Qizil qo’shinlarning Xorazm va Buxoro mamlakatlari hududlariga tajovuzkorlik bilan bostirib kirishlari davomida qilgan talonchiliklari, zo’rliklari, qon to’kishlari ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan asosiy sabablardan bo’ldi. Bu beboshliklar keyingi davrlarda ham davom etdi. Tajovuzkor. qo’shinlarga buyruq bergan, qo’mondonlik qilgan, respublikalar hududlarida qizil askarlar garnizonlarini joylashtirib, ularga tayanib ish yuritgan bolsheviklar, harbiylar xalq boyliklari, molmulkini tortib olish, odamlarni qatag’on qilish, inqilobiy o’zgartirishlarni amalga oshirish, milliy qadriyatlarni oyoqosti qilishga boshchilik qildilar. Bu qizil armiyaga qarshi harakatning kengayib, ommaviy tus olishiga olib keldi. Harakatda erli aholining deyarli barcha qatlamlari, birinchi navbatda dehqonlar qatnashdilar. Bu hol harakat boshliqlari, ularga kelib qo’shilganlarning turli tabaqalarga mansub bo’lgani, noroziliklar, qahr-g’azab, murosasiz janglarga shaylanganlar doiralari ko’lamining nechog’lik keng, o’tkir, shiddatli bo’lganidan dalolat beradi.
Buxoro respublikasida tajovuzkorlarga qarshi qurolli kurash. Qizil armiyaga qarshi kurash olib borgan guruhlar, shahar va tumanlarda ko’tarilgan qo’zg’olonlar Buxoro respublikasining barcha - g’arbiy, markaziy, sharqiy qismlarida boshlanib, ommaviy tus oldi. 1920-yil avgust oyining oxirgi kunida poytaxt Buxorodan ketgan amir Olimxon Sharqiy Buxoroga kelib, katta kuchlar to’pladi, ularning soni 12 ming, keyinroq 25 ming kishiga etdi, qizil qo’shinlarga qarshi janglar olib borildi.
Ibrohimbek (1889-1932), Davlatmandbek va boshqalar kurashga boshchilik qildilar. Jiddiy zarbalarga javoban qizil armiya qo’mondonligi yangi-yangi qismlarni, ko’plab qurol-aslahalarni etkazib kelib, ishga soldi.
1921-yil boshida mag’lubiyatga uchragan amir Olimxon Afg’onistonga o’tib ketdi. Shu yil oktabrida Turkiyaning sobiq harbiy vaziri Anvar Posho (1881- 1922) Buxoro shahriga kelib, biroz muddatdan so’ng mamlakatning sharqiy qismiga jo’naydi va sovetlarga qarshi kuchlarga qo’shiladi. Anvar Poshoning harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan lashkar bunyod etildi va g’arbcha qo’mondonlik uslubi joriy qilindi. Anvar Posho 1922-yil yozida bo’lgan janglardan birida Baljuvon tepaliklarida shahid bo’ldi.
Mamlakatning markaziy va g’arbiy viloyatlarida ham kurash shiddatli tus oldi. 1920-yil kuzida Boysun, Denov, Sherobod, Sariosiyoda qurolli guruhlar tuzilib, janglar boshlab yubordilar. Dekabrda Qarshi, Shahrisabz, Yakkabog’, Kitob, Chiroqchida qo’zg’olonlar boshlandi, yangi hokimiyat, qizil askarlar garnizonlariga jiddiy talafotlar etkazildi. Bu joylarga ham qo’shimcha qizil askar qismlari yuborildi.
Qisqa muddat davomida Mulla Abdulqahhor (1884-1924) boshchiligidagi poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to’plandi va jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurotadagi o’nlab guruhlar faoliyat ko’rsatdi. Ularning katta armiyasi 1922-yil mart oyining boshida poytaxt Buxoro shahriga yurish qildi. Ular qizil askarlar bilan shahar atroftda bo’lgan ikki kunlik shiddatli janglardan so’ng Buxoro shahrining katta bir qismini egalladilar va bir necha soat mobaynida o’z qo’llarida tutib turdilar. So’ngra shahar atrofidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohini egalladilar. Ammo zudlik bilan etib kelgan ko’p sonli qizil askarlar (ular orasida Budyonniyning otliq qo’shini ham bor edi) bilan bo’lgan jangda ular Buxoroi Sharif va Bahouddin ziyoratgohidan katta qurbonlar berib chekinishga majbur bo’ldilar.
Bu harakatga qarshi kurash qizil armiya va uning qo’mondonligidan katta kuch-g’ayrat talab qildi. Moskva, Toshkent, Buxoroda 1923-yil may-iyun oylarida o’tkazilgan oliy darajadagi bir qator rasmiy anjumanlarda bu masala eng dolzarb muammo sifatida kun tartibida turdi.
Sovet hukumati butun Turkistondagi qarshilik harakatini tugatish uchun barcha vositalarni ishga soldi. Angliyalik tadqiqotchi Glenda Frezerning yozishicha, «Sovet qo’mondonligi Buxoro respublikasida 1923-yil bahor-kuz fasllarida bo’lgan janglarga 100000 kishilik ulkan armiyasini tashladi».
Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o’rtasida 1924-yil yozi va kuzida G’ijduvon tumanining G’ishti va Kattag’amxo’r qishloqlarida, Nurota tog’larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog’iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to’qnashuvlar bo’ldi. Kuchlar teng bo’lmagan ushbu janglarda u mag’lubiyatga uchradi. G’arbiy Buxorodagi guruhlarga sezilarli zarba berildi. Mulla Abdulqahhor Qizilqum cho’llarida qizil askarlar bilan bo’lgan to’qnashuvlarning birida 1924-yilning oxirida halok bo’ldi.
Qizil armiyaga qarshi harakatining mohiyati va natijalari. Buxoro respublikasida qizil armiya qismlariga qarshi qariyb 5 yil davomida shiddatli jang harakatlari olib borildi. Bu harakat 1924-yilning oxirigacha hozirgi Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida davom etdi. Bu davrda xalqning og’ir ahvoli yanada murakkablashdi.
Buxoro mamlakati hududlaridagi qurolli harakat qizil armiya va bolsheviklarning tajovuzkorligi, zo’ravonligi va talonchiligiga qarshi qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Kurashchilarning asosiy maqsadi qizil qo’shinlarni haydab yuborish, milliy qadriyatlar, asriy e’tiqod va urf-odatlarning poymol qilinishi, xo’rlanishiga barham berish edi. Shu maqsadlar yo’lida kurash olib borish uchun Buxoro respublikasi rahbarlaridan Usmonxo’ja Po’latxo’jaev, Muhiddin Maxsum Xo’jaev, Ali Rizo Afandi, Abdulhamid Oripov, Qulmuhamedov va boshqalar qo’zg’olonchilar saflariga borib qo’shildilar.
Bir guruh harakat yo’lboshchilari Buxoro respublikasi hukumatiga yo’llagan maktublarida Buxoroda bolsheviklar bo’lmasligi lozimligini, «favqulodda komissiya orqali kambag’al aholining mol-mulki va hayoti tortib olingan»ligini, «bolsheviklar jabr va zulmni avj oldirib yuborganliklarini va «Buxoroning mustaqilligi quruq so’z bo’lib qqlgan»ligini, «haqiqatda undan darak yo’q»ligini ta’kidlagan edilar.
Shu bilan birga, Buxoro hududida kurash olib borgan aksariyat qo’rboshilarning qarashlarida ziddiyatli tomonlar ham mavjud bo’lgan. Qo’rboshilar o’rtasida o’zaro hamkorlik, hamjihatlikning yo’qligi, mamlakatni rivojlantirishning aniq dasturi yo’qligi harakatni kuchsizlantirdi, uning kengayishiga halaqit berdi. Bundan tashqari, Buxorodagi harakatning Turkistondan, xususan, Farg’ona vodiysidagi harakatdan farq qiladigan asosiy tomoni shundan iboratki, ular ikki jabhada turib kurash olib bordilar. Bir guruh qo’rboshilar (Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor va boshqalar) amirlik tuzumi tarafdorlari bo’lib, ular faqat qizil armiyaga emas, yosh Buxoro hukumatiga ham qarshi kurash olib bordilar. Bu qo’rboshilar amir hokimiyatini qayta tiklash g’oyasini ilgari surib, sobiq amir Said Olimxondan yo’l-yo’riq olib turdilar. Lekin amir hokimiyati o’z vaqtida xalq noroziligini oshirgan, mamlakat taraqqiyotiga to’sqinlik qilgan edi. Ikkinchi guruh qo’rboshilar (Anvar Posho, Davlatmandbek, Jabborbek va boshqalar) muqaddas Buxoro tuprog’idan qizil askarlarning chiqib ketishi, Buxoro respublikasi mustaqilligi amalda qaror topishi uchun kurashdilar. F.Xo’jaev boshliq Buxoro Xalq Respublikasi hukumati ular bilan yashirin aloqa o’rnatib, muzokara asosida tinchlik yo’li bilan murosa qilishga intildi.
Bolsheviklarning tazyiqidan norozi bo’lgan Buxoro hukumati a’zolarining bir qanchasi muxolifat kuchlarga qo’shilib ketdi.
Afsuski, F.Xo’jaev boshchiligidagi Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvar kuchlar (sobiq Yosh buxorolik jadidlar) bilan muxolifatdagi qurolli guruhlar yo’lboshchilari o’rtasida kelishuv amalga oshmadi. Bu totalitar rejim sharoitida amalga oshishi mumkin ham emas edi.
Xorazmda jang harakatlarining boshlanishi va kengayib borishi. Xorazm vohasida bolsheviklar, qizil armiya kuchlariga qarshi qurolli kurash 1918-yil o’rtalarida boshlanib ketgan edi. Tajovuzkor kuchlar Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l)ni Xiva xonligiga qarshi hujum bazasiga aylantira boshladilar. Chorjo’ydan Amudaryo orqali harbiy kuchlar keltirildi. Xorazmning o’ng qirg’oq hududi XIX asrning 70-yillarida podsho Rossiyasi tomonidan bosib olinib, harbiy istehkomga aylantirilgan edi. Xorazm sovet hokimiyatidan Petro-Aleksandrovskni qaytarib berishni talab qildi, ammo rad javobini oldi. Aksincha, qizil qo’shinlar shu istehkomdan Xorazm vohasiga bostirib kirib, xon hokimiyatini ag’darib tashlashda foydalandilar.
Xorazm respublikasida 1920-yil bahoridan boshlab misli ko’rilmagan talonchilik va zo’rliklarga qarshi ommaviy qurolli kurashlar boshlandi. Bunga, ayniqsa, 1920-yilda qizil askarlar tomonidan Urganch aholisi, ulamolari norozilik yig’inining qonli bostirilishi, Qo’chmamadxon boshchiligidagi turkman yigitlarining o’ldirilishi, turkman aholisi ustiga jazo otryadlarining bostirib borishi, 1921-yil boshida Polvonniyoz Hoji Yusupov hukumatining fitna yo’li bilan ag’darilishi, begunoh kishilarning qamalishi, o’ldirilishi, mol-mulkining talanishi sabab bo’ldi.
Qurolli kurashni turkman yovmut urug’ining boshlig’i Qurbon-Mamed Sardor - Junaidxon (1857-1938) guruhlari boshlab, qator yillar davom ettirdi. Uning qo’shini saflarida o’zbek, qoraqalpoq va qozoqlar ham bor edi. O’zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madraimboy, Sa’dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan, Ko’hna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang’it, Qo’shko’pir, Chimboy, Qo’ng’irot va To’rtko’lda harakat qilgan o’nlab guruhlar qizil askarlarga jiddiy zarba berdi. Junaidxon boshchiligidagi isyonchilar hujumga o’tib, Ko’hna Urganch, Xo’jayli, Ilyali va Taxtani qayta egalladi, ko’plab qizil askarlarni asir oldi.
1921-yil yozida Qo’ng’irotda qo’zg’olon ko’tarildi. Bunday ko’tarilishlar tez-tez takrorlanib turdi. Rasmiy axborotlarda respublika hududida, qumlar orasida «kaltamanlar va bosmachilar sonining o’sishi», ularning kuch to’plab jangga kirganlari qayd etilgan. Qishloq va shaharlarning aholisi ularga xayrixohlik bildirgan. 1922-1923yillarda olib borilgan jangovar harakatlar qizil armiya qo’mondonligini tang ahvolga solibgina qolmay, balki respublikadagi siyosiy muhitga ham jiddiy ta’sir qildi.
Isyonchilar qatoriga mahalliy aholi vakillari, shuningdek Xorazm respublikasi hukumatining ayrim a’zolari qo’shildilar.
1922-yil aprel oyida Porsu shahri va uning atrofi qizil askarlardan ozod qilindi. Ko’hna Urganch atrofidagi qishloqlarda shiddatli janglar bo’ldi. 1923-yil qishida Pitnak, Hazorasp, Bog’ot, Xonqa tumanlarida dehqonlarning qo’zg’olonlari boshlanib ketdi. Qo’zg’olonchilar sovet tashkilotlarini tugatdilar, qizil askarlarga qarshi hujumni kengaytirdilar.
Harakatning shiddatli o’sib borishiga xunrezlikning kuchayishi, 1923-yil yozidan aholi qator qatlamlariga nisbatan ko’rilgan siyosiy-iqtisodiy tazyiq choralari, ko’plab kishilarning bolsheviklar tomonidan qamoqqa olinishi va otib tashlanishi sabab bo’ldi. Xorazmda ham qizil qo’shinlar qo’mondonlik buyrug’i bilan qishloqlarni vayron qildilar, tinch aholini ayamasdan o’ldirdilar. o’zbeklar bilan turkmanlarni bir-biriga qarshi qo’yish kuchaydi.
Xorazm respublikasida sotsialistik tadbirlarning amalga oshirilishi respublika markazida ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. Xiva atrofida 1924-yil yanvarida 10-15 ming qo’zg’olonchi to’planib, shaharni qamal qilishi, jiddiy talablarni ilgari surishi voqealarning cho’qqisi bo’ldi. Qo’zg’olonchilarning bir qismi shahar ichiga bostirib kirib, ko’cha janglarini olib bordi. 26-yanvar kuni kechqurun bo’lgan muhoraba janglari ayniqsa shiddatli kechdi.
Qo’zg’olonchilar o’z harakatlari davomida bir qator zo’rliklar va g’ayriinsoniy kirdikorlarning oldini olishga muvaffaq bo’ldilar. Xiva atrofida to’plangan g’alayonchilarning qat’iy talabi natijasida gunohsiz qamalgan mahbuslar hibsdan ozod etildilar. Soliqlar va o’lponlar masalasida ham ashaddiy adolatsizlikka, dehqonlarning mollari zo’rlik bilan tortib olinishiga yo’l qo’ymadilar.
Harakatning mag’lubiyati. Xorazmda qurolli kurashlar natijasida tajovuzkor qizil qo’shinlarga qator jiddiy zarbalar berildi. Qo’mondonlik yangidan-yangi harbiy qismlarni to’plab, aeroplanlarni Xorazmga keltirib, isyonchilarga qarshi jangga tashladi. Ular orasida Rossiyadagi fuqarolar urushida qatnashgan, jangovar tajribaga ega bo’linmalar, chunonchi, mashhur Budyonniy qo’mondonligi ostidagi sara otliq qo’shin ham bor edi.
Bolsheviklar, qizil armiya qo’mondonligi harakat rahbarlari bilan hech qanday muzokaraga kirishmay, ularni faqat qurol kuchi bilan bostirish rejasiga amal qilib bordilar. Shuningdek, harbiy munofiqlik, aholidan o’ch olishni ham keng qo’lladilar. Respublikada «bosmachilikka qarshi kurash uchun «favqulodda uchlik» (troyka) tuzilib (1922-yil oxiri), «bosmachilar» va ularga yordam berishda shubha qilingan yuzlab kishilar oliy jazoga hukm qilindilar va 24 soat ichida otib tashlandilar. Shuningdek, turkman qabilalari boshliqlari o’rtasida kelishmovchilik va adovat keltirib chiqardilar, turkmanlar va o’zbeklarni qarama-qarshi qo’yishga urindilar. Respublikada turli millatlar o’rtasida munosabatlar murakkablashib, jiddiy tus oldi.
Ammo hiyla-nayranglar kutilgan natijani bermadi. Qurolli kuch asosiy vositaga aylandi. Chunonchi, Xiva atrofida bo’lgan 1924-yil boshlaridagi qo’zg’olonni bostirish uchun 4-Aktyubinsk, 82-Turkiston otliq polki va aviaeskadriliya, To’rtko’ldan qo’shimcha qizil askar qismlari tashlandi. Bu kuchlar tazyiqi ostida qo’zg’olonchilar Xiva qamalini to’xtatib, chekinishga majbur bo’ldilar. Aeroplanlardan qumlarga chekinganlarni shafqatsizlarcha o’qqa tutdilar. Qo’zg’olonchilar ashaddiy qirg’in qilindi.
Xorazmda vatanparvarlar harakati ayrim guruhlar tomonidan 1935-yilgacha davom ettirildi. Buxoro, Xorazm respublikalari, umuman, O’zbekiston hududidagi sovet hokimiyati va qizil armiyaga qarshi kurashlar tarixiga yakun yasar ekanmiz, ularni keng xalq ommasi, birinchi navbatda dehqonlar qahr-g’azabi, noroziligining yuksak darajaga ko’tarilganligi ifodasi deb e’tirof etishimizga to’g’ri keladi. O’zbekiston XKS raisi F.Xo’jaev 1927-yilda bu harakatga baho berib, u «shiddatli siyosiy, sovetlarga qarshi xususiyat kasb etdi va butun o’rta Osiyoning mavjud uch respublikasi - Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqonlar aholisining deyarli ommaviy harakatiga aylandi...», deb ta’kidladi.
Harakatga aloqador bo’lgan umumiy xususiyat bu bosqinchi qizil armiyani, bolsheviklarni vatanimiz hududlaridan olib chiqib ketish talabi edi. Bu talab butun harakat tomonidan ilgari surildi. Keyingi maqsadlarga kelganda ko’pchilik harakat rahnamolari Buxoro va Xorazm mamkkatlarida 1920-yilgacha bo’lgan eski boshqaruv va hokimiyatni tiklashni ko’zladilar. Holbuki, eskilikka qaytish xalq manfaatlari va demokratiyaga zid edi. Albatta, bu hol o’zining salbiy tomonini ko’rsatmay qolmadi. Buxoro, Xorazm respublikalari hukumatlari qurolli muxolifat harakati bilan muzokaralar olib borish, xunrezlikning oldini olish va yangi, demokratik tuzumlarni xalq ommasi manfaatlari zamirida rivojlantirish yo’lida faoliyat ko’rsatdilar. Ammo ko’pchilik harakat boshliqlari dunyoqarashlari tor bo’lganligi uchun ko’p vaziyatda bu hukumatlar bilan murosa qila olmas edilar. Shunga qaramasdan qurolli harakat tarixi sovet hokimiyati osonlikcha Turkiston zaminida o’rnasha olmaganligi haqida guvohlik beradi va xalqimizning bu davrda ham mustaqillikka intilishi, mustabid tuzumga qarshi kurashganligi haqida dalolat beradi.