Kuni kecha Urganch tumanidagi "Tandirchi" mahallasida shu yo‘nalishidagi temir yo‘l qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandi-ki, 2017-yilning 10-fevral kuni viloyat tarixida unutilmas sana bo‘lib qoladi. Chunki ushbu temir yo‘l voha taraqqiyoti uchun ulkan ahamiyat kasb etadigan, muhim ob’ektlardan biri bo‘lib qoladi.
Xorazmga ilk bor temir yo‘l 1952 yilda kelgan edi. O‘shanda beri o‘tgan 60 yildan ortiqroq vaqt davomida u viloyatimizning ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishini ta’minlab kelgan muhim omillardan biri bo‘lib keldi.
Yarim asrdan ko‘p vaqt davomida Xorazm temir yo‘li o‘z faoliyatini takomillashtirib bordi. Yangi – yangi yo‘nalishlar, xizmat turlarini joriy qildi.
Ayniqsa, mustaqillik yillari "O‘zbekiston temir yo‘llari", xususan viloyatmizning shu sohasi uchun ham jadal taraqqiyot davri bo‘ldi.
2004-yilda Amudaryo ustiga temir yo‘l ko‘prigining qurilishi yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qildi. Avval Urganch - Toshkent yo‘nalishida yo‘lga chiqqan yo‘lovchilar manzillariga 23 soatda etib borgan bo‘lsalar, endi ular buning uchun 18 soat vaqt sarflaydigan bo‘lishdi.
Urganch shahrining Bosh rejasini amalga oshirish va turizmni rivojlantirish dasturlari asosida 2012-yilda qayta tamirlangan Urganch temir vokzali viloyat markazining ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shiladigan ob’ektlardan biri bo‘ldi.
Bugun "Navoiy-Kanimex-Miskin" temir yo‘lining qurilishi jadal davom etmoqda. Umumiy uzunligi 400 kilometrga teng bo‘lgan yo‘l qurilishi yakuniga etgach Urganch – Toshkent yoki Toshkent Urganch yo‘nalishida yo‘lga chiqqan yo‘lovchi o‘z manziliga 5 soatda etib boradigan bo‘ladi.
Boshlanayotgan "Urganch-Xiva" temir yo‘li viloyatda transport-kommunikatsiya tizimini yanada takomillashtirish yo‘lida boshlangan tadbirlarning uzviy davomidir. Bu yo‘l vohamizning yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini oshiradi. Eng asosiysi, Xorazm, Xivaga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobar ko‘paytiradi. Agar xalqimizning "Mehmon kirgan uyga baraka keladi", degan ibratli gapini eslasak ushbu yo‘l viloyatimizga ko‘plab mehmonlarga qo‘shib nasiba, baraka keltiradi.
Shuhrat Matkarimov, Viloyat hokimligining matbuot kotibi
xorazm.uz