Mo’g’ullarning Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni istilo etishi
Movarounnahr, Xuroson va Xorazmga qilingan yurishga shaxsan Chingizxonning o’zi boshchilik qildi. Chingizxon 1218 yili qoraxitoy Kuchluk davlatini tugatgach, uning davlati chegaralari bevosita Xorazmshohlar davlati bilan tutashdi. Urushning asosiy bahonasi 1218 yili mo’g’ullar savdo karvonining O’trorda talanib, 400 nafar savdogar (yoki josus)ning qatl etilishi edi.

1219 yil kuzida Chingizxon 200 mingdan ortiq askari bilan O’rta Osiyoga yurish boshladi. Xorazmshoh A’loiddin Muhammad mo’g’ullarga qarshi urushda asosiy kuchlarni jamlab yirik jang olib borishdan qochdi. U o’ziga tobe barcha shahar va qal’alarga o’zlarini himoya qilish haqida buyruq berdi. Chingizxon bundan allaqachon xabardor bo’lgandi, O’trorga etganda xorazmshohlar mulkini tezda bosib olish uchun qo’shinini 4 qismga ajratdi. Birinchi qo’shinga o’g’illari Chig’atoy va O’qtoyni boshliq etib tayinladi, ularga O’tror shahrini yo’q qilish topshirildi. Ikkinchi qo’shinga boshqa o’g’li Jo’jini boshliq etib tayinladi, unga Sirdaryo bo’yidagi Sig’noq, O’zgan, Barchinlig’kent, Jand, Yangikent va boshqa shaharlarni istilo qilishni topshirdi. Uchinchi qo’shinga Oloq no’yon va Suketu cherbilarni boshliq bo’lib, ularga Xo’jand va Binokat shaharlarini bo’ysundirish buyurildi. To’rtinchi qism esa Chingizxonning o’zi boshchiligida sahrodan Buxoro tomon yo’lga tushdi.

Chig’atoy va O’qtoy boshliq birinchi qushin 1219 yil sentyabr – 1220 yil mart oralig’ida O’tror shahrini qamal qildi. Mo’g’ullar shaharni vayron qilib, hokim Qoirni asirga tushirishdi. U 1218 yildagi mug’ul savdogarlarini o’ldirishda ayblangani uchun, Samarqandga - Chingizxon huzuriga yuborildi. Chimgizxonning buyrugi bilan qiynab o’ldirildi.

1220 yil fevralda Chingizxon Buxoroga etib keldi va shahar qamalini boshladi. Shaqar 7 – 10 fevral kunlari qamal qilindi.

16 fevral kuni himoyasiz qolgan Buxoro ahli mo’g’ullarga taslim bo’ldi. Lekin Go’rxon boshliq himoyachilar Buxoro arkini yana 12 kun mudofaa qilib turdilar. Mo’g’ullar Buxoroga o’t qo’yib kulini ko’kka sovurishdi, minglarcha tinch aholini qirg’in qilishdi va ko’plab kishilarni qulga aylantirishdi.

Chingizxon Buxorodagi xunrezligi bilan nom chiqargach 1220 yil martda Samarqandni talash uchun yurish boshladi. Bir necha kunlik janglardan so’ng shahar mo’g’ullarga taslim bo’ldi. Tog’ayxon boshliq 30 ming kishilik qo’shin Chingizxon xizmatiga o’tishga rozilik bildirdi, lekin tunda Tog’ayxon, uning 20 nafar sarkardasi va 30 ming kishilik qo’shini ayovsiz qirib tashlandi. Buxoro kabi Samarqand shahri ham o’t ichida qoldi, minglab kishilar vahshiy mo’g’ullar tomonidan qirib tashlandi, o’n minglab kishilar esa qul qilib haydab ketildi.

Mo’g’ullarning ikkinchi qo’shini Sig’noqni etti kun qamal qilib qo’lga kiritdi, boshqa erlarda bo’lgani kabi, Sig’noq aholisi ham qatli om etildi. Samarqand talanganidan bir oy o’tgach, 1220 yil aprelda, mo’g’ullar Jand shahriga yurish boshladi. Jo’ji boshliq qushin Jandni egallab, u erda ham katta qirg’in uyushtirdi.

1220 yil martda mo’g’ullarning uchinchi qo’shini Binkatga hujum qildi, shahar 4 kunlik qamaldan so’ng taslim bo’ldi, mo’g’ullar odatlari bo’yicha bu erdagi aholini ham qirib tashlashdi. Aprelda Xo’jandni istilo qilishga kirishishdi. Uch oylik qamaldan so’ng Temurmalik boshliq qo’shin Xo’jandni tashlab Sirdaryo o’rtasidagi orolga borib joylashdi. Mo’g’ullar Xo’jandni bosib olishgan bo’lsada, orolchadagi askarlar yana to’rt oy mobaynida ularga qattiq qarshilik ko’rsatdi. Mo’g’ullar bu ahvolda ularni engish imkonsizligini anglab, daryoga to’g’on qurib orolni suv bilan bostirishga harakat qilishdi. To’g’on muljallangan joyga etgach, Temurmaliq askarlarini olib oralchani tark etishga majbur bo’ldi. Mug’ullar Temurmalikni tirik tutish maqsadida Sirdaryoning Binkat shahri ro’parasidagi joyiga daryo eni bo’ylab zanjir tortib chiqishgandi. Tunda yo’lga chiqqan Temurmalikning oz sonli qo’shini zanjir tortib qo’yilgan erga kelganda zanjirni uzib yo’lida davom etdi. Mug’ullarning bir necha oy mobaynida qilgan ishi chippakka chiqdi. Temurmalik Jand shahriga etganda quruqlikka chiqishga majbur bo’ldi. Bu erda uni kutib turgan Mug’ullar bilan hal qiluvchi jangga kirishdi. Mazkur jangda Temurmalik barcha safdoshlaridan ayrildi, faqat bir necha kishi bilan hali mo’g’ullar qadami tegmagan Urganchga etib oddi.

Chingizxon askarlariga bir muddat dam bergach Naxshabga yurish boshladi. Shahar jangsiz taslim bo’ldi. Yozni Naxshabda o’tkazishib, u erda talonchilik, aroqxo’rlik, giyohvandlik va boshqa fisqu fujur ishlar bilan shugullanishdi. Kuzda esa Termizga yurish boshlashdi. Termiz 11 kun qarshilik ko’rsatgach mo’g’ullar tomonidan bosib olindi. Mo’g’ullar 1220 yili Movarounnahrni to’la istilo qilishdi, endi Xorazmshohlar davlati poytaxti Urganchni vayron qilishni ko’zlashardi.

Chingizxon o’gillari Chig’atoy, O’qtoy va Jo’ji boshliq barcha kuchni birlashtirib Xorazmni bosib olish uchun harakat boshladi. 1220 yil dekabrda Urganchdan qochib ketgan xorazmshoh A’loiddin Muhammad Kaspiy dengizidagi Ashur orolida xor-zor bo’lib o’lib ketdi. Uning o’rniga katta o’g’li Jaloliddin taxtga chiqarilgandi, boshqa o’g’illari esa xazinani talon-toroj qilib gado topmas erlarga qochib qolishdi. 1220 yil oxirlarida mo’g’ullar Urganch qamalini boshladi.

5 oy davom etgan qamal va tinimsiz janglardan so’ng shahar istilo qilindi. Mo’gullarga qarshi janglarning birida 72 yoshli Shayx Najmiddin Kubro shahid bo’ldi. Mo’g’ullar qonxo’rliklarini bu erda ham isbotlashdi. Aholining bir qismi qulga aylantirildi, Urganch esa suvga bostirildi.

Mo’g’ullar 1221 yil 5 fevralda Marvni olishgach Hirot, Balx va G’aznaga yurishni rejalashtirdilar. Biroq 1221 yil yozida Jaloliddin Manguberdi Parvona jangida Shiki Kutuhu boshliq 45 ming kishilik mo’g’ul qo’shinini tor-mor keltirdi, bu mo’g’ullarning shu paytgacha uchragan eng katta mag’lubiyati edi. 1221 yil kuzda Chingizxonning o’zi Jaloliddin o’rnashgan G’aznaga yurish boshladi. 1221 yil noyabrda Hind daryosi bo’yida yuz bergan jangda son jihatdan ancha ustun bo’lgan mo’g’ullar g’alaba qozondi. Baribir Jaloliddinni asirga tushirolmadilar, u 4 ming askari bilan Hind daryosining narigi tomoniga o’tib olishga erishdi. Jaloliddin umrining oxirigacha (1231) mo’g’ullarga qarshi kurashdi.

KO`P O`QILGANLAR