Mahmud Ibn Muhammad Ibn Umar al- Chag’miniy
Mahmud al-Chag’miniy Xorzmda Anushteginiylar sulolasi hukmronligi davrida ijod qilgan ulug’ siymolarning peshqadamlaridan biri bo’lib, uning ilmiy dunyoqarashi juda yuksak va sermazmun, o’z zamonasida ham uning ilmi yuksak baholangan, o’zining nodir asarlarini bizga meros qilib qoldirgan. Ammo buyuk olimning ilmiy merosi hozirgacha o’rganilgan emas.

Mahmud al-Chag’miniy haqidagi dastlabki ma’lumotlar nemis olimlaridan V.Rudolf (1816-1893), G.Zuter (1848-1922) va A.Xoxgeym (1840-1898), rus sharqshunosi B.I.Belyaev asarlarida uchraydi. O’zbek olimlaridan akademik T.N.Qori Niyoziy o’zining “Ulug’bekning astronomiya maktabi” va boshqa asarlarida Chag’miniy haqida qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Urganch Davlat pedagogika oliygohining dotsenti, marhum Xalil Siddiqov ham o’z hayotining eng yaxshi onlarini al-Xorazmiy, Beruniy, al-Chag’miniy va boshqa astronom, tibbiyot, matematik olimlarni ilmiy merosini o’rganishga baxshida qilgan edi. Bu haqda u ko’plab ilmiy asarlar yozib qoldirdi. Murakkab sharoitga qaramay, olimning astronomiyaga oid bir necha qo’lyozma asarlarini axtarib topishga muyassar bo’ldi. Tadqiqotchi olim shu qo’lyozmalarni sinchkovlik bilan o’rganib o’zining “Chag’miniy va uning o’tmishdoshlari” nomli dastlabki asarini (1976 y) yozadi. Qadimgi manbalarda eldoshimiz Mahmud al-Chag’miniyning astronomiya, matematika, geometriya, tabobat va boshqa ilmlar sohasida o’z davrida etuk olim bo’lganligidan guvohlik beradi.

Mahmud al-Chag’miniy poytaxt Gurganch shahri yaqinidagi Chag’min deb yuritilgan kentda tug’ilgan, u boshlang’ich ta’limni o’zi tug’ilgan kentda olib, keyinchalik Gurganch madrasalarida o’qishni davom qildirgan. U Gurganchda eng mashhur olimlar rahbarligida tarbiya topib, astronomiya, matematika, geometriya, geografiya fanlaridan chuqur bilim olib, yana ilm olish uchun Samarqand madrasalarida o’qigan. Olim keyinchalik Xorazmshohlarning saroyida ilm bilan shug’illangan. U yoshligidan arab, fors va yunon tillarini mukammal o’rganib Ptolemey, Platon, al-Xorazmiy, Farobiy, Abu Nasr Iroq, Beruniy asarlarini juda yaxshi o’zlashtirib olib o’zi ham bir qancha asarlar yozib fan olamida o’ziga haykal o’rnatgan olimdir.

Al-Chag’miniy aniq fanlar sohasida ko’pgina asarlar yozib qoldirgan, shulardan “al-Mulaxxas fi hay’at ul basita”, “Astronomiya haqida qisqacha risola”, “To’qqizliklar arifmetikasi”, “Meros taqsim qilishdagi usullarga sharh” kabi va tabobatga doir “Qonuncha” asarlari bizgacha etib kelgan. Chag’miniy o’zining ana shu asarlarida antik yunon va rum hamda Markaziy Osiyolik olimlarning aniq fanlarga doir g’oyalarini o’z mulohazalari va kashfiyotlari bilan boyitgan. Aniq fanlar sohasida Chag’miniy e’tiborini ko’proq astronomiya fani jalb etadi. Olim astronomiyaga yoshligidan qiziqqan va o’zining “al-Mulaxxas fi hay’at ul basita” nomli asarini yozgan. Olim uzoq yillar davomida Quyosh, Oy va boshqa osmon yoritqichlari ustida mustaqil kuzatishlar olib borgan, bu kuzatishlar Gurganch rasadxonasida o’sha vaqtdagi matematika sohasida erishilgan o’lchash natijalari va usullaridan ustalik bilan foydalanilgan holda olib borilgan. Chag’miniy o’zining yuqoridagi asarini kelgusi avlodga astranomiyadan qo’llanma sifatida tayyorlaydi va u sharqda keng tarqalib aloxida e’tiborga sazovar bo’ladi. Asarning kirish qismida olim: -“Men osmon jismlari va ular orasidagi munosabatlar, harakatlar to’g’risida fikr qildimki, bularning hammasini kishi aqli bilan fikrlashi, tushunishi osondur. Men osmon jismlari bilan shug’ullanuvchi kishilar kam bo’lgani uchun, bu haqdaki fikrlarimni o’zimdan keyingilarga yodgorlik uchun qoldiraman. Bu kitobimni astronomiya ilmi bilan shug’ullanuvchi, ilmli, dono odamlarga atab yozdim”, - deb izoh beradi.

Al-Chag’miniy o’z davrida tabobat ilmi bilan ham chuqur shug’ullangan allomalardan biri bo’lib, uning bizgacha tabobat ilmiga oid “Qonuncha” nomli asari etib kelgan. Olimning bu asari sharqning mashhur tabobat allomalaridan Abu Bakr al-Roziy, Abu Ali ibn Sino va Ismoil Jurjoniy asarlarini chuqur tahlil qilish hamda o’z tajribalarini ilmiy mujassamlashtirish asosida yaratildi. Uning ushbu asarida odam anatomiyasi va fizologiyasi haqida, diagnostika, terapiya, jarrohlik, dorishunoslik hamda kasallikni oldini olishning ko’p choralari haqidagi dolzarb masalalar xususida so’z yuritiladi. Asarda inson salomatligini ta’minlashda ko’pgina tadbirlar, ayniqsa jismoniy tarbiya, sog’lom ekologik muhit, musaffo havo va toza ichimlik suvi hamda sayohatlar eng muhim omillardan, deb ko’rsatilgan. Shuning uchun ham olimning “Qonuncha” risolasi tajribali tibbiyot olimlari e’tiborini o’ziga jalb qildi. Jahon tabobat xodimlari olimning ushbu asariga juda yuqori baho berganlar. Hindistonlik mashhur tibbiyot olimi Joni Muhammad Akbar Arzoniy o’zining “Yurak quvonchi” (1780) asarida Chag’miniyning ushbu risolasi haqida tubandagi iliq fikrlarni yozib qoldirgan:-“ Men tibbiyotga doir juda ko’p kitoblarni o’qib chiqqanman. Shular ichida al-Chag’miniyning “Qonuncha” asari menda alohida qiziqish uyg’otdi. Do’stlarim mendan ushbu risolaga sharh yozishni iltimos qildilar. Men ularning iltimosini foydadan holi bo’lmasa kerak, degan umidda bajo keltirdim. “Qonuncha”ga yozgan sharhimni “Mufarrix al-qulib” (“Qalblarni xursand qiluvchi”) nomi bilan tayyorladim”, - deb qayd qiladi. Ushbu sharhning fors tilida ko’chirilgan va Husayn ibn Muhammad Abu Ali as-Astrobodiyning arab tilida “Qonunchaga sharh” asarining ko’chirilgan bittadan nusxalari bizgacha etib kelgan.

Qomusiy olim Mahmud al-Chag’miniy boy ilmiy asarlari bilan jahon fani rivojiga o’zining munosib hissasini qo’shib, kelgusi avlodlarga boy ilmiy xazinani meros qilib qoldirdi.

© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.

KO`P O`QILGANLAR