Ayol huquqlarining kafolati
Xorazmda Asosiy qonunimiz qabul qilinganining 23-yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – ayol huquqlarining kafolati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining xotin-qizlar bilan ishlash komissiyalari a’zolari, mutaxassislar, huquqshunoslar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Abdukarimova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ayollarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani ta’kidlanadi. 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.

Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish, ular uchun mehnatni bola tarbiyasi bilan uyg‘un holda olib borish borasida yetarli sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda korxona, tashkilot va muassasalarda homilador ayollarni ishga qabul qilish uchun ma’lum miqdorda ish o‘rinlari ajratish, ularni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xavfsiz mehnat sharoitlari tashkil etish, 12 yoshgacha farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan ishlovchi ayollarga qo‘shimcha mehnat ta’tili kuni yoki qo‘shimcha dam olish kuni berish kabi masalalarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Farzandlari kichik yoshda bo‘lgan ayollarga qisqartirilgan ish vaqti belgilash, haq to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari kunini uzaytirish, 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarga haq to‘lanadigan tanaffuslar berish imtiyozlari qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan xotin-qizlarning uy yumushlarini yengillashtirish, hayot sifatini yanada oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj 2 mingdan ziyod xotin-qiz muzlatgich, kir yuvish mashinasi, changyutgich, mikroto‘lqinli pech kabi maishiy texnika vositalari bilan ta’minlandi. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash masalasi ham doimiy e’tiborda. Tizimdagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirilayotgan aholining qariyb 60 foizini ayollar tashkil etadi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat dasturlari doirasida ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan ayollar imtiyozli yo‘llanmalar asosida bepul sog‘lomlashtirilmoqda.

Tadbirda kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy sheriklik asosida turli soha vakillari, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini kuchaytirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA

KO`P O`QILGANLAR