XIX asrdagi «Rossiyskiy» mahsulotlar
Hali, 1873 yilgi bosqindan 10 yil oldin—1863 yili Xivaga kelgan venger sayyohi Vamberi «O’rta Osiyoga sayohat» kitobida «Xiva xonligida Rossiyadan keltirilgan biron bir narsa bo’lmagan xonadon yo’q» deya yozgandi.
XIX asr oxirida esa xonlik iqtisodiyoti shu tariqa Rossiyadan olib kelinadigan mahsulotlar bilan rivoj topib, bozorlar savdogarlarning savdo-pul munosabatlarida asosiy vosita makoni edi.
Ayniqsa, Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Chimboy va Xo’jayli singari bekliklarda har kuni bozor uyushtirish huquqi xon tomonidan berilgan bo’lib, poytaxt Xivada esa haftada ikki kun—dushanba va juma kunlari bozor bo’lardi.
Ana shu bozorlarni mahsulotlar bilan to’ldirishda esa Xorazmlik savdogarlar tinim bilishmagan. Ular endi oldingidek Orenburgga emas, Rossiyaning ichki shaharlariga ham bevosita o’zlari mahsulotlar olib borishgan.
Masalan, 1880 yilning o’zida Xorazmlik savdogarlardan etti nafari 9900 pud paxta, 1210 pud chorvachilik mahsulotlari va 240 pud hunarmandlar yasagan turli buyumlarni olib borib sotishganlar.
Ayniqsa, Xorazmlik savdogarlardan Xivalik og’a-ini Xudoyberganovlarning tashqi savdo aylanma pullari 270 ming, Polvonqoriniki esa 90 ming, Madrimovniki 54 ming rublni tashkil qilardi. Shuningdek, Yangi Urganchlik Polvon sag’irchining savdodagi aylanma puli miqdori 400 ming, Vaisboboniki 200 ming, Haji misgarniki 200 ming, Boboovulniki esa 100 ming, Muhammad Sharifniki bo’lsa 70 ming, Bobojon cho’loq laqabli savdogarniki 70 ming, Eshonqoraning savdodagi aylanma puli esa 50 ming rublni tashkil etardi. O’sha vaqtda bu pul miqdori katta hisoblangan.
Aynan rus tilini bilganidan Moskva, Nijno’y Novgorod singari shaharlardan borib mahsulot keltiradigan Vais baqqol, og’a-ini Xudoyberganovlar, Polvonqora hamda Gavdonboylarning esa xonlikda obro’si g’oyat katta bo’lgan. Ushbu savdogarlar Rossiyadan movut, qimmatbaho choponlar uchun parchalar hamda chitlarni keltirishgan. Xivalik Polvonqora degan savdogarning bir o’zi esa har yili 15 ming rubllik parchani Rossiyadan olib kelardi.
1880-85 yillarga kelganda bevosita Rossiyaga savdo qilib borgan savdogarlar soni tobora oshib bordi va 1890 yilda ular soni 30 tani tashkil etgan. Salimjonov, Odamov, Mustafoev va Ibragimov singari Yangi Urganch va Xivalik ayrim savdogarlar, hattoki Rossiya fuqaroligiga ham o’tishgan, ular Nijno’y Novgorod, Moskva shaharlaridan uy sotib olib, mahsulotlarni karvonboshilar orqali yubortirib, tijoratni o’sha yoqda turganicha boshqarib ham turishgan.
Rossiyaga borish uchun XIX asrda Xorazmlik savdogarlar Xiva—Ko’hna Urganch-Sariqamish—Ilonli-Qo’ng’irot va u erdan qoraqalpoq cho’llari hamda qozoq dashtlari bo’ylab Orenburggacha bir yarim oy ot, tuyalarda yo’l yurishgan. N.Muravyovning «Xiva xonligiga va Turkmaniyaga sayoxat» asarida yozilishicha, «Xiva xonligi ushbu yo’llardagi 15 joyda 500 navkarni karvonlarni qo’riqlash uchun ajratardi.»
Bundan tashqari Kavkazga borish, dengizga chiqadigan Xiva-Qo’ng’irot-O’likqo’ltiq-Mang’ishloq degan 450 km.lik, Xiva-Toshhovuz-Ashxabod bo’ylab 447 km.lik va Xiva-Ko’hna Urganch-Krasnovodsk bo’yicha esa 600 km.lik savdo yo’llari bo’lib, karvondagi savdogarlar o’zlari istagan, ko’nikkan va yo’ldagi aholi joylaridayam savdo qilib boradigan manzillar bor edi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib Xorazmning savdosida karvon yo’llaridan ko’ra, Amudaryo orqali safarga chiqish ancha arzonga tushar, natijada bu borada suv yo’llari rivojlantirilgan.
Bu paytda ayniqsa bevosita Rossiyadan kelgan va shu erda o’z firma, aktsionerlik jamiyatlarini ochayotgan savdogar hamda fabrikantlar ko’paya boshlashdi. Bu borada Ryazanov, Lyashin, Ananov, Kotin, Tretyakov, Malyutin singari millioner rus savdogarlari Xiva xonligida o’z firmalarini tashkil etganlar. Bunga asos sifatida 1874 yilda Moskva savdogarlarining «Savdo-sanoat» shirkati katta rol o’ynagandi.
Ular tomonidan xonlikda asosan paxta tozalash zavodlari, baliqchilik va beda tozalash sanoatlari barpo etila boshlangandi.
XX asr boshlariga kelganda Rossiyaning Ivanova fabrikasidan chitlar, Baranov fabrikasidan ro’mollar, Kudrin fabrikasining bo’lsa oq chitlari, Moskvalik aka-uka Sapojnikovlar firmasining ipak tovarlari, «Zinger va K» firmasining tikuv mashinalari Xorazmda eng xaridorgir mahsulotlar edi.
Shu kabi temir idishlar, neft va neft mahsulotlari, miltiq va o’q-dorilar, ayollar taqinchoqlari, temir kravotlar, grammafonlar, Esentuki va Narzon suvlari, tibbiyot dori-darmonlari ham aholi tomonidan Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar sifatida g’oyat qadrlanardi.
Xorazmdan bo’lsa Rossiyaga paxta, beda urug’i, qorako’l teri, ipak, ko’rpalar, paxta hamda ipakdan bo’lgan choponlar, qovun, meva qoqlari eksport qilingan.
Xonlikdan Rossiyaga sotiladigan asosiy tovar paxta xom ashyosi bo’lib, uni sotish yildan yilga o’sib borgan. «Agar 1887-1896 yillarda har yili 178 ming pud paxta chiqarilgan bo’lsa, 1906-1916 yillarda o’rtacha 767 ming pud paxta sotilgandi. 1890 yillarda xonlikdan Rossiyaga o’rta hisobda 278166 pud har xil mollar olib ketilgan bo’lsa, Rossiyadan Xiva xonligiga 23800 pud turli mahsulotlar keltirilgandi» (O’zbekiston tarixi, 1956, 323 bet).
Bora-bora Rossiya kapitalining xonlikda ko’paya borishidan so’ng Xorazmda nafaqat savdo firmalari, tijorat banklari, agentliklari, savdo omborxonalari ham barpo etila boshlandi. Kattagina savdo pul aylanmasiga ega bo’lgan «Tsindal», «Poznanskiy», «Katta Yaroslavl manufakturasi», «Aka-uka Nobellar», «Moskva savdo-sanoat jamiyati», «Kavkaz va Merkuriy», «Nadejda», «Vostochnoe obhestvo», «Rossiyskoe transportnoe obhestvo» kabi aktsionerlik jamiyatlari o’z filiallari va vakolatxonalarini Yangi Urganch shahrida ochadi. Aynan Xivada emas, Yangi Urganchda vakolatxonalarning ochilganiga sabab, bu shahar daryo yoqasida bo’lib, qolaversa Xivaga qaraganda ruslar asos solgan Petro-Aleksandrovskning yaqinligida edi. Shuningdek, bu erda ruslar ko’pchilikni tashkil qilib, evropacha ko’cha, mehmonxonalar, uylar ham paydo bo’la boshlagandi.
Yuqoridagi firma va jamiyatlar, xonlik savdogarlari bilan rus sudxo’rlari o’rtasida dallolik vazifasini bajarishar edilar. Bunday savdo-sudxo’rlik operatsiyalarida paxta olib sotuvchi paxta zavodi egalari, tarozibonlar boyib borishardilar. Ana shunday savdo sudxo’rlik ishlarining vakillari sifatida Avazbobo Yoqubov, Polvonniyoz sigirchi, Matvafo Yusupovlar o’sha vaqtda dong qozonishgandi.
Shu bilan birga savdo pul tovar munosabatlari bilan barobar kredit bank tizimi ham rivojlana boshlagandi. Xususan, Rossiyalik Kozyakov endigina katta tijoratga qo’l urayotgan Mutrazo Xo’jabekov, Nurmuhammad Boboev, Vaisboy Yoqubov, Muhammadyoqub Yusupov, Iskandar Erniyozov, Nurmuhammad Ernazarov kabi savdogarlarga 1560 rubl miqdorida 1900 yilda kredit berib turgan.
Bundan tashqari, xonlikda XX asr boshlarida banklar ham vujudga kela boshlagandi. Chunonchi, 1909 yilda Yangi Urganchda rus xitoy banki bo’limi, 1910 yili rus xitoy banki va shimoliy bank hamkorligida «Rus Osiyo banki», 1915 yilda Sibir va Moskva savdo banklarining agentliklari Xorazmda faoliyatini boshlagandi.
Ushbu banklar paxta xom ashyosi va boshqa xom ashyo mahsulotlari etishtirovchilarga oldindan pul to’lab qo’yishardi.
1905 yildan esa Xorazmda kim oshdi savdolari ham o’tkazilgan. Bunda xonqalik savdogar Boltaboy Jonibekovning o’z vaqtida qarzini to’lay olmagani uchun uyi va eri auktsionga qo’yib sotib yuborilgan. Shu kabi «singan» yana Xonqa bekligidan Yusufboy Hayitboev hamda Toshhovuzlik P.Karmonovlar qarzga botganliklaridan molu mulkini sotishga majbur bo’lishgandi.
Xullas, XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi savdogarlar hayotida Rossiya bilan savdo aloqalari kuchayishi bilan birga, o’z vaqtida paxta etishtirishga qarz olib, paxtasi bo’lmaganligidan «singan» savdogarlar ham afsuski bor edi.
1914 yilda boshlangan 1 jahon urushi va unda Rossiyaning ishtiroki, Xorazm bilan bo’lgan savdo aloqalariga ham salbiy ta’sir ko’rsatdi. Xususan, 1911 yilga nisbatan 1915 yilda don mahsulotlari olib kelish 54 foizga, kiyimlik materiallari 34 foizga, paxta iplari 48, idish tovoqlar 60, sovun 22 foizga qisqarib, narxlarning oshishiga ham olib keldi.
1917 yil oktyabrdagi davlat to’ntarishidan so’ng esa, Xorazmning yaqin savdo vositachisi bo’lmish Rossiya bilan aloqalari uzilib qoldi. Chunki, Rossiyada hokimiyat tepasiga bolsheviklar kelishgan, Xorazmda esa hamon xonlik tuzumi mavjud edi.
Pora olgan polkovnik
“Hammasi bo’lib, polkovnik Kolosovskiyga 187000 so’m berdim”, deya izoh berdi maxfiy xizmat boshlig’iga Isfandiyor. U polkovnikka bo’ysunadigan oddiy zobit, yo fuqaro emas, balki Xiva xoni—davlat rahbari edi. Qolaversa, imperator Nikolay II unga general-leytenant unvonini bergandi. Xo’sh, general bo’lgan shaxs qanday sabablarga ko’ra oddiy bir polkovnikka pora bergan?
1873 yil Chor Rossiyasi Xiva xonligini zabt etgach, Gandimiyon shartnomasiga ko’ra, Amudaryoning o’ng sohilidagi erlar rus podshosi ixtiyoriga o’tdi. Turkiston general- gubernatori fon Kaufman qa’la uchun joy tanlab, shahzoda Leyxtenbergning taklifiga ko’ra, yangi shaharga Petro-Aleksandrovsk, deb nom berdi. Tezda bu shaharda harbiy garnizon, shifoxona, maktab, pivo va yog’ zavodi, bosmaxona barpo etildi. Petro- Aleksandrovskda “har qanday xavf-xatarning oldini olish uchun 1,2,4 va 8 kazak polklari, o’qchi diviziya, tog’ artilerriya divizioni soqchilik qilar, zambaraklar Xiva xonligiga qaratib qo’yilgandi” (“Turkestanskiy sbornik”, 75 tom, 49 –bet).
Chor Rossiyasining Amudaryo bo’limi boshlig’i imperatorning eng ishonchli amaldori hisoblanib, uning zimmasiga Xiva xonligini muntazam kuzatib turish topshirilgan edi. Shu bois fon Kaufman bo’lim boshlig’iga yozgan maxfiy maktubida, “Xiva xonligida bo’layotgan voqealardan ko’z-quloq bo’lib turish, Amudaryo muzlagan paytda G’azovot, Zamaxshar orqali o’tib yovumudlarga zarba berish lozim” ligini uqtirgandi. (O’ZMARDAVARXIV, 11 fond, 3 tasvir, 264 delo, 3 bet).
Vakolatiga Xiva xonini nazorat qilish topshirilgan Amudaryo bo’limi boshlig’i qilib tayinlangan harbiylarning aksariyati polkovanik unvoniga ega bo’lgan: Ivanov, Glushanovskiy, A.Samsonov, Dryagin, Likoshin, Kolosovskiy. Ushbu polkovniklar o’zlarini, hatto, Xiva xonidan ham ustun, mutloq hokim sanar, u bilan mensimay muomilada bo’lishardi. Ayniqsa, 1913-1916 yillarda Amudaryo bo’limi boshlig’i bo’lgan polkovnik Kolosovskiy imperiya markazidagi boshboshdoqlik, 1-jahon urushi sarsongarchiligidan foydalanib, boyish iskanjasiga tushdi. U hatto, Xiva xonidan ham pora olardi.
1916 yilning 16 oktyabrida bevosita Peterburgga bo’ysunuvchi rus maxfiy siyosiy politsiyasi—Turkiston rayon muhofaza bo’limi (TRMB) boshlig’i, polkovnik Volkov, Xiva xoni Isfandiyorxonni qabul qiladi. Zero, bu paytga kelib, xonlikni nazorat qilib turadigan Amudaryo bo’limi boshlig’i, polkovnik Kolosovskiyning poraxo’rligi imperatorning ham qulog’iga borib etgan edi. U 1916 yil mart-iyul oylarida mardikor olish bahonasida, To’rtko’l volosti boshqaruvchisi Qozoqboy Abubakirovdan 20 ming rubl, Sho’raxondagi Shibikli jamiyati katxudosi Davlatmurod matkarimmovdan 351 tilla pora olib, evaziga yigitlarni mardikorlikdan olib qolgandi. Bu esa oq podshoga qarshi xalq qo’zg’olonining kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Natijada maxfiy politsiya poraxo’r polkovnikning qing’irliklarini o’rganib chiqdi.
Kolosovskiyga pora berganlar qatorida Xiva xoniyam izoh yozib berish uchun chaqirildi. U maxfiy politsiya boshlig’iga bu to’g’rida quyidagicha izoh beradi: “Polkovnik Kolosovskiyga bergan pullarim vaqtini aniq yozmaganman, lekin daftarchamdagi yozuvlarda aks etganlarini og’zaki bayon etgaman. 1915 yil boshida polkovnik Kolosovskiyga Matvafo orqali 5000 rubl berdim. O’sha orqali unga yana 5000 rubl jo’natdim. 1915 yilning ikkinchi yarmida Matvafo ishdan bo’shatilganidan so’ng Kolosovskiyga Abdullaxon orqali 5000 rubl berib yubordim. 10 kundan keyin esa Matvafoni birinchi vazir sifatida qayta mansabga tayinlaganimdan so’ng Kolosovskiy yana shaxsan o’zimdan 10000 rubl oldi. Matvafo polkovnikning mendan tulpor olish istagi borligini xabar qildi, shunda Matvafo barcha otlarimni unga ko’rsatishni buyurdi. U o’ziga ikki otni oldi. 1916 yilning qishida men rus armiyasi zobitlari va askarlariga po’stinlar sovg’a qilganimda, Matvafodan Kolosovskiyga nimani tortiq qilish lozimligi haqida so’raganimda, u polkovnik narsadan ko’ra pulni afzal ko’rishini aytdi. 1915 yilning noyabrida polkovnik xotini bilan oldimga kelganida, har biriga po’stin uchun 2000 rubldan, hammasi bo’lib 4000 rubl tutqazdim.
Matvafoning maslahatiga ko’ra, Kolosovskiyning xotini uchun Moskvadan brilliant isirg’alar buyurtirdim va shaxsan unga topshirdim. Isirg’alar 4000 rublga tushdi. Polkovnikning xotini o’sha 1915 yili ketadigan bo’lganida unga yo’l xarajati, deb 1000 rubl tutqazdim. Matvafo Kolosovskiy mening oldimga kelib-ketib yurganidan xafa ekanligini bilib, 1915 yil oxirida unga 5000 rubl yubordim. 5-6 kundan so’ng Kolosovskiyga shaxsan 5000 rubl berdim. 10 kundan keyin yana 5000 rubl tutqazdim. Bir necha kundan so’ng Matvafodan Kolosovskiy yana mendan umidvorligini eshitib, 5000 rubl berdim. Bir necha kundan keyin Matvafo menga polkovnik Kolosovskiy oz pulga qanoat hosil qilmaganini aytgach, polkovnik Kolosovskiyga shaxsan 20000 rubl tutqazdim.
Shu yil boshida yovmudlar Xiva qa’lasi ostonasida jang qilayotganida Kolosovskiyning iltimosiga ko’ra, shaxsan unga 5000 rubl topshirdim. General Galkin turkmanlarni tinchlantirib, Xivadan jo’nab ketgach, polkovnik Kolosovskiy Matvafoning ukasi Abdurahmon orqali menga o’zining bu erda bo’lishidan foyda ko’rish niyatini aytganidan so’ng men unga Abdurahmon Baqqolov orqali 30000 rubl yubordim. Kislovodskiyga ketishimdan oldin ikki kun ilgari polkovnikka ikki boylam pul: birida 25000 rubl, ikkinchisida 50000 rubl—hammasi bo’lib, 75000 rublni Abdurahmon Baqqolov orqali jo’natdim. 1916 yilning yozida Kavkazga ketishimdan bir kun avval polkovnik Kolosovskiy oldimga xotini va qizi bilan xayrlashuvga kelganida uning qiziga 3000 rubl sovg’a qildim. Hammasi bo’lib Polkovnik Kolosovskiyga 187000 rubl berdim”.
Bergan pullarini yashirmay batafsil aytgan Isfandiyorning izohini Mamedov tarjima qiladi. Ushbu hujjatga maxfiy politsiya boshlig’i, polkovnik Volkov hamda tarjimon Mamedov imzo chekkan.
E’tiborlisi shundaki, o’sha 1916 yilda 5 tiyinga tovuq, 15-20 rublga eshak, 30 rublga sigir, 60-70 rublga ot bergan paytda Isfandiyorning polkovnik Kolosovskiyga bergan 187000 rubli naqadar katta pul ekanligini o’zingiz tasavvur qilavering.
Poraxo’rlik botqog’iga botgan polkovnik Kolosovskiy imperiya maxfiy politsiyasi tekshiruvidan so’ng ishdan olinadi va Rossiyaning ichki guberniyalariga xizmatga yuboriladi. Bu orada 1917 yildagi dolg’ali davr boshlanib, er-xotin Kolosovskiylar Rusiyada halok bo’lishdi. Ular yiqqan molu-mulk ham talon taroj bo’lib ketdi. Polkovnik Kolosovskiy tarixda faqat poraxo’r, degan nom bilan qoldi, xolos.
Isfandiyorxon bundan tashqari Rossiyaning yana ko’plab amaldorlariga ham pora berib turgan. Masalan, u 1911 yilda 40 nafar amaldorlari bilan Petrogradgadga borganida oltin, kumushdan qilingan ashyolar, turkman gilamlari va zotli otlarni olib ketib, ularni imperator Nikolay II ga sovg’a qilgan.” Ushbu safariga xon Xivada 3 oy tayyorgarlik ko’rib, Xorazm ustalariga Tozabog’da safar uchun sovg’alar tayyorlatadi. Ular kumushdan ishlanib, tilladan jilo berib bezatilgan xum, qumg’on, samovar, ko’zalar; 18 dona tilladan jilo berib bezatilgan qilich; 18 dona tillodan jilo berib bezatilgan pichoq, dastagi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan 9 dona toj; 18 ta yovmut zotli otlari; 18 ta kumushdan jilo berilgan yoki kumushdan qilingan otning egar-jabduqlari; 40 ta katta hajmdagi yovmut gilamlari; bulardan tashqari Imperator ministrlariga, Turkiston general gubernatoriga va Nikolayning o’g’liga alohida maxsus sovg’alar taqdim qilgan.” (O’zMardavarxiv, 125 –I-fond, 1-ro’yxat, 609-ish, 78-79-varaqlar).
Shuningdek, Isfandiyorxon o’sha safarida Nikolayning o’ziga 100 ming rubl va o’g’liga 200 ming rubl taqdim qiladi.
Bunday turli yo’sindagi asli pora bo’lgan sovg’a va xayriya atalmish tuhfalar ko’p yillar davom etgan. Masalan, “Isfandiyorxonning 1910 yil avgustidan 1916 yil oktyabriga qadar Toshkentdagi blagovotritelno’y jamiyati, Turkiston telegraf jamiyati, Toshkent kadet korpusi kabi har xil jamiyatlarga va Turkiston general gubernatori, harbiy ministr nomlariga telegraf orqali yuborgan pullari 220 ming 450 rublni tashkil qilgan.” (O’Zmardavarxiv, 461-i-fond, 2-ro’yxat, 1899 a-ish, 367-varaq).
Xiva xonining bunday tuhfalari yildan yilga ortib, undan ta’ma qiladiganlar orasida amaldorlarning nafaqat o’zlari, balki xotinlari ham bor edi. Jumladan, “Rossiya-Osiyo bankining Yangi Urganchdagi bo’limiga vaziri Islomxo’ja orqali 1911 yil dekabrida Petrogradga-general Tseylo nomiga 2 ming rubl, 1914 yil aprelida o’z nomidan Petrograddagi harbiy ministr Suxomlinovning xotini (Suxomlinova) ga 40 ming rubl, shu yil noyabrida Kolosovskiy orqali general Galkinga 3 ming 200 rubl o’tkazgan” (yuqoridagi arxiv, o’sha ish, 382 varaq).
Umuan olganda Isfandiyorning beradigan poralariga o’rganib qolgan general gubernatorlar undan “1911-1916 yillarda (bu vaqt ichida uch-to’rt kishi Turkiston general-gubernatori bo’lgan) 257 ming rubldan ortiq pulini olishgan”. (o’sha arxiv, 88-91, 7, 332 –varaqlar).
Bular faqat ba’zi arxiv ma’lumotlarida qayd qilinib qolgan hujjatlarda aks etgan pullargina xolos. Isfandiyor esa bundan boshqa yana ko’plab oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan turli buyum va ashyolar, zotli otlarniyam tuhfa qilib turgan. Shuningdek, nafaqat amaldorlar, balki oliynasab rus knyazlari ham xondan sovg’a olishgan. Masalan, “xonlik eridan katta er maydonlarini sotib olgan knyaz Andronikovga, 1913 yilda Isfandiyor hadya qilgan sovg’alar ichida kumushdan yasalib, tilladan va briliantdan bezak berilgan ko’plab ashyolar, qilich va xanjarlar, 20 ta turkman gilami bo’lgan.” (o’sha arxiv, 17 ro’yxat, 957-ish, 1-varaq).
Ana shu faktlardan kelib chiqib savol tug’iladiki, Xiva xoni, general Isfandiyor nega Xorazmdek bir davlat hukmdori bo’la turib pora bergan?
Ma’lumki, 1873 yildagi chor imperiyasi istilosidan so’ng, Xiva xonligi mustamlakaga aylangandi. 1910 yilda taxtga chiqqan Isfandiyor esa bevosita imperator farmoni bilan tasdiqlangan bo’lsada, Petro-Aleksandrovskdagi Amudaryo bo’limi va xon saroyidagi amaldorlar xonning fe’li ojizligi, ko’ngilchanligidan foydalanib, shoir bo’lgan Isfandiyorni qo’g’irchoq xon darajasiga olib borishdi. Ular turli fitnalar qo’zg’ab o’zlari boyish iskanjasiga tushgan, bu yo’lda ular oldiga to’g’anoq bo’ladigan, masalan, bosh vazir Islomxo’jadek islohatchilarni turli yo’llar bilan o’ldirib yuborish darajasiga borardilar. Isfandiyor esa tabiatan ishratparast bo’lganligi uchun, taxtda o’tirib, aksariyat vaqtini mashiatparastlik bilan o’tkazar, uning ayniqsa, Islomxo’janing 1913 yildagi o’limidan so’ng taxtda o’tirib ishratni o’ylashdan boshqa maqsadi bo’lmay qolgandi. Shunday vaziyatda, uning taxtiga isyonkor yovmudlar, jadid islohatchilar tahdid solayotgan holat edi. Shu bois, u taxtdan ajralmaslikni o’ylar, taxtdan tushsa omon qolmasligi aniq edi. Ana shu tufayliyam u amudaryo bo’limi boshlig’iga, Turkiston general gubernatorlariga, imperiya harbiy ministriga, hattoki Nikolayning o’zigayam sovg’a shaklidagi poralar berib, shular bilangina taxtda jon saqlab o’tirardi.
Isfandiyorning ojizligi va ishratparastligini bilib olgan Amudaryo bo’limi boshliqlari va Xorazmga kelgan turli amaldorlar shu sababdan xondan ta’ma bilan pullarini talab turishardi. Masalan, general Galkin Xivadan xonga qarshi qo’zg’olon ko’targan isyonchilarni Toshkentdan kelib jazolagach, ketish oldidan Xiva xonidan 30 ming rubl pul olgan. (O’zmardavarxiv, 461-I-fond, 1-ro’yxat, 1899, 88-91-varaqlar).
Bundan tashqari, xon Kolosovskiyga nasldor otlardan ikkitasini 1916 yilda sovg’a qiladi. General Tseylga esa 1912 yilda tilla gardishli qilich, pichoq, tilla portsigar, general Galkinga ham qimmatbaho toshlar bilan gardishlangan qilich, tilla gardishli pichoq va tilla portsigar sovg’a qiladi.
Xonlikning eng ochofat, ishratboz va imperiya amaldorlari bilan “osh-qatiq” bo’lgan, o’rtada oldi-berdi qilgan, o’zi esa shuning orqasidan g’oyat ko’p daromad orttirgan Matvafo Baqqolov, “polkovnik Kolosovskiyning xonlikka kelganidayoq o’zining shaxsiy foydasini ko’zlaganini” aytib o’tgan. (yuqoridagi arxiv, o’sha ish, 72-89 varaqlar).
Bularning bari, xonning amaldorlar va imperatorga tinimsiz pora beraverishi esa xalqdan yig’ib olinadigan soliq hisobiga edi. Ya’ni u xalq rizqi evaziga o’z jonini saqlab taxtda o’tirgan. Biroq… biroq bu uzoqqa bormadi. 1916 yilda ochofat bosh vaziri Matvafo Baqqolov, 1918 yil kuzida esa Xiva xoni Isfandiyor isyonkor yovmudlar tomonidan bo’g’izlab o’ldirildi…