Jaloliddin Manguberdi haqida ayni paytga qadar nafaqat yurtimizda, balki boshqa mamlakatlarda ham juda ko’p tarixiy va badiiy asarlar yaratilgan. Mashhur rus adibi Vasiliy Yan ham o’zining bir qator roman va qissalarida Jaloliddinning qahramonliklarini tarannum etgan. U buyuk sarkarda haqida “Mardlik qanotida” nomli qissasidan tashqari “Jaloliddin” nomli roman yoza boshlagan, ammo adibning o’limi sababli bu roman tugallanmay qolgan.
Yaqinda mazkur adibning ijodini tadqiq etgan turkman olimi, marhum Kakaboy Qurbonmurodovning shaxsiy arxividan V.Yan ijodiga tegishli bo’lgan bir asar topildi. Bu haqda Darakchi.uz nashriga turkmanistonlik yozuvchi va olim Oraz Yag’mur xabar bergan. Asarda Jaloliddin Manguberdining Hind daryosi bo’yida mo’g’ullarga qarshi olib borgan jangi tasvirlangan. 60x90 sm hajmdagi ushbu tasviriy san’at asari 1944 yilda akvarelda chizilgan bo’lib, V.Yanning o’g’li M.Yanchevskiy o’tgan asrning 90-yillarida suratni K.Qurbonmurodovga hadya qilgan.
Eslatib o’tamiz, Vasiliy Yanning “Chingizxon”, “Botu”, “So’nggi dengizgacha” romanlaridan tarkib topgan trilogiyasi o’zbek o’quvchilariga ham yaxshi tanish.
Tarixdan ma’lumki, Jaloliddin Manguberdi (1199-1231) Xorazmshohlar sulolasining zabardast vakili bo’lib, mo’g’ul bosqinchilariga qarshi kurashda katta qahramonliklar ko’rsatgan. Xususan, 1221 yil 9 dekabrda Hind daryosi bo’yida bo’lib o’tgan jang buyuk sarkarda hayotida katta o’rin tutadi. Ushbu jangda u Chingizxon boshchiligidagi mo’g’ul qo’shinlariga munosib qarshilik ko’rsatadi. Ammo, kuchlar teng emasdi. O’z ahli ayolini dushman qo’liga tushib, xo’rlanishini istamagan sarkarda butun haramni suvga cho’ktirishni buyurib, o’zi qolgan askarlari bilan daryoning narigi sohiliga o’tib ketadi.
Mamlakatimizda Jaloliddin Manguberdi siymosiga juda katta ehtirom bilan yondoshiladi. 1999 yilda sarkardaning 800 yilligi yurtimizda keng miqyosda nishonlangan. Xuddi shu yili Urganch shahrida buyuk bobokalonimizga yodgorlik o’rnatilgan. 2000 yilda Jaloliddin Manguberdi ordeni ta’sis etilgan.