Arabcha tango. Novella (Sotim Avaz)
Eski va beso’naqay magnitofonga salga uzilib ketuvchi tasma o’rnatildi. Ular, farzandlarga ko’rimsiz tuyulgan bilan, otaning sevimli matohlari edi. Og’ir murvatlar bir necha bor bosilib, magnitofondan ohanrabo bir kuyga esh bo’lib, diltortar qo’shiq tarala boshladi.

Chol o’lim to’shagida yotardi. O’g’il-qizlari atrofida girdikapalak. Qani endi bir chorasi bo’lsa edi.

Ertalab u biroz gapirib turgandi, tushga yaqin deyarli tildan ham qoldi. Farzandlarining biror vasiyat eshitish umidi ham deyarli so’ndi.

Qizlar asta-asta piqillab yig’lay boshlashdi. O’g’illar boshlarini yana ham egishdi, ko’z yoshlarini ichga yutishdi.

Chol ingray boshladi. Uning, shifokor bo’la turib, otasiga hech qanday yordam bera olmayotganlidan kuyunayotgan katta qizi, sim krovat oldida cho’kkaladi. Sovub borayotgan qo’llarni o’pib-siypalab, iltijo qildi.

- Otajon, bir nima deng...

Chol qattiqroq ingray boshladi. Lablarini bir-biriga qovushtirib, nimadir demoqchi bo’ldi. Nihoyat qandaydir bir kuch unga madad berdi.

- A..r..a..b..ch..a...

- Otajon, nima arabcha?

Farzandlar gap muqaddas kitob haqida bo’lsa kerak, deb o’ylashdi. Nega unda ota buni ayta qolmaydi? Toqatni toq qilib chol ikkinchi so’zni ham aytdi.

- T..a..n..g..o...

- Arabcha tango!

Birma-bir xitob etishdi farzandlar. Lekin bu aniqlikdan ham ular hech narsani tushunmadilar. Nahotki ota aljirayotgan bo’lsa?! Shunda shifokor qiz musiqachi o’g’ilga o’rin bo’shatib berdi.

- Otajon, qo’shiqmi?!

Chol sekingina bosh qimirlatdi.

Musiqachi o’g’il shunga ham farosati etmaganini tushunib, peshonasiga musht tushirdi.

- Eh, kallavaram, “Arabcha tango”ku... Otajon, Botir Zokirovning qo’shig’imi?

Chol bilinar-bilinmas bosh irg’adi.

Eski va beso’naqay magnitofonga salga uzilib ketuvchi tasma o’rnatildi. Ular, farzandlarga ko’rimsiz tuyulgan bilan, otaning sevimli matohlari edi. Og’ir murvatlar bir necha bor bosilib, magnitofondan ohanrabo bir kuyga esh bo’lib, diltortar qo’shiq tarala boshladi.

Ki zah-ra-tan fis-su-ali....

Behad nafis va latifligi sabab qo’shiqning qaysi tilda aytilishi katta ahamiyatga ega bo’lmay qoldi. Eng muhimi, u bulbulday qalbga sakrab, ruhiyatning siru sinoat to’la kengliklariga uchib ketdi.

Buni musiqachi o’g’il o’layotgan otasining yonida chuqur his etdi.

Boshqa farzandlar uchun ko’p narsa mavhum bo’lib qolganiga qaramay, ularning ruhiyatida qandaydir, zilzilaga o’xshash evrilishlar boshlandi.

Qo’shiq esa, his-tuyg’ularni goh suvga, goh o’tga solib, obdon toblar edi. Goho, kuy va so’z, ijrochining mahorati bilan uyg’unlashib, raqsga tushayotganday tuyulardi. Goh musiqa so’z atrofida gir-gir aylanardi. Goh musiqa og’ushidagi so’z o’zidan mehr to’lqinlarini taratardi. Kuy va so’z qo’l ushlashib, goh visol bog’u-rog’laridan, goh hijron sahrolaridan birga o’tardilar. Sadoqat va ishonchlari bois bir-biridan ayrilmasdilar. Ular aslida shunday yaratilgan edilar. Oxir-oqibat kuy va ijrochi so’z oldida cho’kka tushishardi.

Qo’shiq tugadi. Chol oson jon berdi. Magnitofon tasmasi aylanishda davom etardi. Uning qo’pol sasi hech kimning qulog’iga kirmasdi.

Ko’p o’tmay, uzoqdan azon ovozlari eshtila boshladi.

Sotim Avaz (1952)

Sotim Avaz (Sotimboy Avazov) – 1952 yil Urganch shahrida tug’ilgan. 1991 yildan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning “Kechikkan bahor”, “Tonggi hislar”, “Huquq”, “Nozbo’ylarim”, “Hikmatiston”, “Dil va manzil” kabi she’riy asarlari respublika nashriyotlarida chop etilgan.

Shuningdek, “Muruvvat chog’i” romani, “Madrahim Sheroziy”, “Temirg’ozi to’ra”, “Yillar va yo’llar” qissalari muallifi.

Hozirda “Urganch oqshomi” gazetasi muharriri.

KO`P O`QILGANLAR