Xorazm viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi konferentsiyasi ishchan ruhda, bahs va munozaralarga boy tarzda o’tdi
Tadbir avvalida “Xorazm kasaba tekstil” sho’’ba korxonasi mahsulotlari va namunali boshlang’ich tashkilotlar faoliyatiga doir ko’rgazma tashkil qilindi. Konferentsiyada viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi Ravshan Jabborov besh yillik faoliyat yuzasidan hisobot berdi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida respublikamizda bo’lgani kabi viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotida misli ko’rilmagan o’zgarishlar sodir bo’ldi. Kasaba uyushmalarining mavqeini yanada oshirish, moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, kasaba uyushmalari tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirishga jiddiy e’tibor berildi. Ta’kidlash lozimki, 2011 yilda respublika miqyosida Bosh kelishuv imzolanishi jamoa kelishuvi va shartnomalarining ta’sirchanligini, nufuzini yanada oshirdi. Hozirda viloyat hokimligi, kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi va savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi o’rtasida kelishuv imzolangan bo’lib, buning natijasi o’laroq xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy himoyasi yanada kuchaytirildi. 2010 yilda jamoa shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olish 85 foizni tashkil qilgan bo’lsa, 2014 yilda bu 94,5 foizga ko’paydi.

Jamoa shartnomalariga kiritilgan barcha imtiyoz va kafolatlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. 2010-2014 yillarda 31 mingdan ziyod ehtiyojmand oila a’zolariga moddiy yordam ko’rsatildi. Farzandlari 2 yoshdan 3 yoshgacha bo’lgan 3279 ta yosh onalar, oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan 419 nafar talaba qo’llab-quvvatlandi. 14541 nafar kamxarj, boquvchisini yo’qotgan oilalar farzandlariga darslik va o’quv kurollari tuhfa qilindi. Umuman, hisobot davrida ijtimoiy himoya uchun sarflangan mablag’ 8,2 milliard so’mni tashkil etdi.

Bandlik dasturining bajarilishida kasaba uyushmalari ham yaqindan ko’makdosh bo’lmoqda. Ayniqsa, kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularni moddiy rag’batlantirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. 2013-2014 o’quv yilida amaliyot o’tagan o’quvchilardan 950 nafariga, kollejni imtiyozli tugatib ishga joylashgan 420 nafar bitiruvchiga kasaba uyushmalari mablag’idan moddiy yordam ko’rsatildi. Shuningdek, 2011- 2014 yillar davomida 1276 tashkilotda 8516 ta yangi ish o’rni amalda yaratilgani o’rganib chiqildi. Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan 25 ish o’rni tashkil etildi.

Hisobot davrida mehnatni muhofaza qilish tadbirlari uchun 10 milliard so’mdan ziyod mablag’ sarflandi. Mehnat muhofazasi yuzasidan 736 ta korxona, tashkilot, muassasa faoliyati o’rganildi. Mavjud qonunbuzilish holatlari yuzasidan kiritilgan takdimnomalar asosida 5467 ta kamchilik bartaraf etildi. Ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olish, bu borada korxona, tashkilotlarga amaliy yordam ko’rsatish bo’yicha ham tegishli ishlar olib borildi. Faollar, ish beruvchilar bilan mehnatni muhofaza qilish qonun-qoidalariga rioya qilish, xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratib berish borasida o’quv-seminarlar o’tkazildi.

Hisobot davrida kasaba uyushma a’zolari hamda korxona, tashkilot, muassasalardan 2296 ta yozma murojaat tushdi, shulardan 1864 tasi belgilangan muddatlarda ko’rib chiqildi. Qolganlariga tegishli tartibda tushuntirishlar berildi. Hal bo’lmagan mehnat nizolari yuzasidan fuqarolik sudlariga da’vo arizalari kiritildi. Natijada, 50 ga yaqin kasaba uyushma a’zolari ishga tiklandi, 20 dan ortiq xodimlarning qonuniy huquqi sudlarda himoya qilindi.

Xalqaro maydonda mafkuraviy kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda aholi, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy dunyoqarashini o’stirish, o’z yurti bilan faxrlanish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ’ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilib, hisobot davrida 2000 ga yaqin boshlang’ich kasaba uyushma tashkilotlarida “Ma’naviyat soatlari” o’tkazildi. Unda 160 mingdan ziyod xodim, talaba va o’quvchilar ishtirok etdi.

Davlat dasturlari doirasida kasaba uyushmalari tomonidan "Kasaba uyushmalari - faxriylarga”, "Vatan o’z vatanparvarlarini xotirlaydi”, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin”, “Kasaba uyushmalari - talabalarga”, “Kasaba uyushmalari - bolalarga” aktsiyalari orqali ijtimoiy himoyaga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi. “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, ehtiyojmand, ko’p bolali oilalar farzandlaridan 8100 nafariningToshkent, Qashqadaryo viloyatlaridagi oromgohlarda bepul dam olishi tashkil etildi.

Boshlang’ich tashkilotlar tashabbusi bilan 33 mingga yaqin xodimlar, talaba va o’quvchilarning vohadagi diqqatga sazovor qadamjolarga hamda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarga turistik sayohatlari uyushtirildi. “SOS Bolalar mahallasi”ning bolalari “Mustaqil yurt farzandiman” shiori ostida tarixiy Xiva shahrida sayohatda bo’ldilar.

Hisobot davrida korxona va tashkilotlarda ishlayotgan 4073 nafar xodim kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda imtiyozli tarzda yo’llanmalar bilan ta’minlandi, shundan 296 ta yo’llanma bepul ajratildi. Yozgi mavsumda 25245 nafar bola oromgohlarda imtiyozli sog’lomlashtirildi, shundan 2524 nafariga yo’llanmalar bepul ajratildi.

Konferentsiyada shu kabi raqamlarni tahlil qilish bilan bir qatorda, yo’l qo’yilgan ayrim kamchiliklar xususida ham to’xtalib o’tildi va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar o’rtaga tashlandi.

Shuningdek, nazorat-taftish komissiyasi raisi Sa’dulla Tojievning axboroti tinglandi.

Muzokarada so’zga chiqqan ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Bog’ot tuman kengashi raisi Shirin Yusupova, Shovot tumani “Usta Matsafo” fermer xo’jaligi rahbari Shuhrat O’daboev, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Yangibozor tuman kengashi raisi Raimboy Sherjonov, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam amaliy markazi viloyat filiali boshlang’ich kasaba uyushma qo’mitasi raisi Ozoda Turdieva va boshqalar viloyat kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini munosib baholab, uni yanada yaxshilash yuzasidan o’z takliflarini bildirishdi.

- Viloyatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik jarayonida kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor, - dedi viloyat hokimi o’rinbosari, xotin-qizlar qo’mitasi raisi, senator Sayyora Abdukarimova. - Xususan, ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida xodimlar manfaatini himoya qilish borasidagi ishlar viloyatimizning ijtimoiy-iqgisodiy rivojlanishiga xizmat qilmokda.

Konferentsiyada birlashma kengashining va taftish komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi. Birlashma kengashi raisi etib Ravshan Jabborov qayta saylandi.

O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qurultoyiga delegatlar va Federatsiya kengashi a’zolari tarkibiga vakillar saylandi.

Konferentsiya ishida O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi o’rinbosari To’lqin Teshaboev ishtirok etdi va so’zga chikdi.

Muhabbat TO’RABOEVA, “Ishonch” muxbiri

KO`P O`QILGANLAR