Mahmud az-Zamahshariy
Uning to’liq ismi Abul Qosim ibn Umar az-Zamahshariy 19 mart 1075 yili Xorazmning Izmiqshir qishlog’ida tug’ilgan, bolaligida varrak uchrayotganida tomdan yiqilib oyog’ini sindirgan va bir umirga nogiron (bir oyog’i singan edi) bo’lib qolgan.

Zamahshariyning otasi Umar ibn Ahmad masjidda imomlik qilgan, onasi taqvodor va dindor ayollardan bo’lgan. Uning arab grammatikasiga bag’ishlangan “Al Mufassal” kitobi o’zining darajasiga ko’ra arab olimi Sibavvaxning kitobidan keyin turadi. Hayotligidayoq uni “Butun olimlarning ustodi”, “Butun arablar va ajamning (arab bo’lmaganlar) ustodi”, “Jorulloh-Ollohning qo’shnisi”, “Xorazmning sharafi” va boshqa laqablar bilan ulug’lashgan.

Boshlang’ich ta’limni o’z qishlog’ida olgan Mahmud keyinchalik Gurganch va Buxoro madrasalarida tahsilni davom qildirgan. Madrasani tugatganidan so’ng mustaqil mutolaa bilan shug’ullandi. U o’qishi davomida Abumuzar ibn Jarir Zabbiyo Isfaxoniy, Nosir Hosiriy, Abusa’d Zakoniy, Abulxattob ibn Abulbatir singari o’z zamonasining mashhur olimlari bilan yaqin muloqotda bo’ldi va ulardan ta’lim oldi.

Mahmud hattotlikni puxta o’zlashtirib olib odamlarga kitoblar ko’chirib berib tirikchilik qilgan. Ilmga tashnaligidan bir joyda o’tirmas edi, doimo izlanishda bo’lgan. U o’zining nogironligiga qaramay ilm izlab Isfaxon, Xuroson, Bog’dod, Hijozda, ikki marta Makkada safarda bo’lgan. Bir necha yil Iroq va Arabiston yarim orolida yashab, yirik tilshunos olim sifatida “Asos ul-balog’a” (“Chechanlik poydevori”), “Alfoiq fi g’aribil-hadis”), (“Hadisdagi notanish so’zlarni o’zlashtiruvchi”) kabi ajoyib asarlar yaratib arab tilshunoslik fanining rivojiga munosib hissa qo’shdi. Zamahshariy o’zining “Al-jilob valamkina valmiey” yoki “Kitobu asmo il-adviya val-jibol”, (“Tog’, manzil va suvlar” yoki “Dori-darmon va tog’larni ismlari kitobi”) kabi toponomik asarlarini yaratdi. Uning “Muqaddamat ul-arab”, (“Adabiyot muqaddimasi”), “Al-mustaqso fi amsol il arab”, (“Arab maqolalarini nihoyasiga etkazuvchi”), “Navobig ul-kalim”, (“Hikmatli so’zlar”, “Maqomat az Zamahshariy” (“Zamahshariy maqomlari”), “Atvoq uz-zaxab fil ma’vo’iz val-xutab” (“O’git va nasihatlarning oltin munchoqlari”) asari bilan adabiyotshunoslik fanini rivojlantirdi. Ayniqsa, uning keyingi asari badiiy nasrning yuksak namunalari hisoblanadi. Zamahshariyning arabcha devoni ham bo’lib, lirik, falsafiy she’rlar qasida, faxriya, marsiya va nazmiy maktublardan iborat.

Zamahshariy zamondoshi Abusamad Muhammad Sa’oniy (1179-1229), arab tarixchisi Yoqut Xamaviy (1179-1229), misrlik Jaloladdin Kiftiy (1167-1248)lar uning tengi yo’q olim va o’z zamon adiblarning imomi (peshvosi) bo’lganligini ta’kidlaydilar. Zamahshariy Xorazmshoh Otsizga bag’ishlab qasidalar yozgan.

Zamahshariy umri davomida arab tili, adabiyot, tarix, geografiya, falsafa va boshqa fanlarga doir 80 dan ortiq asarlar yozib qoldirgan bo’lsa-da, bizgacha faqat 50 tasi etib kelgan. Zamahshariyning “Devon ur-rasoil” (“Risolalar to’plami”), “Devonu xutab” (“Xutbalar to’plami”), “Devon ut-tamsil” (“Matal va maqollar to’plami”), “Devonu tasliyat iz-Zarip”, “Devonu risolat il-asror”, “Devonu risolat in-nosixa”, “Devonu savoir il-amsol”, “Devonu risolat il - mas’ala” va boshqa asarlarining nomlarinigina bilamiz. Uning bizgacha etib kelgan badiiy asarlaridan biri “Devon az-Zamahshariy” bo’lib ushbu devonning nodir qo’lyozma nusxasi Misr kutubxonasida saqlanadi. Zamahshariyning Qur’oni Karim tafsiriga oid “Al-Kashshof” asari musulmon olamida ayniqsa mashhurdir. Qohiradagi dunyoga dong’i ketgan “Al-Azhar” diniy universitetida talabalar Qur’onni “Al-Kashshof” asari orqali o’rganadilar. Musulmon dunyosi ulamolari Zamahshariyning “Al-Kashshof” asarini “Qur’onni ochqichi” deb ta’riflashadi va agarda ushbu asar bo’lmaganida Quronning juda ko’p sirlari ochilmagan bo’lardi deb ta’riflashadi.

Zamahshariy o’zining ilmiy asarlari, badiiy ijodi bilan olim va shoir sifatida butun islom dunyosida shuhrat qozondi.

Buyuk bobomiz Alisher Navoiy “Sab’ai sayyor” (“Etti sayyoh”) dostonining ustozi Abdurahmon Jomiy ta’rifiga bag’ishlangan bobida Zamahshariyni eslab o’tadi:

Arabiyatda dars aning virdi.
Ibni Hojib kamina shogirdi.
Ibni Hojib demayki, Jorulloh,
Oncha tafsir ishinda yo’q ogoh.

Arabchadan dars berish uning doimiy ishi, ibni Hojib uning kamtarin shogirdi, ibni Hojibgina emas, hatto Jorulloh ham arab grammatikasida unga tenglasha olmaydi,-degan.

Olim oila tashvishlari ijodga halaqit beradi, deb dunyodan toq o’tgan, ammo ko’plab shogirdlari va asarlarini o’z farzandlaridek bilgan. Zamahshariy 1144 yilda 69 yoshida Xorazmda vafot qildi. 1333 yilda Xorazmni ziyorat qilgan arab sayyohi Ibn Batuta (1304-1377) Zamahshariyning maqbarasini Ko’hna Urganch yaqinida ko’rganini va uning ustiga qubba o’rnatilganini yozib qoldirgan.

Zamahshariy ijodini o’rganishda hamda o’zbek tiliga tarjima qilishda professor A. Rustamov hamda sharqshunos U.Uvatovlarning xizmatlari kattadir.

Zamahshariy hikmatlaridan

Senga eng yaxshi maslahat mutakabbirlik bilan yuzingni teskari burma va shon-shuhrating bilan faxrlanma.

Quyosh nuri berkitilmaydi, haqiqat sha’mi so’nmaydi.
Vijdonli kishi xavfdan holi yashasa, xiyonat qiluvchi kishi behalovat yashaydi.
Agar ayol kishi qalbing unga bog’liqligini sezsa, burningni erga ishqaydi.

© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti,
2009.

KO`P O`QILGANLAR