Tadbirkorlar faoliyati – doimiy e’tiborda
Prezidentimizning 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiyotdagi o’rnini yanada kengaytirishda muhim dasturilamal bo’lmoqda.

Urganchda “2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o’zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to’g’risida” mavzusida o’tkazilgan konferentsiya-seminarda bu alohida ta’kidlandi.

Huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etgan tadbirda O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Sh.Xayrullaev, Xorazm viloyati prokurori Q.To’ychiev, viloyat adliya boshqarmasi boshlig’i I.Sobirov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va o’rnini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi to’siq va cheklovlarga barham berish, xususiy sektorning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoitlar yaratishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda viloyatda o’n mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekti samarali faoliyat yuritmoqda. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 61,3 foizni tashkil etayotir. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 11,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 30,8, qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish 6,2, qurilish-montaj ishlari 3,9 foizga o’sishiga erishildi. Mahalliy tovar ishlab chiqaruvchi va xizmat ko’rsatuvchilar faoliyatini qo’llab-quvvatlash natijasida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 40,2 foiz, mahalliylashtirilgan mahsulotlar 2,5, chakana tovar aylanmasi 14,5, xizmatlar 12,4 foizga o’sishi ta’minlandi. Hududda eksport salohiyatini mustahkamlash va uning tarkibini kengaytirish bo’yicha ko’rilgan chora-tadbirlar tufayli o’tgan davrda eksportchi korxonalar tomonidan 19 million dollar miqdorida tovar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.

Xorazm viloyatini 2013-2015 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilning birinchi yarmida 932 loyiha amalga oshirilib, 251 milliard so’m miqdorida investitsiya kiritildi, 5 ming yangi ish o’rni yaratildi. Ayni paytda viloyatda engil avtomobillar, ekskavatorlar, yo’l qurilishi texnikasi va mexanizmlari, yuqori kuchlanishli elektr apparatlari, sovutkichlar, maishiy gaz balloni, engil sanoat, to’qimachilik, oziq-ovqat va qishloq ho’jaligi mahsulotlari, qurilish mollari, turli sport inventarlari kabi 20 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimizning 2012 yil 22 noyabrdagi “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to’g’risida”gi qarori asosida umumiy qiymati 270,8 million dollarga teng uch yuzga yaqin loyiha amalga oshirildi. Jumladan, “GM Uzbekistan” qo’shma korxonasining viloyat filialida shu kunga qadar 40 mingdan ortiq “Damas”, 4 mingga yaqin “Orlando” avtomobillari, “Urganch ekskavator” korxonasi bazasida tashkil etilgan “UzXCMG” O’zbekiston – Xitoy qo’shma korxonasida 200 dan ortiq ekskavator va buldozerlar ishlab chiqarildi.

Anjumanda davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi farmoni, O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga tushuntirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning faoliyatiga to’sqinlik qilayotgan g’ov va cheklovlarni bartaraf etish, ko’rsatilayotgan xizmatlar ko’lami va sifatini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.

– Prezidentimizning mazkur farmoni tadbirkorlarga ko’rsatilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi bo’ldi, – deydi “Megasfera” O’zbekiston – Rossiya qo’shma korxonasi rahbari, “Do’stlik” ordeni sohibi Shuhrat Vaisov. – Bugungi tadbirda ushbu farmon mazmun-mohiyati bilan tanishish asnosida korxonamiz misolida chamalab ko’rsam, yaratilayotgan soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar bir yilning o’zida yuz million so’m miqdorida daromad keltirishi mumkin ekan. Bu ushbu mablag’ evaziga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulotlar turi va sifatini yaxshilash, yangi asbob-uskunalar xarid qilish, eng muhimi, yangi ish o’rinlari yaratish uchun etarlicha imkoniyatdir.

Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada soddalashtirish yo’nalishidagi bojxona qonunchiligi normalarini amaliyotga tatbiq etish bo’yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

– So’nggi yillarda mamlakatimizda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, sog’lom raqobatni kuchaytirish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig’i Shuhrat Valiev. – Investitsiya loyihalari, mahalliylashtirish dasturi, mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, qayta ta’mirlash, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan dasturlar doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlarni iqtisodiy jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida ularni import mahsulotlari uchun belgilangan bojxona to’lovlarini to’lashdan ozod etish evaziga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar miqdori 2015 yilning yanvar-avgust oylarida 275 milliard so’mni tashkil etdi. Tadbirkorlik sub’ektlari mablag’i va vaqtining tejalishi uchun bojxona yuk deklaratsiyalarining internet orqali rasmiylashtirilayotgani natijasida o’tgan yili tadbirkorlar tomonidan 60 tonnaga yaqin qog’oz iqtisod qilinishiga erishildi.

Anjumanda mutaxassislar tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlarning savollariga javob berdi.

Konferentsiya-seminarda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so’zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, O’zA

KO`P O`QILGANLAR