Komil Xorazmiy – shoir, xattot, bastakor, musiqashunos, tarjimon, davlat arbobi. Uning ibratli faoliyati zamondoshlari va keyingi davr ilm ahlining e’tirofiga sazovor bo’lgan.
XIX asr manbalarining aksariyatida, jumladan, Ogahiyning “Gulshani davlat”, Muhammad Yusuf Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy”, Ahmad Tabibiyning “Majmuatush-shuaro” kabi asarlarida Komil Xorazmiyning otashzabon shoir va tadbirkor davlat arbobi sifatida faoliyati yuqori baholangan.
Sho’ro davrida Komil Xorazmiy she’riy merosi dastlab 1945 yili O.Sharaffiddinovning “O’zbek adabiyoti tarixi” xrestomatiyasi, oradan ikki yil o’tkach “O’zbek poeziyasi antologiyasi” orqali keng o’quvchilar ommasiga etkazildi. Adabiyotshunos Sahmudali yunusuvning Komil Xorazmiy ijodiga bag’ishlangan nomzodlik dissertatsiyasi ham shu yili yoqlandi, 1958 yili kitob holida nashr etildi. 50-yillardan boshlab Komil Xorazmiy hayoti va ijodi maktab va oliy o’quv yurtlari dastur, darslik va qo’llanmalariga kiritildi.
Muhammadniyoz Komil 1825 yili Xivada tug’ildi. Otasi Abdulla oxund madrasada mudarrislik qilgan. Muhammadniyozga pahlavon laqabi bolalik chog’ida erkalatib emas, balki navqiron yigit yoshlarida jang maydonlarida ko’rsatgan ajoyib jasoratlari e’tirofi sifatida berilgan. “Shajarayi Xorazmshohiy”da yozilishicha, Xiva xonining dushmani bo’lmish yovmitlarning zabardast pahlavoni va usta mergani Qoraboloq nomli sarkardaga hech kim bas kela olmay turgan tang bir vaziyatda Komil Xorazmiy o’z qudrati, jasorati va tadbirkorligi bilan engib, orqaga qaytishga majbur qiladi va Matmurod devonbegining marhamatiga sazovor bo’ladi.
Komil Xorazmiy dastlab eski maktabda, so’ngra Xiva madrasalaridan birida ta’lim oladi. Otasi vafotidan so’ng iqtisodiy tanglik vajidan o’qishni birmuncha vaqtga kechiktirib, sovdogar bobosi Xo’jash mahram xizmatida qoyim turadi va keyinroq uning moddiy yordami bilan tahsilni nihoyasiga etkazadi.
Talabalik davridayoq she’rlari el nazariga tushadi. Natijada uni Xiva xoni Sayid Muhammadxon saroyiga, mirzalik lavozimiga taklif qiladi. Muhammad Rahimxoni Soniy hukmfarmonligi davrida esa Komil Xorazmiy tez orada mirzaboshilik lavozimiga tayinlanadi. 1873 yili bahorda ruslar Xivani egallagan, xon poytaxtni tashlab chiqishga majbur bo’lgan erkinlikni butunlay berishdan ko’ra yarim-yorti saqlab turish ma’qul topildi. Natijada, 1873 yilning 12 avgustida Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlog’ida Rusiya bilan Xiva xonligi o’rtasida shartnoma tuzildi. Bu shartnoma tarixda “Gandimiyon shartnomasi” nomi bilan kirdi. Unga ko’ra, Xiva xonligi o’sha sanadan e’tiboran vassal bo’lib qolar va xonlik xududida rusiyaliklarga qator imtiyozlar berilar edi. Shu yo’l bilan Xivaning to’pga tutib, vayron etilishi, bo’lajak harbiy-ma’muriy tartiblar oldi olindi. Ozroq muddatga bo’lsa-da, mahalliy idora saqlandi. Shuning asosiy tashkilotchisi Muhammadniyoz (Komil Xorazmiy) edi.
1873 yil qirg’inbarotini o’z ko’zlari bilan ko’rgan ba’zi mahalliy muarrixlar ancha keyin bitilgan asarlarida Komil Xorazmiyning bu davragi faoliyatiga birmuncha salbiy fikr bildiradilar.
Bu hol Bayoniy va Lafassiy asarlarida ko’proq seziladi. Ammo o’sha davrdagi o’ta og’ir ahvol chuqurroq mulohaza qilib ko’rilsa, Komil Xorazmiy tutgan yo’l el-yurt manfaaatiga muvofiq kelgani ma’lum bo’ladi. Chindan ham Xiva xonligi vassal sifatida saqlanib qolganligi, yurtga Muhammad Rahixoni Soniydek tiniq fikrli, mudabbir, ma’rifat homiysi etakchilik qilgani tufayli vohada ilm-fan, ma’rifat, adabiyot va san’at, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish, asrlar bo’yi saqlanib qoladigan noyob qurilishlarni amalga oshirish uchun muayyon imkoniyatlar vujudga keldi. Avvallari xonlikda umuman bo’lmagan yangicha maktablar, shifoxonalar, suratxona, bosmaxona singari ma’naviyat o’choqlari paydo bo’ldi.
Komil Xorazmiy zamonasidayoq shoir sifatida katta e’tibor va e’tirofga sazovor bo’lgan. Masalan, taniqli shoir Rojiy uni o’ziga ustoz biladi, nomini Ogahiy bilan yonma-yon qo’yadi:
So’z kamolidin Rojiy ogoh ersa tong yo’qkim,
Bor anisi damzosi Ogahiy bila Komil.
Komil Xorazmiy o’z she’rlarini to’plab, devon qilgan. XIX asrning oxiri XX asr boshida tuzilgan bir qator bayoz (to’plam, antologiya)larda ham she’rlari uchraydi. Devoni shoir hayotligidayoq nashr qilingan. Birinchi nashri 1880-1881 yillarga to’g’ri keladi. Xivada toshbosmada (litografiya) bosilgan edi. Ikkinchi marta yana Xivada 1895 yilda bosildi. Bu nashr oldingiga nisbatan to’laroq. Kitob uchinchi marotaba 1909 yilda Toshkentda nashr etilgan. Ayrim she’rlari “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan. Uchala nashr ham Komil Xorazmiy she’rlarini to’la qamrab olmaydi.
Xiva xonligi hayotida Rusiya bosqini munosabati bilan ro’y bergan voqealar badiiy ijodda, jumladan, Komil Xorazmiy ijodida ham o’z ifodasini topdi.
Komil Xorazmiyning yangicha ma’rifatparvarlik yo’nalishida bir necha asarlari yaratildi va 1891 yildan boshlab “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilindi. Shoirning “Iki sho’x” radifli g’azali ushbu yo’nilshdagi asarlardan bo’lib, u mavzu, g’oya, novatirona ruh va mahorat jihatidan ham ijodkorning bungacha yartagan asarlaridan ham keskin farq qiladi.
“Iki sho’x” radifli g’azali shoirning Ostraumov xonadonidagi mehmondorchilikdan olgan ta’ssurotlari asosida dunyoga kelgan. Zotan Ostraumovning o’zi she’rning gazetida chop etish uchun tayyorlangan korrekturasi hoshiyasida “Xiva xonining mirzaboshisi Pahlavon Mirzaboshining 5 sentyabrda mening uyimda o’tkazgan kechasidan xotira tarzida yozgan she’ri” degan qaydni qoldirgan.
Evropa va sharq musiqa merosidan ba’zi namunalarni, rus xalq qo’shiqlarini fortepyano jo’rligida tinglash, chamasi, Ostraumovning ikki qizi ijro etgan bal raqslarini tomosha qilish natijasida yaratilgan “Iki sho’x” radifli g’azalning shoir asarlari nashriga kirmagan muallif dastxati asosidagi matni quyidagicha:
Solurdi g’amza xadangin kamona ul iki sho’x,
Mani ul o’qg’a qilurlar nishona ul iki sho’x.
Ham iki gul kibi bir shoxdan ochilmishlar,
Qilur navosini ham bulbulona ul iki sho’x.
Eshitsa bandasi bo’lg’usi zuhrou yana Bahrom,
Rubobu chang ila tuzsa tarona ul iki sho’x.
Boqib jamolig’a yuz til bila fig’on aylar,
Etursa ilkini fartapiyona u iki sho’x.
Qilurdi nola ariqdin iki yuz bo’lib gulfom,
Ko’zimdin ayladi qon yosh ravona ul iki sho’x.
Quchoqlashib bo’ladur bir-biriga juft andoq,
Ki toqupo’sti iramg’a dugona ul iki sho’x.
Agarchi husnda ma’shuqi ahli oamdur,
Valek nola qilur oshiqona ul iki sho’x.
Parilar erdimukin, uchdilar ko’zirdin yo,
Farishta erdimu charxi oshyona ul iki sho’x.
Birisi komil bidilg’adur base matlub,
Agarchi xo’plar ichra yagona ul iki sho’x.
Sharqda devon tuzish ma’lum an’anaga ega edi. Jumladan she’rlar dastlab janrlar bo’yicha (g’azal, ruboiy, tuyuq kabi), so’ng esa ularning har biri ichki alifbo tartibi (qaysi harf bilan tugashiga qarab) bilan joylashtirilgan. G’azal aksar ishq haqida yoziladi. Ishq esa ikki mazmunni: “ishqi ilohiy”, “ishqi majoziy”ni anglatadi. Birinchisi Olloh ishqi, Xudoni sevish, ikkinchisi erdagi go’zalga oshiqlik edi. Har ikkisining ifoda vositalari, obraz timsollarida o’xshashlik bor. Qolaversa, tasavvuf ta’limoti bo’yicha, borliq, inson yoki go’zalo yor ham Haq jamolining jilvasi. Demak, unga muhabbat ollohga bo’lgan ishq darajasiga etishi kerak.
Komil Xorazmiy musiqa san’atidan yaxshi xabardor bo’lgan, yaxshi soz chalgan. Uning betakror san’atkorlik mahorati kuylar bastalab, yuz yildan ortiq muddat ichida eng mashhur xonandalar tomonidan xonish etilib kelinayotgan g’azal va muxammaslarida yana ham yaqqol namoyon bo’ladi. “Qo’qon ushshoqi”ga solinib tinglovchilar orasida, ayniqsa, keng shuhrat qozongan:
Yuzung firoqidin, ey rashki mehri raxshonim,
Qorong’udir kecha-kunduz bu baytul ahzonim, -
matla’li g’azali ham go’zal she’riy kashfiyotlar yaratilgani bilan ajralib turadi.
Xorazmlik buyuk xonanda Komiljon Otaniyozovdan boshlab yuzlarcha hofizlarning eng sevimli xonishlaridan biri Komil Xorazmiy qalamiga mansub “Kimni sevar yorisan” nomli sho’xshang qo’shiqdir. “Murabbai Komil”, “Peshravi komil” kabi kuylar uning ijodiga mansub.
U qadim an’anaviy kuylarimizni, shu jumladan, Xorazm musiqasini yozib olish, ya’ni notaga ko’chirish ishtiyoqi paydo bo’lgan. Buning uchun eng mashhur soz (asbob)lardan tanburni tanlagan. Shu sababli u xalq orasida “Tanbur notasi” nomi bilan shuhrat topdi. Afsuski, Komil Xorazmiy bu ishni oxiriga etkaza olmadi. Birgina “Rost” maqomining boshlanish qismini yozib ulgurdi. Uning bu boradagi ishlarini “Mirzo” taxallusi bilan she’rlar yozgan Muhammad rasul davom ettirdi. Xorazm “Shashmaqom”ini hammasini notaga ko’chirdi. Komil Xorazmiy yaratgan “Tanbur notasi” ikki katta kitobdan iborat bo’lib, hozirda abu Rayhon beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Komil Xorazmiy tarjima maktabining iste’dodli vakillaridan biri edi. XVIII asr fors adabiyoti namunalarida “Mahbubul-qulub” (“Ko’ngullarning sevgani”) va “Latoyifut-tavoyif” (“Turli toifalarning latifalari”) (XVI) asarlarini o’zbekchalashtirdi.
Komil Xorazmiy 72 yoshida, 1897 yili vafto etadi.
Komil Xorazmiy ijodi va faoliyati ko’rib o’tganimizdek, XIX asr o’zbek adabiyoti va madaniyatining yorqin sahifalaridan birini tashkil qiladi. U bir tomondan, o’tmishdan kelayotgan eng yaxshi an’analarimizni yangi zamonga olib kelib bog’lagan bo’lsa, ikkinchi tomondan, yangi davr masalalariga javob berishga harakat qiladi. Adabiyotimizni yangi asarlar bilan boyitdi. O’zbek o’quvchilarini fors adabiyotining bir qator namunalari bilan tanishtirdi. O’zbek musiqasiga Evropa notasini olib kirdi. “Xorazm notasi”ni yaratdi.