Komiljon Otaniyozov san’ati Xorazm musiqasi va madaniyatini, umuman olganda, o’zbek san’atining eng yaxshi an’analarini o’zida to’la namoyon etgan san’atdir.
Ustoz san’atkor o’zining betakror ijrochilik yo’li va yaratgan qo’shiqlari bilan o’zbek milliy san’ati va madaniyatiga katta hissa qo’shdi.
Xalq qo’shiqlari, dostonlari, Xorazm suvora va maqomlarini maromiga etkazib ijro etgan Komiljon Otaniyozov bastakor sifatida ham ko’plab g’azal va muhammaslarga kuy bastalab, o’zbek mumtoz ashulachilik san’ati uchun boy meros qoldirdi. U bastalagan «Salom, senga Xorazmdan», «Muborak», «Vatan», «Olqish», «Temir yo’l», «O’zbekiston», «Xorazm» kabi qo’shiqlar o’zining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi. San’atkorning jozibali va kuchli ovozi har bir asar talqinida tinglovchining qalbini larzaga soladi.
Ustoz san’atkor Olmaxon Haitova, Kommuna Ismoilova, Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Sharif Sultonov kabi yuzlab shogirdlar etishtirdi.
Xorazm teatridagi ijodiy faoliyati davomida «Farhod va Shirin»da Farhod, «Tohir va Zuhra»da Tohir, «Davron ota»da Davron ota, «Gulsara»da Qodir kabi o’nlab obrazlar yaratdi.
O’zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov El-yurtga xizmati singgan shaxsni e’zozlash, nomini abadiylashtirish bizning azaliy qadriyatlarimizdan. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2015 yilning “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan 2015 yilning 25-26 iyun kunlari Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Komiljon Otaniyozov nomidagi madaniyat va istirohat bog’ida O’zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov xotirasiga bag’ishlangan Respublika ko’rik-tanlovi o’tkazildi.
Mazkur ko’rik-tanlovni tashkil etishdan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov yaratgan ulkan ijodiy uslubni yoshlar orasida keng targ’ib etish, uning bizga qoldirgan boy madaniy merosiga ehtirom ko’rsatish, ustoz san’atkor kuylagan Segoh, Dugoh, Feruz, Suvora hamda boshqa ashula va qo’shiqlarini ijro eta oladigan yosh iste’dod sohiblarini aniqlab, kashf etishdan iborat.
Ko’rik-tanlov O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Xorazm viloyat hokimligi Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda o’tkaziladi.
Bu kabi tanlovlar asriy qadriyatlarimizga sadoqat, iftixor tuyg’ulariga yo’g’rilgan Vatanparvarlik, shukronalik, bunyodkorlik, bag’rikenglik, mehr-oqibat, muhabbat kabi mavzularda kuylab, katta ashula, xalq qo’shiqlari yo’nalishida ijod qilayotgan, ustoz san’atkorlarning ijodiy merosiga teran ko’z, yuksak ehtirom bilan boqib, o’zbek milliy qo’shiqchilik san’atiga munosib hissa qo’sha oladigan izlanuvchan, iste’dodli ijrochilarni kashf etish, ularni qo’llab-quvvatlash, katta sahnalarda xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishlari, o’z salohiyati, iqtidori va mahoratini namoyish etishlari uchun keng imkoniyat yaratadi, - deydi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov. Ko’rik-tanlovning Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlarda o’tkazilgan birinchi bosqichida yuzlab ishtirokchilar qatnashgan bo’lsa, yakuniy Respublika bosqichida jami 20 nafar yakkaxon xonanda va havaskor maqom ijrochilari o’zaro ijodiy bellashdilar. Tanlov nizomiga muvofiq, asarlar jonli ijro etildi. Ijro etilgan mualliflik qo’shiqlarida matnning saviyasi, musiqaning milliyligi, liboslar hamohangligi, ijrochining ovozni ishlatish mahorati, sahnada o’zini tutishi e’tiborga olinib, Hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlov natijalariga ko’ra, I o’ringa Xorazm viloyati ishtirokchilari Anvar Bekchanov hamda Akmal Qurbonov munosib deb topildi. II o’rin Navoiy viloyatidan Sherzod Aslonov, Xorazm viloyatidan Nabijon Xudoyberganov hamda Sharofjon Matchonovga, III Xorazm viloyati ishtirokchisi Artur Ozadov, Samarqand viloyati ishtirokchisi Daler Saidov hamda Toshkent shahri ishtirokchisi Feruzbek Normatovga nasib etdi.
Tanlovda, shuningdek, «Eng yosh ijrochi» nominatsiyasi bo’yichaToshkent viloyati ishtirokchisi Ma’ruf Omonov, «Eng jozibali ijro» nominatsiyasi bo’yicha Qashqadaryo viloyati ishtirokchisi Ilhom Qo’ziboev, «Eng keksa ijrochi» nominatsiyasi bo’yicha Samarqand viloyati ishtirokchisi Olim Po’latov g’olib deb topilib, ularga O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazining diplomlari, qimmatbaho sovg’alari homiylar va hamkor tashkilotlarning faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg’alari topshirildi.
Nazokat Ahmedova