“Xorazmpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasining sakkizta paxta tozalash korxonasi hamda ular qoshidagi 19 paxta qabul qilish punktida xomashyoni dastlabki ishlovga tayyorlash, saqlash, qayta ishlash borasida zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani mahsulot sifatining oshishida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Davlatimiz rahbarining 2007-yil 14-martdagi “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni korxonalarni zamonaviy jihozlash, ishlab chiqarish quvvatlari samaradorligini oshirish, jahon paxta bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
– Ushbu farmonga ko‘ra, korxonalar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanmoqda, – deydi “Xorazmpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi raisining birinchi o‘rinbosari Qo‘ziboy G‘oyipov. – Qo‘shko‘pir, Xonqa, Bog‘ot va Yangiariq tumanlari paxta tozalash korxonalarida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda Yangibozor tumanidagi paxta tozalash zavodida qayta ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur korxonalar paxtadan momiqni ajratuvchi 18 zamonaviy linter uskunasi bilan jihozlandi. Yangiariq tumanidagi korxonaga “Sinokot Toshkent Kotton Ekvipment” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan tola va lint mahsulotlarini presslash uskunalari o‘rnatildi. Presslash sexlarida toylangan tola po‘lat simlar bilan emas, polietilen ip bilan bog‘lanadigan bo‘ldi. Bu korxona rentabelligini oshirish, ishlab chiqarish sarf-xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini bermoqda.
Paxta tolasi eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarning muhim turlaridan hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston paxta tolasining afzalliklaridan biri uning sifat ko‘rsatkichlari yuqori ekanligida. Ayni shu jihat xalqaro buyurtmachilarning O‘zbekiston paxta tolasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Viloyatda paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududiy birlashma tizimidagi paxta qabul qilish punktlarida xomashyoni uzluksiz qabul qilish maqsadida 170 dan ortiq paxtani tushirish va uzatish mexanizmi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, 112 laboratoriya asbob-uskunalari hamda tosh-tarozilar davlat standarti ko‘rigidan o‘tkazildi. Korxona va tayyorlov maskanlarida 505 g‘aram maydoni, 27 omborxona ta’mirlanib, brezent qoplamasi, yong‘inga qarshi kurashish inventarlari bilan ta’minlandi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlovchi maxsus texnika va suv havzalari shay holatga keltirildi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihalar asosida tarmoq korxonalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash jahon paxta bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA