Abu Rayhon Beruniy 973 yil 4 sentyabrda qadimgi Xorazmning Kot shahrida (hozirgi Beruniy shahri) tug’ilgan. U o’z ijodi bilan Xorazm fanini yuksak cho’qqiga olib chikdi. Uning siymosida o’rta asrlar Sharqining qomus ul-ilimi, astronomi, geografi, ma’danshunosi, etnografi, tarixchisi, shoiri mujassamlashgan. Beruniy qalamidan fanning turli sohalariga oid juda ko’p yirik asarlar chiqqan bo’lib, bu asarlarida uning ana shu sohalarni nihoyatda yaxshi bilgan tadqiqotchi, fanda yangidan yangi yo’llar ochgan donishmand bo’lganligini ko’rishimiz mumkin. Beruniy yoshligidan ilmga tashna bo’lgan bu haqda “Men bolalik chog’imdanoq – deb yozgan edi Beruniy – o’z yoshim va sharoitimga qarab, imkoni boricha ko’proq bilim olishga intildim. Buning dalili sifatida quyidagini keltirish kifoya: - biz turadigan joyga bir yunon ko’chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug’lar, mevalar va hakozalarni olib borib, unga ko’rsatib va bu narsalar uning tilida qanday atalishini so’rab, nomini yozib qo’yar edim”.
Beruniyshunos olim P.G.Bulgakovning ma’lumotiga qaraganda, Beruniy Abu Nasr Iroq rahbarligida yoshligidan riyoziyot va falakiyotni o’rganib, 16-17 yoshlaridayoq Quyoshning choshgohdagi balandligini armila bilan o’lchagan. Oradan 30 yil o’tgach, Beruniy yoshligida o’zi o’lchab olgan natijalarni tahlil qilar ekan, ular anchagina ishonchli bo’lganligini ta’kidlaydi. Yoshlik yillarida u quyosh tutilishini kuzatish bilan shug’ullanadi. 22 yoshida Beruniy Markaziy Osiyoda birinchi bor er globusini yaratdi. O’zidan oldingi ajdodlar qoldirib ketgan ko’plab kitoblarni o’rganadi va bizgacha etib kelgan, turli xalqlarning yil hisoblari haqidagi ilk yirik asari – “Osorul boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”)ni yaratadi. Unda yunonlar, rimliklar, forslar, sug’diylar, xorzamiylar va boshqa ko’plab qabila va xalqlarning barcha davrlari, bayram hamda taqvimlari, shuningdek Sharqning turli mamlakatlarining madaniyat va adabiyot tarixi to’la bayon etilgan. Bu asarda Beruniy o’zini faqat elshunos olim emas, balki tilshunos, arab, yunon, fors, suryoniy va boshqa til hamda adabiyotlarning bilimdoni sifatida namoyon etdi.
998 yilda Jurjon hokimi Qobus ibn Vushmagir uni o’z shahriga taklif qiladi va Beruniyga oliy lavozim, ya’ni vazirlikni taklif qiladi. Ammo ilmga tashna Beruniy bu taklifni rad qiladi va ilm bilan shug’ullanadi. Bundan tashqari u Jurjoniyadaligida o’zining “Osorul boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini yaratdi.
1004 yilda u Xorazmshoh Ma’mun II ning taklifiga binoan Gurganchga qaytib keladi va Gurganchda shoh nomidagi “Ma’mun akademiyasi”ni barpo etadi.
Bu akademiyada Abu Ali ibn Sino, Miskavayx, faylasuf Abu Sahl Masihiy, matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq, tarjimon va hakim Abul Xayr ibn Xammor, adib va shoir Abu Mansur as- Saolabiy, Zayniddin Jurjoniy va boshqa o’nlab olimlar ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qo’shdilar va ajoyib asarlar yaratdilar. Ma’mun davrida Xorazm iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan mislsiz darajada taraqqiy etdi, dunyoning eng nufuzli savdo markaziga aylandi. Xorazm ustidan o’tib, g’arb bilan sharqni bog’lab turgan yo’l orqali savdo karvonlari bu o’lkadan dunyoning turli burchaklariga dehqonchilik, hunarmandchilik mahsulotlaridan tortib, harbiy asbob-anjomlargacha olib ketishardi. Bu erda turli kemasozlik korxonalari ham ishlab turganligi ma’lum. Bunday ko’lamdagi xo’jalikni boshqarish va katta savdo-sotiqni yo’lga qo’yish uchun ilm-fan matematika. geometriya, astronomiya, jug’rofiya, botanika, ximiya fanlarining taraqqiyoti zarur edi. Shu zaruriyat tufayli ilm va ijod ahli tashkiliy jihatdan birlashib, faoliyat ko’rsatganlar. Barcha qadimiy ilmiy manbalarda bu jamoa “Dorul hikma” (“Donishmandlar uyi”) deb atalganki, bu “akademiya” mazmuniga to’g’ri keladi. Keyingi asrlardagi manbalarda bevosita “akademiya” so’zi qo’llanilayotganligi ham buni to’liq isbotlaydi.
Ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot tarixini tahlil qilar ekanmiz, ushbu sohalardagi meroslar yuzaga kelgan muhit, siyosiy-iqtisodiy sharoitlarga to’xtalib o’tmaslik aslo mumkin emas. Ma’mun akademiyasi allomalari merosini o’rganish, ulardan ta’lim amaliyotida samarali foydalanish uchun ham o’sha davrdagi Xorazm davlati tarixiga nazar solish, u erda bo’lgan voqealarni tahlil qilish zaruriyati paydo bo’ladi.
Vaholanki, o’tmishni anglash kishi kamolotini ta’minlovchi eng asosiy omildir. Prezidentimiz aytganlaridek, “Inson o’zligini anglagani, nasl-nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat ham shu qadar cheksiz bo’ladi”.
Markaziy Osiyo xalqlari buyuk tarixga ega. 992 yil shimoliy va janubiy Xorazm hukmdorlari o’rtasida boshlangan urush natijasida shimoliy Xorazm hukmdori Ma’mun ibn Muhammad g’alaba qozonadi va 995 yilda Xorazmshoh unvonini qabul qilib, Gurganchni poytaxt deb e’lon qildi. Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Gurganch butun Markaziy Osiyoda yirik iqtisodiy, siyosiy markazlardan biriga aylanadi. Xuroson, Movorounnahr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar karvonlari shaharda to’xtab, Ustyurt orqali Volga bo’yiga chiqib, Qora dengiz atrofiga, Evropa tomon yo’l olardilar. Ustyurtdagi o’sha davrda serqatnov bo’lgan karvon yo’llarining qoldiqlariga ko’ra, ular Xorazmdan chiqib, ikki tomonga ketgan: biri Uchquduk, Buloq, Qo’shbuloq, Beleuli orqali shimoliy-g’arbga, ikkinchisi Mang’ishloq tarafga yo’nalgan. Bu yo’llar bo’ylab toshdan tiklangan istehkomlar va karvonsaroylar joylashgan. Shuningdek, bu hududda Alan qal’a, Shemaxa qal’a, Devkesgan qal’a shaharlarini xaroba qoldiqlari topilgan.
Ma’mun ibn Muhammad (995-999), Ali ibn Ma’mun (999-1009)lar davlat mustaqilligini yanada mustahkamlab, uning harbiy qudratini oshirdilar. Endi qo’shni mamlakatlardan Xurosonda yaqinda tashkil topgan G’azna podsholigi, arab xalifaligi, Kiev Rusi ham uni tan olar edi. Xorazm boshqa davlatlar siyosatida ham faol ishtirok etadigan bo’ldi. Hatto Kiev hukmdori Vladimir ham islom diniga o’tish istagini bildirib Xorazmga o’z vakillarini yuborganligi haqida ma’lumotlar bor.
Beruniyning ustozi Abu Nasr ibn Iroq o’z davrining o’ta bilimdon olimi edi. U tirikligidayoq “o’z davrining Ptolemeyi” degan laqab olgandi. Undan tashqari Abu Nasr Beruniyni o’z xonadonida tarbiyalab voyaga etkazgan. Ana shu ikki buyuk siymo tufayli Gurganch saroyida ilm ahli uchun ideal sharoit yaratiladi. Bu ikki shaxs yaqin va o’rta sharqdagi ko’plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada edilar. Ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan 1004 yildan boshlab Nishopur, Balx va Buxorodan va hatto arab Iroqidan ham olimlar Gurganchga kela boshladilar. Shu tariqa Gurganchda “Dorul hikma” nomini olgan ilmiy muassasa to’la shakllanadi. Bu ilmiy muassasada xuddi Bag’doddagi “Baytul hikma”dagi kabi ilmning barcha sohalarida tadqikot va izlanishlar olib boriladi. Beruniy keltirgan ma’lumotlarga ko’ra, bu erda suryon va yunon tillaridan ba’zi tarjimalar ham bajarilgan. Ali ibn Ma’mun vafotidan keyin (1009) uning ukasi Abul Abbos Ma’mun ibn Ma’mun Xorazmshohlar taxtini egallaydi.
U Beruniyni saroyga taklif qiladi va o’ziga eng yaqin maslahatchi qilib oladi. Buning oqibatida Ma’mun akademiyasi faoliyati uchun yanada kattaroq imkoniyatlar ochiladi.
Qirqdan oshiq olimlar ishlab faoliyat ko’rsatgan ilmiy markazda o’z davrining etuk insonlari matematika, astronomiya, ruhiyat, ximiya, mantiq, tibbiyot, falsafa, tarix, tilshunoslik, ta’lim-tarbiya, adabiyot, musiqa, geografiya, geodeziya, topografiya, mexanika singari turli fan sohalari bilan shug’ullanib, ularning kelajakda jahon miqyosidagi rivojiga zamin yaratganlar.
Birok bu akademiyaning umri qisqa bo’ldi, 1017 yilda Xorazm yirik istilochi Sulton Mahmud G’aznaviy qo’l ostiga o’tdi. Hazorasp shahri yaqinidagi jangda Xorazm qo’shini g’alabaga erishayotgan bir paytda turklar yordamida va Hindistondan etib kelgan fillar qo’shini yordamida Sulton Mahmud Xorazm qo’shinini yanchib tashladi. Xorazm qo’shini lashkarboshilari fillar oyog’i ostida toptaldi, poytaxt Gurganch talandi, Xorazmshohni qat’iy talabi va ko’magi ila Gurganchdan yunon, yahudiy, arab va boshqa xalqlar vakillaridan iborat kichik ilmiy karvon Abu Ali ibn Sino boshchiligida chiqib ketdilar. Sulton Mahmud shaharda qolgan olimlarni ba’zilarini dahriylikda ayblab qatl qildirdi, qolgan mashhur olimlarni o’z mamlakatining poytaxti G’azna shahriga olib ketdi va bu erda Beruniy “Hindiston tarixi” asarini hamda 1025 yilda “Geodeziya”, 1030-1041 yillar oralig’ida “Al-Qonun al-Mas’udiy”, 1041-1048 yillarda “Mineralogiya” hamda “Kitob as-saydana fi-t-tibb” asrlarini yaratdi. Olimning fan taraqqiyotiga qo’shgan hissasi juda ulkan bo’lib, u 152-ta risola yaratgan, shundan 30 tasi bizgacha etib kelgan.
Yuqorida aytib o’tganimizdek Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin Hindistonda bo’lib, uning tarixi, madaniyatini o’rganish uchun qadimgi hind yozuvi – sanskritni o’rganib, o’zining mashhur “Hindiston” asarini yozgan. “Hindiston” hajmi jihatdan juda katta asar bo’lib, unda hind adabiyoti, falsafasi, aniq fanlar, geografiya, elshunoslik, qonun va urf-odatlar, din, tarixiy-diniy rivoyatlar, hind yozuvining turlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Bu asar to’g’risida yirik hind davlat arbobi Javoharlal Neru jumladan shunday degan: - “Beruniy yunon falsafasini o’rganib, hind falsafasini mutolaa qilmoq uchun sanskrit tilini o’rgana boshladi. Beruniy hind va yunon falsafasini bir-biriga solishtirib, bularda mavjud bo’lgan umumiylikni ko’rib hayratda qoldi. Beruniyning kitobi faktik materialni qamrab olish bilan birga, u urush, talon-taroj, ommaviy qirg’inlar bo’lishiga qaramay, fan ahllari o’z ishlarini davom ettirganliklarini ko’rsatib beradi. Ikki orani nafrat va xudbinlik kayfiyatlari buzib turgan paytlarda ham Beruniy begona odam bo’laturib, bu o’lka kishilari ahvolini tushuntirishga harakat qiladi.
Rus olimi V.V.Bartold buyuk vatandoshimiz haqida “Beruniy shunday serqirra olimki, o’z davrida mavjud bo’lgan ilm sohalaridan shug’ullanmagani uning shug’ullanganidan kamdir. Uning yozgan asarlari shunchalik ko’p va serqirraki bunga bir odamning umri kifoya qilganiga kishi hayron qoladi”. Yana bir buyuk rus sharqshunos olimi, akademik S.P.Tolstov ilmiy anjumanlarning birida Evropa olimlaridan biri “Beruniy XI asr Leonardo do Vinchisi” degan ta’rifiga javoban “Leanardo do Vinchi XV asr Beruniysidir” deb vatandoshimizga ta’rif bergan edi.
Beruniy ilmiy asarlari o’z ahamiyatini yo’qotmasdan avlodlar qo’lida qadrlidir. “O’tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Meneralogiya”, “Saydana” va “Geodeziya” kabi yirik asarlari shular jumlasidandir. Beruniy ilm-fanning hamma sohalarini yaxshi bilgan qomusiy olim bo’lib, u o’zining asarlari bilan falsafa, astronomiya, geodeziya, geografiya, tarix fanlariga katta hissa qo’shgan.
Abu Rayhon Beruniyning Ibn Sino bilan yozishmalari ham uning Gurganchda turgan davrida bo’lgan. Ularning savol-javoblaridan va Abu Rayhon Beruniyning Ibn Sinoga yozgan e’tirozlaridan bizgacha faqat 18 tasi etib kelgan. Bu yozishmalar uning tabiat falsafasi va fizika masalalari bilan ham qiziqqanini ko’rsatadi. Bu savol-javoblarda ikki mashhur olim fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borganlar.
Abu Nasr ibn Iroq Beruniyga ustozlik qilgan buyuk matematik, astronom. U haqda atoqli matematik, shoir va astronom Umar Xayyom “matematika bilan shug’ullanganlar ichida eng ulug’i”, - degan edi. Ibn Iroqning “Podsho al-Magesti”, “Isloh kitob Manalaus”, “Geometriyadan savollarga javob” va boshqa asarlari ma’lum. Ibn Iroqning tarjimai holiga oid ma’lumotlar juda kam uchraydi. U haqdagi ma’lumotlar asosan uning shogirdi Beruniy asarlarida saqlangan.
Buyuk bobokalonimiz 1048 yilda G’azna shahrida vafot qilgan. Buyuk olimni nomini abadiylashtirib yurtimizda ko’pgina ilmiy markazlar, ko’chalar, shahar, qishloqlar faxr ila olim nomi bilan ataladi.
© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.