“Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”
“Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo’lib o’tdi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Xorazm viloyati kengashi, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 110 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

– Yoshlarning tadbirkorlik borasidagi bilimini boyitish, ularda ishbilarmonlik malakasi va ko’nikmasini shakllantirish, imtiyozli mikrokreditlar olish, uy mehnati va kasanachilikni rivojlantirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlashga ko’maklashish maqsadida tashkil etilayotgan bunday tadbirlarga qiziqish tobora ortib bormoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Xorazm viloyati kengashi qoshidagi “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatori Jamshid Allashukurov. – Joriy yilda ushbu tanlovning tuman va shahar bosqichlarida tadbirkorlikka havasmand 500 nafardan ziyod yigit-qiz ishtirok etgani fikrimiz dalilidir.

Tanlov doirasida qatnashchilar uchun uch kunlik o’quv-seminar tashkil etilib, sanoat, qishloq xo’jaligi va xizmat ko’rsatish yo’nalishlarida mashg’ulotlar, tajribali tadbirkorlar tomonidan mahorat darslari o’tkazildi. Yoshlarning ishbilarmonlik sohasi bo’yicha bilimi hamda o’z biznes rejasini taqdim qilishdagi mahorati baholandi. Bunda taklif etilgan biznes rejaning iqtisodiy ko’rsatkichi, loyihaning samaradorligi hamda uning kredit maqsadlariga nechog’li muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi.

O’n nafar ishtirokchi tanlovning respublika bosqichiga yo’lllanma oldi.

Shonazar KARRIEV
Muallif olgan surat

KO`P O`QILGANLAR