Ustoz san’atkor xotirasiga bag‘ishlandi
Xorazm viloyati Shovot tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov xotirasiga bag‘ishlangan respublika ijodiy ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy qo‘shiqchilik san’atini ravnaq toptirish, uning an’ana va maktablarini boyitish, mazkur san’at rivoji yo‘lida samarali mehnat qilgan ijodkorlar xotirasini e’zozlash, ijodiy faoliyatini keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Komiljon Otaniyozov o‘zbek qo‘shiqchilik san’atida o‘ziga xos maktab yaratgan. Ustoz san’atkor betakror ijrochilik yo‘li bilan milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Xalq qo‘shiqlari, dostonlari, Xorazm maqomlarini maromiga yetkazib ijro etgan Komiljon Otaniyozov bastakor sifatida ham ko‘plab kuylar bastalab, o‘zbek ashulachilik san’ati uchun boy meros qoldirdi. U bastalagan «Salom senga, Xorazmdan», «Muborak», «Vatan», «Olqish», «O‘zbekiston», «Xorazm» kabi qo‘shiqlar xalqchilligi bilan ajralib turadi.

Ustoz san’atkor ko‘plab shogirdlar yetishtirib, el mehrini qozongan edi. Xorazm teatridagi ijodiy faoliyati davomida «Farhod va Shirin»da Farhod, «Tohir va Zuhra»da Tohir, «Davron ota»da Davron ota, «Gulsara»da Qodir kabi o‘nlab obrazlar yaratgan.

El suygan xonanda xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad milliy qo‘shiqchilik san’atidagi o‘ziga xos uslublarni keng targ‘ib etish, bu yo‘nalishda izlanayotgan yoshlar ijodini san’at ixlosmandlariga tanishtirishdan iboratdir.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida 20 nafar yakkaxon xonanda va havaskor maqom ijrochisi o‘z san’atini namoyish etdi.

Birinchi o‘ringa xorazmlik Anvar Bekchanov va Akmal Qurbonov munosib topildi. Ikkinchi o‘rin Navoiy viloyatidan Sherzod Aslonov, Xorazm viloyatidan Nabijon Xudoyberganov va Sharofjon Matchonovga, uchinchi o‘rin xorazmlik Artur Ozodov, Samarqand viloyati vakili Daler Saidov hamda Toshkent shahridan Feruzbek Normatovga nasib etdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA

KO`P O`QILGANLAR