Xorazmda “Gurvak — Xorazm qovunchiligi ramzi” festivali o'tkaziladi
Shu yilning 8 avgust kuni Xiva tumani “Ichan qal'a” davlat muzey-qo'riqxonasi hududidagi Ko'hna Ark maydonida “Gurvak — Xorazm qovunchiligi ramzi” nomi ostida savdo yarmarkasi ochiladi.

Xorazm qovunchiligini keng targ'ib qilish orqali vohaga mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb etish maqsadida o'tkazilayotgan mazkur tadbir doirasida poliz mahsulotlari va mevalar ko'rgazmasi o'tkaziladi.

Shuningdek, ko'rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar, tadbir ishtirokchilari o'rtasida “Shirin-qovun” tanlovi ham bo'lib o'tadi. Bunda ishtirokchilar bir qancha urug'lar ichidan gurvak urug'ini tanlash, qovun ekiladigan erni saralash, shirin gurvakni aniqlash, qovun kesish mahorati, kesib qo'yilgan qovunlar bo'lakchalarini tatib ko'rish orqali navini aniqlash, qovun qoqi qilish va qish mavsumida qovunlarni saqlash qoidalari borasida mahoratlarini namoyish etishadi.

Tadbirda viloyatning 10ta tumanidan 70 nafardan ortiq fermer xo'jaliklari o'zlarining poliz mahsulotlari bilan ishtirok etishadi. Yarmarkada Xorazm viloyatida etishtiriladigan qovun navlarining 40ga yaqin turlari namoyish qilinadi. Tadbir doirasida 8ta yo'nalishda “Qovunchilik sohasi bilimdoni” tanlovi o'tkaziladi, 10ta nominatsiyada g'oliblar aniqlanib, tanlov g'oliblari diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek yarmarkada mahsulot etkazib beruvchilar bilan sotib oluvchilar o'rtasida shartnomalar imzolanadi va yangi 2015 yil hosili uchun buyurtmalar olinadi.

Saylda tumanlardan kelgan folklor etnografik jamoalari va yosh san'atkorlar chiqishlari, “Ogahiy” nomidagi viloyat dramatik teatri va viloyat qo'g'irchoq teatri aktyorlari tomonidan qovun sayliga bag'ishlab tayyorlangan maxsus teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish qilinadi. Tadbirda hunarmandlar tomonidan hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi va savdosi tashkil etiladi.

kun.uz

KO`P O`QILGANLAR