O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida boy madaniy merosimizni o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, yoshlar qalbida ularga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yuzdan ortiq madaniyat va aholi dam olish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyundagi “2013-2018-yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ularning aksariyati kapital ta’mirlanib, zamonaviy jihozlandi. Markazlarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarning amaliy va tasviriy san’at, raqs, sozandalik, xorijiy tillar, sport to‘garaklarida o‘z mahoratini oshirishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Ishtirokchilar 20 ming kishiga xizmat ko‘rsatayotgan “Sayot” madaniyat va aholi dam olish markazi faoliyati bilan tanishdi.
– Xiva azaldan ilm-fan, adabiyot va san’at, madaniyat va ma’rifat markazi sifatida dunyoga mashhur, – deydi Nukus tumanidagi “Qutanko‘l” madaniyat va aholi dam olish markazi direktori To‘liboy Jangaboyev. – Markazda tashkil etilgan muzeydagi Sayot qishlog‘ining tarixi, uzoq va yaqin o‘tmishi, mustaqillik yillarida Xorazmda amalga oshirilgan ishlar haqidagi surat-ko‘rgazmalar kishining ma’naviyati va dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda komputer savodxonligi, to‘quvchilik, tikish-bichish, musiqa va sport to‘garaklari faoliyati namunali tashkil qilingan.
Seminarda madaniyat va aholi dam olish markazlari faoliyatini tashkil etishdagi ustuvor vazifalar borasida so‘z yuritildi. “Markazlarda nomoddiy madaniy merosning milliy ro‘yxatini yuritish tartibi va ijro san’ati yo‘nalishida havaskorlik ansambllari, to‘garaklar va studiyalar tashkil etish”, “Markazda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil qilish usullari va tomosha zallaridan foydalanish taqsimoti” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Seminar ishtirokchilari Urganch shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, “Ichanqal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi yodgorliklarini tomosha qildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA