Xiva xonligi tarixidan uch lavha (2-qism)
1863 yil iyun oyida Xiva xonligiga kelgan mashhur venger sayyohi Herman Vamberi “kirakash savdo kemalarida Amudaryodan kechib o’tganligini” yozib qoldirgandi. Demak, Amudaryo orqali savdo-sotiq yuklarini tashish xorazmliklar uchun yangilik emas.

Alibobo maydonidagi bandargoh

Ma’lumki, insonlar azaldan yashash va dehqonchilik uchun qulay bo’lganidan suv bo’ylariga intilganlar. Qa’la va shaharlarniyam daryo, arnalar bo’ylariga barpo etishgan. Shu boisdan ham Amudaryo bo’ylaridagi qadimiy shaharlar aholisi azal-azaldan savdo sotiq bilan shug’ullanib kelishgan. Xitoy, yunon, fors manbalaridagi Amul (Chorjo’y), Pandu (Tuproqqa’la), Yuenji (Urganch), G’arabxashna (Sho’raxon-To’rtko’l) shaharlarining tilga olinishi aynan daryo bo’ylaridagi taraqqiy etgan savdo-sotiq va kema karvonlari bilan bog’liqdir.

1863 yil iyun oyida Xiva xonligiga kelgan mashhur venger sayyohi Herman Vamberi “kirakash savdo kemalarida Amudaryodan kechib o’tganligini” yozib qoldirgandi. Demak, Amudaryo orqali savdo-sotiq yuklarini tashish xorazmliklar uchun yangilik emas.

1873 yil may oyidagi chorizm istilosi va 12 avgustda imzolangan Gandimiyon sulhiga ko’ra, daryoning chap sohilidagi erlar Turkiston general gubernatorligining Amudaryo bo’limi ixtiyoriga o’tkazilgandi. Gubernator fon Kaufman shahzoda Leyxtenberg maslahati bilan aynan daryo bo’yidagi Sho’raxonda chor podsholari sharafiga Petro-Aleksandrovsk shahrini barpo qilishadi.

Shahar barpo etish uchun tanlangan 3227 tanob er maydonlari daryo sohilidan 12 chaqirim naridagi Matniyoz devonbegiga qarashli dalalar edi. Fon Kaufman yangi port shahrining birinchi “qozig’ini” qoqdi va Toshkentga qaytib ketadi. Rus askarlari va mahalliy aholidan yollangan quruvchilar er osti omborlari, qurol aslaha xonalari, kasalxona, maktab, ma’muriy binolar, istirohat bog’i, zamonaviy ko’chalar, univermag, pochta, telegraf, bosmaxona, sanoat korxonalari qurishga kirishib ketishadi.

Oldiniga gubernatorlikka qarashli Amudaryo okrugi deya nomlangan bu hudud, 1874 yil 9 martdan Sirdaryo viloyatining Amudaryo bo’limi deya atala boshlaydi. 1886 yilda Amudaryo bo’limi oltita volostga ajratiladi. Petro-Aleksandrovsk, Sho’raxon, Shayx-Abbos, Saribiy, Biybozor, Nukus Amudaryo bo’limining volostlari edi.

Bu volostlar ichida eng taraqqiy etgani va evropalashgani Petro-Aleksandrovsk shahri edi. Biroq daryo bo’yidagi ushbu shahar va atrofdagi volostlar Amudaryoda kechgan toshqinlar sabab bir necha bora katta zarar ko’radi. Masalan, 1881, 1890, 1892, 1904, 1907 yillardagi daryo toshqini ba’zi binolar va dehqonchilikga zarar keltiradi.

1904 yil 30-31 yanvar kunlari bo’lgan daryo muzlab, toshqin kuchayishi sabab 1795 tanob er, 175 pud don, 85 uy, 250 pud paxta suv ostida qolib ketadi. 1905-09 yildagi toqin ofatlarini daf etishga esa 31512 kishi safarbar qilinadi. Shundan Sho’raxon volostidan 6453 kishi 174487 rubllik, Biybozordan 5566 kishi 150294 rubllik ish bajarishadi.

Vaqt o’tgan sari Petro-Aleksandrovskda kema qatnovi va flotiliya rivoj topib yuk tashish taraqqiy etadi. Flotiliyadagi kemalar vohada etishtirilgan yuklarni Chorjo’yga, u erdan Termizgacha etkazib beradigan bo’lishadi. 20 asrning birinchi choragiga kelib flotiliyadagi barcha kema, qayiqlar soni 1500taga etib keladi. Ushbu kemalar Orol va Chorjo’ydan xalq xo’jaligi yuklarini tashir, o’z navbatida Rossiyaga paxta, jun, meva, qorako’l teri, baliq olib qaytishardi. Amudaryo flotiliyasining mahkamasi kema va qayiqlarni ta’mirlaydigan ustaxona, matroslarning qo’nib o’tadigan mehmonxonasiniyam Petro-Aleksandrovskda barpo qilishadi.

1920 yilda xonlik tugatilib, XXR barpo etilgach, flotiliya o’z yo’nalishlari bo’yicha ishlab turadi. 1923 yilda bo’lsa Amudaryo davlat kemachilik boshqarmasi tashkil etiladi. Boshqarma ixtiyorida Orol dengizidan to Darg’onotagacha bo’lgan kema va qayiqlar qarashli bo’lgan. 1953 yilda Amudaryo davlat kemachilik mahkamasi Xorazm viloyatidagi Cholish posyolkasiga ko’chiriladi.

Ushbu mahkamaga qarashli kemalar Chorjo’ydan Orol dengizigacha bo’lgan masofada voha uchun kerakli bo’lgan xalq xo’jaligi yuklarini tashishgan. Mo’ynoq-Xo’jayli-Gurlan-Cholish-To’rtko’l-Chorjo’yda bandargoh- pristanda kemalar to’xtab yuk tushiradigan maskanlar bo’lgan. Gurlandagi bandargoh Alibobo maydonida bo’lgan.

Alibobo deganda ko’pchilik Gurlanliklar Eshimjiron qishlog’idagi o’tmishda qabriston bo’lgan hududni tushunishadi. O’sha vaqtda daryo qirg’og’ida joylashgan Alibobo, ayni paytda saylgoh vazifasini ham o’tagan. Chunki, daryo bo’yidagi kengliklarda joylashgan ushbu hudud g’oyatda xushmanzara, to’qayzorlar bilan burkangan, qolaversa daryoning narigi qirg’og’iga olib o’tiladigan, daryo kemalarida kelgan yuklarni qabul qiladigan pristan-bandargoh ham Aliboboda joylashgan bo’lgan. Shu boisdan bu erda aholi hamisha gavjum bo’lib, goh u qirg’oqqa, goh bu qirg’oqqa o’tuvchi, yuk qatnovchi odamlar bilan to’la edi.

Dastlab Cho’bolonchi qishlog’ida bandargoh- pristan qilmoqchi bo’lishganida, u hudud chagalang yumshoq er bo’lgan. Qolaversa dagish olib qishloqni suv olgan. Keyin shu vaziyatni hisobga olib, bandargohga qulay joy sifatida Eshimjiron qishlog’ini tanlashgan. Chunki, Eshimjiron qishlog’i erlari so’g’a, qattiq tuproqli hudud bo’lgani. Qolaversa bandargoh qurilmasidan oldinoq Eshimjirondagi Alibobo maydoni xalq saylga chiqadigan xushmanzara joy hisoblangan.

Eshimjiron qishlog’ida yashab kelayotgan Karimboy hoji Fayzullaevning hikoya qilishicha, “Aliboboga borishdagi yopning ko’prigida yoshlarning o’ziga xos musobaqasi bo’lgan. Negaki Eshimjiron va Moyli o’rtasida bo’lgan yop ko’prigi baland bo’lib, Gurlandan boraverishdagi asosiy yo’l shu erdan o’tgan. Aliboboga boradigan insonlar ot-aravada yo’l olishgan. Ushbu baland ko’prikdan kimning ot, aravasi bir tezlikda o’tishadi degan bahsli musobaqalar shu erdan boshlangan.

Alibobo maydoni nafaqat Gurlanliklarning, balki Shovot, Yangibozorliklarning ham o’ziga xos sayl o’tiradigan maydoni hisoblangan. Qolaversa, dagish olib, daryo toshqini bo’lgan paytdayam, tumanning boshqa hududlariga suv olish xavfi tug’ilsada, Eshimjiron, Moyliovul, Vazirdan hech vaqt daryo oqmagan.Daryo toshqin bo’lgan paytdayam. Chunki, Eshimjironning tagi, tuprog’i qattiq, so’g’a bo’lgan. Daryo bo’ylarida joylashgan bo’lsada, keksalar quduq qazishganda 30 metrdan suv chiqganini eslashadi.Toshday qattiq er bo’lganidan, shu boisdan Vazirda Toshlar degan ovul joylashgan.

Aliboboga yaqin erda traktor plug surganda xumbuzlar o’rni bo’lgan. Xumbuz bo’lgan erda elat bo’lgan, aholi yashagan. Hattoki, 1970 yillardayam damba oralig’idagi hududda, dalalarda bahorgi surish paytida Eshimjirondan Vazirgacha bo’lgan erlarda xum, ko’za, badya sinig’i ko’p topilardi.

Aliboboning orqa-kunbotish, shimol tomonida Xosminor degan minora bo’lgan. Ma’lumki, 1219-21 yillargacha-ya’ni Chingizxon istilosigacha Gurlanni Xosminor, Darxos deya nomlashgan. Aynan minorayam hudud nomi bilan Xosminor deb atalgan.

1936-38 yillarda arxeolog Yahyo G’ulomov Xorazmda tadqiqotlar o’tkazgan paytdayam ushbu Xosminordan qolgan g’ishtlar saqlanib qolganini ko’rgan ekan. Muarrix Maqdisiyning yozishicha, “Katdan (hozirgi Qoraqalpog’istondagi Beruniy (Shabboz) tumani nazarda tutilmoqda-U.B.) pastroqda, undan bir manzil narida daryoning o’ng qirg’og’ida Xos yoki Darxos degan aholi yashaydigan maskan bo’lgan”.

Akademik Yahyo G’ulomovning tadqiqotlariga ko’ra, “bu hozirgi Gurlan shahri yoki Gurlanning yoniga to’g’ri keladi”.

Xiva xoni, ma’rifatparvar tarixchi va tabib Abulg’ozi (1603-1664) ning “Shajarayi turk” asarida biz Xostminor degan hududni ko’p uchratamiz. U bir erda shu minora orqali Xivadan Katga o’tganlar desa, boshqa bir erda bu minora uning akasi Asfandiyorxon shu minoradan to Hazoraspgacha bo’lgan aholini qirib tashlashni buyurganligi munosabati bilan tilga olinadi. Abulg’ozi yana boshqa bir joyda 1573 yilda Amudaryo o’z o’zanini o’zgartirganligini va Xosminorning yuqorirog’idan Orol dengiziga qarab oqa boshlaganligini yozadi”.

Pitnakdan to Orol dengizigacha, umuman olganda Xorazm vohasining butun hududlarini 1936-40 yillarda ot, eshakda yurib tadqiq qilib chiqqan professor Yahyo G’ulomov, Xorazm tarixini, sug’orilish o’tmishini chuqur tadqiq qilgan olim bo’lgan. U qadimgi qo’lyozma asarlardagi, arxivdagi manbalarni, eshitgan, kuzatganlarini bir-biriga taqqoslab ilmiy xulosalar chiqargan. Shu asosda 1957 yilda ruscha, 1959 yilda o’zbekcha “Xorazmning sug’orilish tarixi” monografiyasini chop etdirgan. Yahyo G’ulomov ushbu asarida Xosminorga tegishli ma’lumotlarni sinchiklab o’rganadi va shunday yozadi: “Abulg’ozining bu ma’lumotlaridan Xostminor Katdan (Shayx Abbosdan, Shabboz, hozirgi Beruniy tumanining ilgarigi nomlari-U.B.) anchagina quyiroqda bo’lganligi, aniqrog’i Gurlan yonida, ya’ni daryo Katga burilgan joyda bo’lganligi ko’rinadi. Gurlan pristani yaqinida, Alibobo mozori yonida yaqingacha ham katta minora qoldiqlari saqlanib kelgan. Uni “Xos minorasi” deyishgan. Daryo suvi kamayganda suvdan uning uchi ko’rinib turgan. Suv toshgan paytlarda bu erda kema suzishi xavfli bo’lgan. Chunki, ko’pincha kemalar suvda yashiringan minoraga urilib ketgan. Qadimdan shu erda yashagan kishilarning aytishicha, kemada suzuvchi o’zbeklar bu minorani avliyo Alibobo karomatlari bilan paydo bo’lgan deydilar. So’nggi 35-40 yil ichida (Yahyo G’ulomov Eshimjiron,Gurlanga 1936-40 yillarda kelganini nazarda tutsak, minora to 1900 yillargacha saqlanib qolgan-U.B.) minora yo’q bo’lib ketgan (ya’ni minora qurilgan joyni dagish, suv toshqini olib minora daryoning ichida qolib ketgan, ba’zi paytlari daryo chekinganida, Xosminor talafot natijasida buzila boshlagan. Natijada aholi minoraga ishlatilgan g’oyatda mustahkam, xumbuzlarda yantoqqa pishgan chidamli g’ishtlarni olib ishlatishgan-U.B.), chunki uni asta-sekin buzib, g’ishtini tashib keta boshlaganlar.Aftidan, Xosminor yuqorida aytilgan Xosga taaulluqli bo’lsa kerak.

16 asrda daryo o’zanining o’zgarishi natijasida, (ya’ni 1573 yilgacha daryo Orolga emas, Kaspiy dengiziga quyilardi-U.B.) Xostminor daryoning chap qirg’og’ida bo’lib qoladi. 16, 17 va 19 asrlarda eng katta kechuv Xostminor maskanida, taxminan hozirgi Gurlan kechuvida bo’lgan. Xivadan Katga shunday aylanma yo’l bilan borilgani ajablanarlidir. Balki bu kechuv yo’l qadimdan bo’lib, bir joyda uzoq vaqtgacha mustahkam saqlanib qolgan bo’lsa kerak, qadim o’tmishda bu kechuv poytaxtni Mazdahqon bilan bog’lovchi asosiy kechuv yo’li bo’lgandir. Gurlan Amir Temurning vohaga qilgan yurishlari tarixida (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida) eslatib o’tiladi. O’sha vaqtda u o’ng qirg’oqda joylashgan.

Xosdan 25 km pastroqda Nuzkat qishlog’i bo’lgan. Agar bu qishloq Nuzvorning o’zi bo’lmasa, u holda Mang’it shahri joylashgan erga yoki undan biroz sharqroqdagi Jumirtov etagidagi Jumir qa’lasining xarobalariga to’g’ri keladi”.

Akademik Yahyo G’ulomovning ana shu tadqiqotlaridan ham bilsa bo’ladiki, Alibobo maydoni o’tmishdagi tarixiy maskanlardan biri hisoblangan.

Karimboy hoji Fayzullaevning fikricha, islom dini tarixidagi hazrat Aliga nisbat berilib “Alibobo” deya atalgan joyga, tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, payg’ambarning kuyovi bo’lgan hazrat Ali umuman kelmagan. Ammo bir qancha joylarda hazrat Aliga ramziy ma’noda nisbat berilgan qo’yimgoh, qabristonlar bo’lgan. Ma’lumki, vaziyat taqozosi bilan xonlik paytidagi “yilg’inliq”, “Tulkilibuva”, “To’rang’ilik buva” degan qabristonlarga xon farmoni, muftiy, shayxulislomlar taklifi asosida choryorlar nomi berilgan vaqtlar bo’lgan. Eshimjirondagi Alibobo qabristoni ham aynan shunday bo’lgan o’tmishda. Alibobo qabristonidagi qubrini 1953-54 yillardagi daryo toshqini, dagish olgan”.

Gurlandagi bandargohda 50 yil ishlagan Fayzulla Abdullaev (1906-1984) ning o’g’li, Karimbergan hojining otasi xotiralariga tayanib aytishicha, daryo bo’yidagi Eshimjiron qishlog’ining Alibobo maydonida bandargoh joylashgan. Bandargohda to’xtagan kema-barjalarda Gurlan, Shovot, Qo’shko’pir tumanlariga kerakli har turli xalq xo’jaligi yuklarini tushirishgan. Shuningdek, ushbu tumanlardan qaysidir viloyatga olib ketiladigan yuk, turli mahsulotlar ham Gurlan pristanidan barjalarga yuklab yuborilgan.

Mavsumga qarab olib ketiladigan, olib kelinadigan yuklar har xil bo’lgan. K. Fayzullaevning aytishicha, “Gurlan bandargohida odamlar guzarmon, alamchi, toyovchi, saldomchi kabi kasblarda ishlashgan va flotiliya boshqarmasidan maosh olishgan. Guzarman (perepravachi) ning vazifasi yuk, odamlarni kemada o’tkazish bo’lgan. Alamchi—( signalshik ), daryoda paroxod va barjalarda qatnashish xavfsizligini ta’minlash uchun kemaning har tomoniga kechasi ko’k, oq ponus yoqib qo’ygan. Kunduz kunlari kemada alamga qarab yurilgan. Alamni qazib qirg’oqqa o’rnatib qo’yishgan. Alam besh-olti metrlik yooch-simyog’ochga o’rnatilgan. Yuqori qismiga oq va qizil doskalar o’rnatilgan bo’ladi. Paroxod darg’asi shunga qarab kemani harakatlantirgan”. Asli To’rtko’llik bo’lgan, Gurlan bandargohidagi kemalarga darg’alik qilgan Qo’shim Jumatov (1920 yilda tug’ilgan, 2-jahon urushi qatnashchisi) o’z kasbi ortidan sho’ro davrida qator orden-medallarga sazovor bo’lgan.

Katta kema, barjalar Aralsk, Mo’ynoq, Chorjo’ylarga borib kelgan bo’lsa, Qilich Niyozboy, Shovot, Polvon kanallarida kema, pereprava, qayiqlar yurgan. Gurlanga ham yuklar kemada, qayiqda keltirilgan. Shuningdek, Amudaryoning narigi tomoni, Eshimjiron qishlog’ining ro’parasidagi Biybozorda chorizm davridan Urallik ma’lum bir aholi ko’chib kelib yashagan. Ularning millati rus bo’lib, soqol qo’yib yurishgan, kasblari Rossiyadagi kabi burlakchilik bo’lgan. Burlaklar soqol qo’yib yurgani uchun mahalliy aholi ularning maskanini Boboyqa’la ovuli deb atashgan. Boboyqa’lalik burlaklar ko’pincha daryodan pereprava orqali o’tib Gurlandagi bozorga kelib xarid qilib ketishgan. Kollektivlashtirish davrida Boboyqa’lada ham “Budyonniy” nomli kolxoz tashkil etilib, ularga Maksim degan kishi rais bo’lgan.

Karimbergan hoji Fayzullaev (1948 yilda tug’ilgan) ning eslashicha, ularning Alibobodagi uyi daryo yoqasida bo’lib, bir necha bor dagish olib suv tagida qolib ketgan. Alibobo maydonidagi xalq sayli-Navro’z, kuzdagi hosil bayramlariga nafaqat Gurlan, Mang’it, Yangibozorliklar, balki daryo ortidagi Biybozor, Shobboz, To’rtko’lliklar ham kelib ishtirok qilishgan.

Chorjo’y-Qo’ng’irot temir yo’li ishga tushganidan so’ng, Amudaryoda kema qatnovi o’z-o’zidan ikkinchi darajali transportga aylanib qoldi. Biroq mahalliy yuklar, aholining Cholishdan Shobbozga, Gurlandan Biybozorga o’tishi kemachilik mahkamasi ixtiyorida qolaverdi.

Daryo bo’yidagi elatlarda bandargohda ishlovchi kishilarning uylari bo’lgan. Yukchi, darg’a, alamchi, suyavchi, baliqchi kasblaridagi kishilar yashagan mahalla bo’lgan. Ular uchun ayrim barja-kemalar savdo do’kon qilinib, ushbu mahalladagilarga daryo orqali oziq-ovqat, buyumlar arzon bahoda olib kelib sotilgan.

Shu bilan birga ayrim bir kema kinoteatr qilinib jihozlangan. Ushbu kema daryoning ichinda to’xtab, atrofdagilarni jalb etish uchun o’z davrining zamonaviy musiqalarini qo’yib turgan. Kinokemada asosan bahor, yoz, kuzning issiq kunlarida kino qo’yilgan.

Daryo ko’pincha 15 noyabrdan 15 martgacha muzlagan paytlar bo’lgan. Qishda ham daryoda baliqchilik rivojlangan. Muzning qalinligi yarim metr bo’lgan. Baliqchilar va mahalliy aholi tilida “yilov” degan tushuncha bo’lgan. “Yilov”-daryoning muzlamay qolgan hududi bo’lib, uzunligi 1 km, eni 200-300 metrgacha etgan. Daryoning, erning issiqligi- bug’i shu erdan chiqib turgan. Sovuq bo’lsada “yilov”langan hudud qotmagan. Baliqchilar shu erdan baliq ovlagan. Qayiqni chanaga yuklab “yilov”ga olib borishgan. Ayni paytda “yilov”-daryoning eng chuqur hududida bo’lgan. Atrofdagi soy suvlar esa muzlab, qotib qoladi.

Daryo bo’yidagilar ishlatgan yana “sang” degan tushuncha ham bo’lgan. “Sang” deganda daryodagi katta-katta muzlar tushunilgan. Ko’pincha daryo muzlamasdan oldin “sang”-katta katta muzlar oqa boshlagan. Muzlar biri ustiga biri mingashib qotib qolardi. Daryo oqqan hududda, paroxod yurgan joylarda, pastdan yuqoriga qarab “sang” paydo bo’ladi. Buni daryo bo’yidagi aholi “o’kcha” deyishgan. Ya’ni daryoning qotishi. Daryo muzini yuqori tomonidan pastga qarab buzib kelishgan. Muz bo’lak-bo’lak bo’lib daryoning tor erida tiqilib qolgan paytlari xavfli sanalgan. Shu tiqilinch joyda daryo toshqini xavfi bo’lgan. Bombachi degan kasbdagi ruslar muz qalashgan hududni bomba tashlab buzib yuborgan.

19 asr oxiri, 20 asrdagi Xorazm, Qoraqalpog’istondagi kemachilik mahkamasi va uning tarix oldidagi, voha taraqqiyotidagi xizmatlari, tarixdan o’rin oldi. Aynan flotiliya, keyinchalik kemachilik mahkamasidan yuzlab dengizchi, daryochi-matroslar, kemasozlar, yo’l boshlovchi darg’alar etishib chiqdiki, ularning mehnat qahramonliklari adabiyot va san’at vakillariga ajoyib mavzu bo’lishi mumkin. To’rtko’l, Chalish, Beruniy, Nukus, Mo’ynoq, Gurlan tumanlaridan Fayzulla Abdullaev, Jumaboy Hayitqulov, Ibrohim Nurmetov, Qo’shim Jumatov, Abdullaev Jumaniyoz darg’a, Aminboy O’rozov, Omonboy Karimov, Durdi Ibodullaevlar singari ajoyib kema kapitanlari, qayiqchi darg’achilar, kemasozlar o’z ishining mohir ustalari sifatida dong qozonishdi. Ular tarix sahifalariga “Amu burlaqlari”, “Amu zahmatkashlari”, “Port shahar kemachilari” deya o’z nomlarini muhrlab ketishdi.

Xiva xonligi tarixidan uch lavha (1-qism)

KO`P O`QILGANLAR