarzida aytilgan ajoyib g’azali, uning shaxsiyatiga doir naqllarning «Firdavs ul-iqbol» (Munis va Ogahiy) tarixiy asaridan olinganligini, Ravnaqning Muhammad Amin Mehtar qizi vafotiga yozilgan g’azal-marsiyasining maqbaradan yozib olinganligini eslab o’tishning o’zi kifoya.

Zahmatkash olimning ezgu umidlari ushaldi. U XORAZM DIYoRIDAN 60 GA YaQIN NOYoB QO’LYoZMA MANBALAR, ARXIV MATERIALLARI, ilmga va olimga xayrxoh odamlar og’zidan yozib olingan yoxud bisotida saqlanayotgan adabiy materiallar bilan qaytdi. Kechani kunduzga, kunduzni kechaga ulab, boy xazina ustida tinmay ish olib bordi. Xorazmdagi badiiy adabiyot, ilm-fan, ma’naviy hayot xaritasidagi xayoliy bo’shliq o’rnida diqqatni tortuvchi ajoyib chizgilar paydo bo’ldi.

Mashhur adabiyotshunos, akademik A.Hayitmetov ta’biri bilan aytganda «…uning 1959 yili «XVII-XVIII asrlarda Xorazmda o’zbek adabiyoti» degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi o’zbek adabiyotshunosligi tarixida muhim voqea bo’lgan edi, deyish mumkin. Qildan qiyiq qidirib, o’zbek adabiyoti kamsitilgan, uning namoyandalariga birini mistik, birini xon saroyining maddohi, shaklboz deb, qoralash avjga chiqqan bir sharoitda Vohid Abdullaevichning O’zbekistonning eng qadim o’lkalaridan biri – Xorazmdagi boy adabiyot tarixiga qo’l urib, undagi nomlari o’sha paytgacha unutilish, meroslari yo’qolish holatiga kelib qolgan o’nlab o’zbek shoirlarini, ularning asarlarini aniqlashi va o’rganishi, fanga olib kirishi uning katta jasorati bo’lgan edi. Uning bu tadqiqoti tufayli o’zidan boy adabiy boylik qoldirgan VAFO VAFOYI, MAVLONO NODIR, PAHLAVONQULI RAVNAQ, MAVLONO ROQIM, MUHAMMADNIYoZ NIShOTIY, MUHAMMAD XOKISOR kabi qalamkashlar boy adabiyotimiz tarixidan o’z o’rinlarini egalladilar.

Bu shu dissertatsiyaga hakamlik qilgan ozarbayjonlik akademiklar Hamid Arasli, Fayzulla Qosimzoda, Ja’far Xandon kabi mashhur olimlar tomonidan alohida ta’kidlangani, e’tirof etilganida ham ko’rinadi.

U hatto XVIII asr olim va shoirlaridan bo’lmish Muhammad Xoksor va uning turli fan va sohalarga doir istilohlarni o’z ichiga oladigan o’zbek tilidagi «Muntaxab ul-lug’ot» asarini ham kashf etdi, uning lingvo-poetik tahliligacha yaratdi. Shu asarga oid doktorlik ishida keltirilgan materiallar olimning 70-yillarga kelib chop etilgan «Xoksor va Nishotiy» monografiyasining maydonga kelishiga asos bo’ldi. Olim bu sohadagi izlanishlarini davom ettirib Xorazmdagi o’zbek adabiyotining XIX asrdagi peshqadam namoyandalari Shermuhammad Munis hamda Muhammad Rizo Ogahiy merosi haqida alohida-alohida adabiy portretlar yaratdi.

«Vohid Abdullaev yaratgan tadqiqotlarning poydevori bag’oyat mustahkam. Negaki, ular ilk manbalar, mo’’tabar qo’lyozmalar ustida zahmat chekish va ko’z nurlarini bag’ishlashning hosilasi erur. Shu jihatdan yosh tadqiqotchilar ustozning tajribalaridan ko’p narsa o’rganishlari mumkin».

«Ustoz Vohid Abdulla ilm sohasida yangilik yaratish, oz bo’lsa-da, yangi so’z aytish uslubida ishlardilar va shunday bo’lishni shogirdlaridan ham talab qilardilar. Chunki ustozning o’zlari Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyatiga, XVII-XVIII asr o’zbek adabiyoti tarixiga doir yangi so’z aytib, adabiyotshunoslikni boyitib, katta hurmat va obro’ga, shuhratga sazovor bo’lgan edilar. Bunga esa doimiy izlanish va tinmay mehnat qilish tufayli erishilgan edi. Domlaning bu fazilatlari shogirdlariga hamisha namuna bo’lib xizmat qilardi. Ustoz har bir so’zni asosli va tekshirilgan bo’lishini istardilar va shogirdlariga shuni o’rgatardilar».

ADABIYOTLAR:

Hayitmetov A. Tilga olingan manba, 124-bet.

Haqqulov I.Alloma G’G’ Abdullaev V. Tanlangan asarlar. 2-jild. – T.: Fan, 2002. 131-bet.

Valixo’jaev B. Alloma, murabbiy, ustozni eslab…G’G’ Abdullaev V. Tanlangan asarlar. 2-jild. – T.: Fan, 2002. 112-bet.

KO`P O`QILGANLAR