Korxonaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ishlab chiqarish hajmining ortishi va ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-noyabrdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda 270,8 million AQSh dollariga teng 274 loyiha amalga oshirildi. Natijada 8 ming 175 yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda viloyatdagi sanoat korxonalarida “Damas”, “Orlando”, “Labo” rusumli avtomobillar, buldozer va ekskavatorlar, maishiy gaz balloni, muzlatkich, metall armaturalar, sport inventarlari hamda kir yuvish kukuni, yuqori kuchlanishli apparatlar kabi ko‘plab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
“Asakabank”ning Xorazm viloyati filialidan olingan 10,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari evaziga yangi korxona yuqori sifatli ip-kalava ishlab chiqaradigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi.
Maydoni 14,53 gektarni tashkil etgan mazkur korxonaning ish boshlagan birinchi bosqichida yiliga 4 ming 300 tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Korxona ish boshlashi bilan 200 doimiy ish o‘rni yaratildi.
– Korxonaning ikkinchi bosqichida quvvati 6 ming tonna ip yigirish majmuasi barpo etilib, qo‘shimcha 200 yangi ish o‘rni yaratiladi, – deydi “Xorazm tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Quramboy Sodiqov. – Shuningdek, uchinchi bosqichda quvvati 7 million metr kvadrat xom surp ishlab chiqarishga ixtisoslashgan to‘qimachilik majmuasini tashkil qilish hamda 100 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Mahsulotlarning 80 foizi xorijga eksport qilinadi.
Ayni paytda korxonada ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tish uchun rekonstruksiya va zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Axmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA