Xususan, Xorazm viloyatida sanoat sohasida qo’lga kiritilayotgan yutuqlar salmog’i yil sayin ortib borayapti. Natijada eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish sub’ektlari safi kengayib, ularda import o’rnini bosuvchi va eksportbop tovarlar tayyorlash yo’lga qo’yilmokda. Bunda Prezidentimizning 2012 yil 22 noyabrdagi “2013 - 2015 yillarda Xorazm viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to’g’risidayagi qarori, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida vohada o’tgan davrda umumiy qiymati 270,8 million AQSh dollarilik 274 ta loyiha ro’yobga chiqarilib, 8175 ta ish o’rni yaratildi. O’z navbatida, “Damas”, “Orlando” rusumli avtomobillar, ekskavator va buldozerlar, maishiy gaz ballonlari, muzlatkich, metall armaturalar, sport inventarlari, kir yuvish kukuni, yuqori kuchlanishli apparatlar kabi o’nlab yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Bu maqsadlar uchun korxonalarning 156,6 million dollarlik mablag’lari, moliya muassasalarining 83,6 million dollarlik kreditlari hamda xorijiy investorlarning 30,6 million dollar mikdoridagi sarmoyalari yo’naltirildi.
Joriy yilning may oyida Qo’shko’pir tumanining Yangilik qishlog’ida ish boshlagan “Qo’shko’pir texnoimpeks” O’zbekiston - Xitoy qo’shma korxonasi ham - ana shunday ilg’or ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri. E’tiborlisi, bu erda viloyatda birinchi bo’lib elektr quvvati orqali harakatlanadigan velosipedlar tayyorlashga kirishildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard so’mlik mazkur loyiha ro’yobi tufayli yiliga 3 ming dona ana shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Chunonchi, korxona ishchi-mutaxassislari faoliyatining dastlabki uch oyida 6 turdagi 200 ta zamonaviy velosipedni xaridorlarga etkazib berdilar.
- Ilgari bu turdagi “dastyor”lar xorijdan keltirilardi, - deydi korxona rahbari Mavlon Jumaniyozov. - Endilikda esa ularni o’zimizda ishlab chiqarayapmiz. Muhimi, bu orqali mahsulot tannarxi 40 foizga arzonlashdi. Maxsus akkumulyator bilan jihozlangan mazkur velosipedlarning afzalligi shundaki, ular ekologiyaga zarar etkazmaydi, shovqinsiz ishlaydi, ortiqcha jismoniy kuch talab etmaydi. Transport vositasini xonadonlardagi elektr tarmog’i orqali quvvatlantirish mumkin.
Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, bu erda ishlab chiqarish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahsulot hajmi yil sayin oshib boradi. Joriy yildan boshlab velosipedlarning 20 foizi eksportga chiqarilishi ko’zda tutilgan bo’lsa, kelgusida mazkur ko’rsatkich 55 foizga etkaziladi. Mahsulot turi ham 12 tadan ortadi. Qolaversa, yaqin istiqbolda elektrda yuradigan yuk tashuvchi mototsikllar ishlab chiqarishni ham o’zlashtirish mo’ljallangan.
Oybek RAHIMOV, «Xalq so’zi» muxbiri.
Shomurot ShARAPOV olgan surat.