Katqal’a tarix zarvaraqlarida
Qal’aning tashkil topishi 1947 yildagi arxeologik qazilmalar davrida topilgan hosildorlik, suv ma’budasi Anaxita haykalchasi va undan bir muncha keyinroq Katqal’adan topilgan Xorazmshoh Artavning zarb qildirgan asosiy pul birliklari hisoblanmish kumush va oltin tangalari bilan bog’liqdir.

Urush va zo’ravonliklar boshqa go’shalar kabi Katqal’ani ham chetlab o’tmagan. Qonxo’r Chingiz bosqini, mahalliy qurolli to’dalar to’qnashuvlari, millatchi yovmutlar hujumlari qancha zamonlar o’tmasin tildan-tilga, dildan-dilga kitobdan-kitobga ko’chib saqlanib keladi. Eltuzarxon davrida imreli turkmanlarining beboshliklari avjiga chiqadi. Ular Buxorodan zarur narsalar olib kelayotgan savdo karvoniga hujum qilib, hamma narsalarini zo’ravonlik bilan tortib oladilar. Xon ular bilan kelishish maqsadida Kat hokimi Tangriberganbekni jo’natib Eltuzarxon imreli turkmanlarini o’ziga bo’ysunishlarini va shu bilan birga olingan barcha boyliklarni qaytarib berishni talab etadi. Lekin ular Tangriberganbekning o’zini ham asirga olib, xonga itoatsizlik qiladilar. Bundan g’azablangan xon ularni jazolashga oshiqadi.

Amir Vali otaliq, Eshim Bahodirlar isyonchilar ustiga qo’shin tortadi. Ko’p qon to’kishlardan keyin Kat hokimi Tangriberganbek va bosib olingan Buxoro savdogarlarining mol mulklari ham qaytarib olinadi va egalariga topshiriladi.

Turkmanlarning taka qavmi ham xonlik va amirliklarga qarshi isyon ko’tarib turar edi. Ular 1816 yilda xonga qarshi g’alayon bilan maydonga chiqadilar. Xon ikkinchi marta isyonchilarni yanchib tashlab, tartib o’rnatish uchun qirg’inbarot yurish boshlaydi. Isyonchilarni mahv etish yurishlarida katqal’alik Mulk Omon qo’shini qatnashayotgan edi. Shu qonli olishuvda ko’p navkarlar, jumladan lashkarboshi Mulk Omonning o’zi ham shahid bo’ladi.

Toshhovuz viloyatida bir necha bor yuzaga kelgan noroziliklar ham shafqatsizlarcha bostiriladi. 1913 yilda yovmut Shommikal Xiva xonligiga qarshi bosh ko’taradi. Muhammad Rahimxon unga qarshi Shixnazarboy va Monoq hokimi Nurjon Botirni navkarlari bilan jangga jo’natadi, isyon bostiriladi. Shu olishuvda xalqning mard o’g’loni Nurjon Botir Mir Ohun o’g’li peshanasidan o’q tegib shahid ketadi.

Sho’ro inqilobi amal olgandan keyin katqal’alik Qalandar ismli yigit yangi tuzumga norozilik bildirib, kichik to’da bilan qo’liga qurol oladi, ammo ular NKVD (Ichki Ishlar xalq komissarligi) tomonidan shafqatsizlarcha mahv etiladi.

Hamma davrlarda qal’a tarixini o’rganishga qiziqish oshgandan oshib boraverdi.

Sho’ro davri. Akademik S.P.Tolstov, Yahyo G’ulomov va Iso Jabborovlar qal’a tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarni aniqlaganlar. Jumladan, akademik Ya.G’ulomov o’z tadqiqotlarida Anushaxon hech qanday yangi kanal qazdirmaganligini balki u o’rta asr manbaalarida ta’kidlangan Buve va Vadak deb nomlangan tashlandiq kanallarni kengaytirib, chuqurlashtirgani, ularga Yormish, Shohobod deb nom berganligini qayd etadi. Kanallar bo’ylarida yangi shaharlar, beshqal’a―Hazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va Shohobod yuzaga keladi. Kanallar bo’ylaridagi shaharlarni Xiva atrofiga yaqinlashtirish va ularni mustahkamlash Abulg’ozi Bahodirxon tomonidan ilgari surib kelinayotgan g’oya bo’lib, Jayxundaryoning o’ng sohilida goh toshqin balosiga giriftor, goh esa suvsizlik azobini boshidan kechirayotgan xalqni chap sohildagi Katqal’aga ko’chirish ham aslida Xiva xonligini mustahkamlash degan gap edi.

Manbaalarga murojaat qilamiz:

«Katqal’a tarixini o’rganishda 1974 yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasi qoraqalpoq filialining M.Mambetullaev boshchiligidagi arxeologik otryadi (a’zolari–Yu.Manilov, A.Yusupov, G.Xo’janiyozov) madaniy qatlamlarni ochib, qolgan joylarda tozalash ishlarini olib bordi va shu bilan birga shaharning stratigrafiyasi xronologiyasini aniqlash uchun ikki joyda (shimoliy sharqiy, markaziy qismda) shurf solindi. Bu tadqiqotlarning natijalari ilmiy to’plam sifatida nashr qilingan. Unga ko’ra shahar boy madaniy qatlamlarga va murakkab ponografik tuzilishga ega ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari shaharda to’rt hayotiy bosqichi mavjud bo’lganligini ko’rsatdi.

Bular quyidagilar:

1 – bosqich. Miloddan avvalgi IV- III asrlar
2 – bosqich. Milodiy VII–VIII asrlar
3 – bosqich. IX–XI asrlar
4 – bosqich. XVII–XIX asrlar

Tadqiqotchi olimlar qal’a tarixining to’rt davrini o’z ichiga olgan sopol idishlar,taqinchoqlar, pul tangalarni ham topadilar. 2005–2007 yillarda shaharda arxeologik tadqiqotlarni tarix fanlari nomzodlariQ.Masharipov, S. Davlatov, Q. Sobirov va B. Sa’dullaevlar olib bordilar. Qazish, tadqiqot ishlariga ko’ra Katqal’ada qishqi, yozgi masjid bo’lib, uning yonboshidan paxsa devor yurilgan. Masjidlar poydevori pishiq g’ishtlardan quyib chiqilgan. Qishqi masjid ichida mehrav va 16 ta ustun tagkursi borligi ma’lum bo’ldi!

Ilmiy tadqiqotchilar yana shularni yozadilar:

«Masjidning shimoliy qismida yozgi masjid va bitta xona hamda tashqariga chiqadigan yo’lak ochib o’rganildi. Shuningdek butun devor bo’ylab masjidning umumiy rejalashtirilishini aniqlash uchun tozalash ishlari olib boriladi. Yozgi masjiddan qishqi zalga uchta eshik orqali kirilgan. Devorlar va pol ganch suvoqlar bilan suvalgan. Derazalar o’yma ganch panjaralardan iborat bo’lgan. Bu erdan asosan XVIII–XIX asrlarga oid sopol buyumlar topildi».

Ilmiy risolada avval qal’a atrofi chuqur handaklar, mudofaa devoridan iborat bo’lganligi ham qayd etiladi. Bu ilmiy izlanishlarning hammasida Katqal’a Anushaxon davridan ancha avval bunyod etilgani asosli ravishda qayd qilingan.

Qadim zamonlarda aholi savdogarlik, mayda hunarmandchilik bilan shug’ullangani bois qal’a ichida yashaganlar va uning tashqarisida dehqonchilik qilganlar. Davr, zamon o’tishi bilan aholi soni oshib, ular qal’a atroflaridagi erlarda rizq-nasiba etishtirish, chorva mollari asrash bilan ham shug’ullanadilar, o’zlariga turar-joy binolari qurib ola boshlaydilar – bora-bora qal’ada aholi soni kamaya boshlaydi.

1920 yil qish chillasida qizil sho’ro inqilobi o’rnatiladi. Uning kollektiv-jamoa xo’jaliklari tuzish siyosati qal’aning inqirozini yana tezlashtiradi. Qancha asrlar aholiga issiq oshiyon bo’lib kelgan go’sha 1964 yilda Otaxon Qurbonovning Katqal’ani tashlab chiqishi bilan qal’a butkul huvullab qoladi. Aholi qal’adan uzoqqa ketmay Katqal’a, Beklar, Oltinqal’a, Ko’raklar, Botirlar, Oq masjid, Shixlar, To’qmoqli elatlaridan maskan tutadilar. Katqal’a mustaqillik tufayligina o’zining qadimgi nomini topdi va Katqal’a qishlog’i deb atala boshlandi.

KO`P O`QILGANLAR