Urganchda yuz bergan favqulodda vaziyatga nima sabab bo’ldi?
8 avgust kuni Urganch shahrining «Yoshlar ko’li» madaniyat va istirohat bog’idagi ko’prik to’siqlarining qulab tushgani va qurbonlar haqidagi yangilik kutilmaganda hammani larzaga soldi.

(материал на русском языке)

Voqea guvohlarining aytishicha, shanba kuni madaniyat va istirohat bog’iga odatdagidan ko’proq odam to’plangan. Gap shundaki, ko’l o’rtasidagi sun’iy orolda xonanda Navro’z Sobirovning kontserti o’tkazilayotgan edi. Yuzlab odamlar uning qo’shiqlaridan bahramand bo’lish uchun ko’prik ustiga to’plangan. Kontsert tomoshabinlarning jo’shqin qarsaklari ostida boshlandi, ammo tez orada to’siqlarning sinishi va suvga qulayotgan tomoshabinlarning shovqini bilan to’xtab qoldi.

Maxsus Hukumat komissiyasi sodir bo’lgan voqeaning sabablari va oqibatlarini o’rganayotgan bir paytda, Internet tarmog’ida ushbu fojiali voqea keng muhokama etilmoqda. Kimdir ko’prik quruvchilarini ishga layoqatsizlikda ayblab, ko’prik shunchaki talab etilgan xavfsizlik me’yorlariga javob bermaganini qayd etmoqda. Boshqalar tomoshabinlarning shu qadar ko’p bo’lishini oldindan ko’ra bilishi va zarur choralar ko’rishi kerak bo’lgan kontsert tashkilotlachilarni ayblamoqda. Uchinchilar esa o’zini o’ta jo’shqin tutgan va ko’prik dosh bera olmagan odamlarning o’zini aybdor sanamoqda.

Voqea tafsilotlarini aniqlashtirish maqsadida shov-shuv.uz sayti xonanda bilan bog’landi.

Bu haqda Navro’zbek Sobirov shunday deydi: “Tekin kontsert edi. Menga hokimiyat kontserti deyishgan. Apil-tapil kiyinib, 8-avgust kuni “Yoshlar ko’li”ga borib kuyladim. Boshqa hech narsadan xabarim yo’q”.

“Hamma quruvchilarni ayblay boshlaydi. Biroq, har qanday konstruktsiya ham pishiqlik chegarasiga ega. Ehtimol payvandlash ishlarida ayrim joylarda kamchilik qolgan bo’lishi mumkin, ammo bu to’siqlar – to’sish uchun mo’ljallangan, ularga 100 yoki undan ortiq odam suyanishi uchun emas”, - deb yozadi foydalanuvchilardan biri Doniyor Anorboev.

Tabiiyki, ko’prik quruvchilari ham, kontsert tashkilotchilari ham javobgarlikka tortiladi, deb yozadi telegraf.uz. Biroq, sodir bo’lgan voqeaga ba’zan o’zini tutish bo’yicha boshlang’ich qoidalar va ahloq me’yorlaridan bexabar bo’lgan tomoshabinlarning o’zi ham aybdor.

KO`P O`QILGANLAR