Xorazmda tsivilizatsiyaning vujudga kelishi
Qadimgi yozma va arxelogik manbalarni o’rganish natijasi shuni ko’rsatadiki, qadimgi xorazmliklar ilm-fan sohasida o’z davri uchun ilg’or bo’lgan yutuqlarga erishganlar va hayotga tadbiq qila olganlar.

Ma’lum bo’lishicha, qadimgi ajdodlarimiz hali qat’iy yozuv tizimini yaratmasdan turib, o’z astronomik kuzatishlarini tosh va suyaklarga yozishdan tashqari, samoviy jismlarni kuzatish uchun maxsus inshootlar ham qurganlar. Ajdodlarimiz astronomiya va matematikadan yaxshi xabardor bo’lib, burchak o’lchovi uskunalarini yaratganlar va ulardan foydalanganlar. Osmon jismlarini o’rganish, tabiat hodisalarini kuzatishga ixtisoslashgan falakiyot fani ko’hna Xorazmda taraqqiy qilib, shu davrda qurilgan inshootlar bizni kunlarimizgacha etib kelgan. Ana shu inshootlardan biri ko’hna Xorazmning madaniy yodgorligi Qo’yqirilgan qal’asidir, er.av IV asrda bunyod etilgan bu qal’a To’rtko’ldan 22 km shimoli sharqda joylashgan bo’lib, minorali istehkom devori xarobalaridan iborat.

Qal’a faqat ibodatxona sifatida emas, balki astronomik kuzatishlar olib borish uchun ham mo’ljallab qurilgani taxmin qilinadi. Jumladan, 6-7 metrli devorlar orasidan ko’kka qarata qiya qurilgan derazalar, binoning birinchi qavatidan turib osmon gumbazining faqat ma’lum yo’nalishidagi yoritkichlarini kuzatish imkonini berishi aniqlandi. Bu qal’a tsilindr shaklidagi burjga o’xshash bino bo’lib, saqlanib qolgan baland joyi tevarak atrofdagi tekislikdan 8 metr baland, dm 42 metr keladigan bu bino tashqaridan to’qqiz burjli aylanma devor (uning tashqi halkasi 86,5 metrga teng) bilan o’rab olingan.

Arxeologik izlanishlar natijasi qadimgi Xorazm tuprog’ining rivojlangan fan ,madaniyat va hunarmandchilik makoni bo’lganligidan dalolat beradi. Qo’yqirilgan qal’ani tadqiq etish natijasida u erda faqat Quyosh emas, balki boshqa samoviy jismlar ham kuzatilgani aniqlandi. Qal’a xarobalaridan sopol parchalari topilgan, bu gardishlar mis halqalar orasiga o’rnatilgan bo’lib yoritgichning meridianda balandlik burchagini o’lchovchi asbob sifatida ishlatilgan bo’lishi kerak. Bu asbob tashqi ko’rinishi, ishlash printsipi jihatidan Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” kitobida ta’riflangan sopol astrolyabiyaga o’xshab ketadi. Bu erda yana arxeologlar tomonidan eramizning uchinchi asrga oid dastlabki taqvimnoma hujjat, ya’ni “xorazmliklarning kalendari” topilgan. Bu topilmalar qadimda xorazmliklarning o’z kalendari bo’lganligidan guvohlik beradi. Demak, Xorazmda qadim zamonlardan beri ilm-fan madaniyat savdo-sotiq, qishloq xo’jaligi juda taraqqiy etgan. Bu fikrning to’g’riligini Xorazm vohasida uzoq yillar davomida olib borilgan arxeologik tekshirishlarning natijalari ham to’la tasdiqlaydi.

Xorazmshunos olim S.P.Tolstovning ta’kidlashicha, o’lkaning eramizdan oldingi IV-III ming yilliklardan to eramizning IV asrgacha o’tgan 4500 yillik tarixi qadimgi Xorazm taraqqiyotini ko’rsatuvchi davri hisoblanadi. Bu davr Xorazm madaniyati tarixida alohida ahamiyatga egadir. Xorazmda yashagan xalqlarning eng qadimgi davrga oid yozma va og’zaki adabiyot na’munalari, tarix kitoblari, Beruniy asarlari orqali etib kelgan. Ayniqsa, antik dunyo tarixchilardan Gerodot, Ktesiy, Esxil, Evripid, Aristotel, Strabon, Yoqut al–Hamaviy kabi mualliflarning asarlarida, ko’hna Xorazmda yashagan xalqlarning afsona, rivoyat va hikoyatlari keltirilgan.

Xorazm moziydan boshlab adabiyoti, san’ati va madaniyati rivoj topgan yurt bo’lib, uning o’z tili va yozuvi bo’lgan. Xorazm yozuvi yangi eradan avvalgi IV-II asrlarda, ya’ni bundan 2200-2400 yil muqaddam paydo bo’lgan. Yozuvning paydo bo’lishi bilan yozma adabiyot vujudga kelgan. Eramizning II asri oxiri va III asri boshlarida Arsamux I va uning xotini zarb qildirgan tangalarda Xorazm yozuvida o’z qallig’ining ismini yozdirgan. Tuproqqal’a xarobalaridan kichkina cho’pxat ham topilgan. Unda qadimgi Xorazm alifbosining belgilari bilan qora tushda yozilgan to’rtta so’zdan iborat yozuv bor edi. Xorazmshunos olimlar “Xorazm” atamasini “Quyosh o’lkasi” deb talqin qiladilar. Xorazmda Islomdan ilgari Zardo’shtiy dinining mahalliy varianti hukmron din hisoblangan. Tarixchi va sayyoh Markvart zardushtiylikning bosh xudosi Ahuramazda tomonidan yaratilgan, dunyoda aholi yashagan dastlabki o’lka- “Arianam-Vayja”ni Xorazmdan izlaydi,bu haqiqatga yaqin. Markvartning afsonasiga ko’ra Xorazm eng shimoliy va sovuq o’lka bo’lib, rivoyatga qaraganda. zardo’shtiylikning asoschisi afsonaviy payg’ambar Zardo’sht sovuq joyda, ya’ni o’sha erda tug’ilgan emish. Markvartning bu fikrini Bartol’d, S.P.Tolstov va boshqa olimlar ham quvvatlaydilar. Bu esa shu dinning muqaddas kitobi “Avesto”ning Vatani ham Xorazm degan xulosani chiqarishga imkon beradi. “Avesto” Sharqiy Eron va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi qadimiy qabilalarning ijtimoiy tuzumi, diniy qarashlari xamda jamiyatda ro’y berayotgan tabaqalanish haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. O’sha davrlarda jamiyat turli tabaqalarga bo’linib, boylar va kambag’allar sinflari paydo bo’laboshlagan. “Avesto” ruhoniylar, jang arobalarida yuruvchi harbiylar, dehqon-chorvadorlar, hunarmandlar, qullar mavjudligi haqida xabar beradi. Jamiyatning sinflarga bo’linishi natijasida dastlabki davlatchilik ham vujudga keladi. “Avesto”da bayon qilingan voqealar asosan, “Arianam Vayja” mamlakatida, ya’ni olimlar tomonidan “Katta Xorazm” deb atalgan davlatda ro’y beradi. Bu davlat Prourata (Parfiya), Mouru (Marv), Gava (Sug’diyona), Xvayrezm (Xorazm)ni o’z ichiga olgan. Bu davlat o’sha vaqtda harbiy demokratiya tamoyillari asosida vujudga kelgan. “Avesto”da podshohlar, oliy tabaqa vakillari, ruhoniylarga va diniy urf-odatlarga ham katta o’rin ajratilgan. Unda qadimiy kishilarning dunyoqarashi ezgu niyatlari alohida o’rin egallagan. “Avesto”da tabiat, uni yovuz kuchlar (devlar)dan muhofaza qilish haqida ham qimmatli fikrlar aytilgan.

“Avesto”da qayd qilinishicha, zardushtiylar tabiatni, er, suv, daraxt, o’simlik, jonivorlarni e’zozlash, erga ishlov berib, sug’orib, undan unumli foydalanish, bog’-rog’lar yaratishi, chorvani rivojlantirishi shart. “Avesto” zardo’shtiylikning muqaddas kitobi bo’lishi bilan birga, ilm–fan, hayotning barcha sohalari bo’yicha mukammal ma’lumot beradigan ulkan, eng ko’hna manba hisoblanadi.

“Avesto” dunyodagi eng qadimiy ajdodlarimiz yaratgan noyob bilimlar xazinasidir. “Avesto” kitobi Zardo’sht orqali vaxiy qilingan Ahuramazda dini xaqidagi xabarlar qadimgi davrdan boshlab to o’rta asrlargacha yozilgan ko’plab tarixiy, ilmiy adabiy manbalarda uchrab keladi.

“Avesto” qadimiy ajdodlarimizning ijtimoiy-falsafiy fikr yodgorligi sifatida o’tmish tariximiz, madaniyat va ma’naviyatimizni o’rganishda muhim manba bo’lib xizmat qiladi. Eng muximi, “Avesto” Sharq yozma adabiyotimizni eng qadimgi manbasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. “Avesto”da qadimgi Turon o’lkasi va Eronning o’ziga xos tarixiy geografiyasi bayon etiladi. Xullas, bu din ezgulik va baxt-saodatga erishish, shu yo’lda halol mehnat qilish, adolat va haqgo’ylik, poklik va kelajagi porloq hayotga erishish g’oyasi yotadi. Bu yo’lda Ahuramazdaga sajda qilish, uning yo’l-yo’riqlari asosida olg’a intilish va hayot qurish tavsiya etiladi.

Shu asosda zardo’shtiylik dini odamlarning odob-ahloq normalarini tizimga soldi. U jamoaning har bir a’zosi taqdiri bilan bog’liq bo’lgan jumboqlarni echishda yordam qildi, kishilarni yomon niyatlardan qaytardi. “Yaxshi niyat, yaxshi fikr, yaxshi amal” inson hayotining mazmunini tashkil etmog’i zarurligi uqtirildi. Ana shu umid umuminsoniy qadriyatlar majmuasi darajasidagi g’oyalar o’sha zamon bobokalonlarimiz mafkurasining asosini tashkil qilardi.

“Xorazm” so’zi dastlab “Avesto”da uchraydi. “Avesto”ning “Mitra yasht” deb ataluvchi 5-bo’lim, 14-qismida Sug’d nomi bilan birga Xorazm ham eslanadi. “O’zining oltin vujudi bilan, go’zal tog’ cho’qqilari qamrab olgan, so’ng oriylar tamoman egallab oladigan Mitraga hamdu sonolar o’qiymiz. Oriylar yurtida xukmdorlarning atrof-tevarakda ajoyib erlari bor. U erlarda oziq-ovqatga mo’l-ko’l ulkan tog’lar mavjud. Chorva mollari uchun suvga serob chashmalar muhayyo, sersuv kanallar, bag’ri keng daryolar Mouru va Xarnayovu-Gou, Sug’d va Kayrizau tomon shitob bilan oqadi”. Xorazm so’zining lug’aviy ma’nosi ko’pgina olimlar diqqat e’tiborini o’ziga tortgan. Nemis sharqshunosi E. Zaxauning fikricha, “Kayrizo” so’zi ikki qismdan iborat bo’lib, “zem”– er, “kayri”– oziq-ovqat ma’nosini bildiradi, ya’ni kayrizam – “oziq-ovqat mamlakati”, “ozuqaga boy yurt” deganidir.

Arablar islom dinini dunyoga yoyish niqobi ostida ko’pgina o’lkalarni istilo qildilar. Buning oqibatida Markaziy Osiyo, jumladan, Xorazm xalqi majburan Islom dinini qabul qildi. Islom dini mahalliy xalq ommasini itoatda saqlashda arablar uchun qurol bo’ldi. Arab istilosidan so’ng Xorazmda arab, fors alifbosidan foydalana boshlangan. Xorazm yon atrofdagi turkiy qabilalar bilan yaqindan iqtisodiy va madaniy aloqalar o’rnatgandan keyin Eron tillar guruhiga kiruvchi Xorazm tiliga ko’plab turkiy so’zlar ham kirib kela boshlagan. Bora-bora aholi ikki tilda: qadimiy Xorazm tili va turkiy tilda so’zlasha boshlagan.

Xorazm bir necha asrlar mobaynida asta-sekin turkiylashgan, oqibatda Eron tillari guruhiga kiruvchi Xorazm tilining eng muhim elementlarini saqlab qolgan Xorazm turkiy tili vujudga keldi. Bu jarayon XV asrda tugallangan.

Qadimgi Xorazm ilm-fan rivojlangan ilg’or o’lkalardan biri bo’lgan. Xususan bu diyorda aniq fanlar shakllana boshlagan edi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o’lkada ilmiy tafakkur tarixi ijtimoiy, iqtoisodiy va madaniy tafakkur tarixi bilan chambarchas bog’langan. Xorazmliklarning xo’jalik hayotida erishgan muvaffaqiyatlari matematika, geodeziya, astronomiya va boshqa aniq fanlarga oid muayyan bilimlarsiz ro’yobga chiqmagan bo’lardi. Masalan, sug’orish inshootlari, kanal, chig’ir va koriz usullari bilan suvsiz erlarga suv chiqarish, kemalar yasash, qal’alar, ko’p qavatli saroylar bunyod qilish ishlari, hisoblash va o’lchash texnikasining rivojlanishini taqoza etardi. “Xorazmda topografiyaning rivojlanishiga chambarchas bog’lik bo’lsa, dehqonchilik va me’morchilikning amaliy ehtiyojlari geometriya fanining rivojlanishiga olib keldi. Matematik geografiyaning rivojlanishi esa xorazmlik savdogarlarning uzoq yurtlarga safarlari bilan bog’liq.

Zero, astronomik mo’ljal dengizda ham, qurqlikda ham zarur. Ana shunday keng ko’lamdagi geografik aloqalar Xorazmda kartografiya va tasviriy geografiyaning rivojlanishiga sabab bo’ldi.

Arablar Xorazmda o’zlariga qaraganda juda ham yuqori, madaniyatga duch keldilar. Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, az-Zamahshariy singari buyuk olimlar Xorazm fani va madaniyatini butun dunyoga tanitdilar.

© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.

KO`P O`QILGANLAR