Izchil islohotlar samarasi
Keksalarni e’zozlash yilida Xorazm viloyatida ham yolg’iz qariyalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi va Prezidentimizning 2011 yil 30 maydagi “2011-2015 yillarda yolg’iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo’layotir.

Mazkur dastur ijrosi doirasida joriy yilning o’tgan davrida viloyatda istiqomat qilayotgan urush va mehnat fronti faxriylarining 925 nafari ambulator, 221 nafari statsionar, uch mingga yaqini uy sharoitida sog’lomlashtirildi.

Nuroniylarni tibbiy tekshiruvdan o’tkazishda mintaqaviy tibbiyot muassasalarida diagnostika va davolashning 70 dan ortiq yangi usullari amaliyotga joriy etilib, 22 ko’rgazmali murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi. Viloyat ko’p tarmoqli tibbiyot markazida LOR tizimi kasalliklarini erta aniqlash maqsadida endoskopik va otomikroskopik tekshiruv usullarini amalga oshirgan holda sinusit kasalligiga chalingan 20 nafar bemorda kam invaziv endoskopik operatsiyalar bajarildi.

Keyingi yillarda viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalarining zamonaviy tarzda jihozlanayotgani yuqorida zikr etilgan jarrohlik amaliyotlarining muvaffaqiyatli o’tishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari hamda oilaviy poliklinikalar “Salomatlik-3” loyihasi doirasida 11 turdagi 193 zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Ayni paytda 11 sog’liqni saqlash muassasasida 27 milliard so’mlik qurilish-rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Kasallikni davolagandan ko’ra, uning oldini olgan afzal, deyishadi. Darhaqiqat, salomatlik ko’p jihatdan sog’lom turmush tarzi tamoyillariga nechog’li amal qilinishiga ham bog’liq. Shu bois shifokorlarimiz targ’ibot-tashviqot ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Aholi o’rtasida bu borada 841 marta davra suhbati o’tkazildi, 1 ming 263 marta sog’lom turmush tarzi, jismoniy faollik, turli kasalliklar profilaktikasi to’g’risida ma’ruzalar tashkil etildi.

Sport – salomatlik garovi. Biz keksa insonlarni muntazam ravishda jismoniy faol bo’lishga chorlaymiz. Shu maqsadda sportning shaxmat-shashka, voleybol, mini futbol, stol tennisi va boshqa turlari bo’yicha musobaqalar tashkil etmoqdamiz. Ularda ishtirok etayotganlar soni ortib borayotir.

Muxtasar aytganda, bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida inson, uning manfaati va baxt-saodatini ko’zlab amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning amaldagi samaralaridir.

Ko’palboy Tangriberdiev,
Xorazm viloyati sog’liqni
saqlash boshqarmasi boshlig’i.

KO`P O`QILGANLAR