Boltaboy Bekmatov. Shovotlik zootexnik shoir.
Asli Turkmanistonning Toshhovuz viloyati Moylijangal qishlog’ida 1958 yilda tug’ilgan Boltaboy aka 1981 yilda texnikumni bitirgach, Shovotdagi fermada ishlay boshlagan, ammo muntazam she’rlar bitardi.

Xorazm viloyatidagi Shovot tumanini shoirlar maskani desayam bo’laveradi. Negaki, 2001 yilda “Xorazm” nashriyotida chop etilgan “Shovot mavjlari” to’plamiga 60 nafar kitoblari nashr qilingan shoirlarning ijod namunalari kiritilgandi. Oradan o’tgan 14 yil ichida Shovotlik shoirlar safi ortib bormoqda. Albatta adabiyot, san’at ishlab chiqarish fabrikasi emaski, mahsulot son bilan o’lchansa. Ammo adabiyotda voqea bo’larli, tarixda iz qoldirgan, qoldirishga muvaffaq bo’layotgan ijodkorlar, insonlar Shovotda shukrki ko’p.

Ma’lumki, Shovot tumani-viloyatning shimoliy-g’arbiy qismida joylashgan. 1926 yilning 29 sentyabrida tashkil etilgan. Maydoni 0,46 ming km2. Aholisi asosan o’zbeklar, shu kabi qozoq, turkman, rus, tatar, koreys, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumanda 1 shaharcha, 11 qishloq fuqarolar yig’ini bor. Markazi-Shovot shaharchasi.

Shovot-shohobod atamasining qisqargan shakli. 1681-82 yillari Xiva xoni Anushaxon tomonidan barpo etilgan Shohobod arnasi (kanali) va shu arna bo’yidagi qa’la ham Shohobod deya atalgan. Tuman hududidagi Kat, Voyangan singari qa’lalar tarixi esa miloddan oldingi davrlarga borib taqaladi.

Shovotdan Niyozmuhammad shayx, Otaniyoz oxun, Nurjon Botir (adiba Salomat Vafoning bobosi), Yunus Ayyomiy, Komiljon Otaniyozov, Bahrom Ro’zimuhammad, Bahodir Sodiqov singari adabiyot va san’at vakillari yetishib chiqqan. Shu bilan birga 2-jahon urushi qahramoni Rahim Avazmurodov, mehnat qahramonlari Karim Rahimov, Ovodon Do’sova, Zarif Ramatov, akademik Azimboy Sa’dullaev, O’zbekiston Xalq baxshisi Qalandar Normatovlar ham Shovot nomini ulug’lagan insonlardan hisoblanishadi.

Ana shu safdagi insonlar safida esa Xiva qishloq xo’jalik texnikumini bitirib bir necha yillar “Shovot” sovxozida zootexniklik qilgan Boltaboy Bekmatov ham bor. Asli Turkmanistonning Toshhovuz viloyati Moylijangal qishlog’ida 1958 yilda tug’ilgan Boltaboy aka 1981 yilda texnikumni bitirgach, Shovotdagi fermada ishlay boshlagan, ammo muntazam she’rlar bitardi.

Shoirning do’sti Bahrom Ro’zimuhammad aytganidek, “biz xayol deganda o’y-fikr oqimini yoki tasavvur qilish amalini tushunamiz. Ammo, xayolning mazmuni biz o’ylagandan ham kengroq bo’lishi mumkin. Cho’lpon: “Yolg’iz xayol go’zal”, deganida balki ruhiyatdagi sir-sinoatli dunyoning olis ufqlarini nazarda tutgandir? Ne bo’lganda ham shoir qavmi xayol bandalari hisoblanishadi. Shu bois kam xayol suradigan kishilarning, shoirlar-sal jinniroq, telbaroq…deyishlarini og’rinmasdan qabul qilish joiz. Boltaboy Bekmatov ham bir zamonlar “tuppa-tuzuk odam” edi.

Ha, Bahrom aka aytganiday fermada zootexnik qilayotgan, kasbi ortidan obro’ topayotgan insonga shu boisdan sovxoz rahbariyati uy berishgan, Shovotdagi eng dovruqli zootexnik sifatida dovruq taratayotgandi. Biroq bolaligidan kitobga oshno bo’lib o’sgan Boltaboy Bekmatov she’r qoralab turar, tuman gazetasiga she’rlarini olib borar, hatto o’zicha kitob “taxlab” qo’ygandi. Agarki, Bahrom Ro’zimuhammad 1983 yilda ToshDUni bitirib Shovotga qaytmaganida, Boltaboy aka haliyam Shovot tuman veterinariya bo’limida ishlab yurgan bo’larmidi, xullas bu haqda B.Ro’zimuhammaddan eshiting:

— Universitetni tamomlab Toshkent shahrida qolishni niyat qilgandim. Iloji topilmadi. Qishloqqa qaytdim. Bir amallab tuman gazetasidan ish topib berishdi. Toshkent havosiga ko’nikkan mendek yosh jurnalistga “faqirona” tahririyatda ishlash yoqmas edi, albatta. Shunday kunlardan birida ish stolim g’aladonini titkilayotib bitta “kitobcha” topib olganman. Qo’lda yasalgan, muqovalangan “kitobcha”ga “Boltaboy Bekmatov” deb yozib qo’yilgan. Muqovani ocharkanman miyamdan: “Boltaboylardan yangilik kutib bo’lmaydi” qabilidagi fikr yalt etib o’tib ketdi. Chunki, Boltaboy — an’anaviy bir ism. Bu ism egalari odatda o’ta konservator bo’lishadi. She’rlarini o’qidim. Chiroyli she’rlar ekan. Noan’anaviy usulda bitilgan. So’ng taajjublandim. Shovotda shunday tap-tayyor shoir yashayotgan ekan-u men bilmay yurgan bo’lsam. Bo’lim mudiri Tozagul opadan uni so’rab-surishtirdim. “Shovot sovxozida, chorvachilik fermasida ishlaydi. Zootexnik. Har zamonda bir kelib turadi”,-dedi. Shoirning kelishini ham kutib o’tirmasdan qishlog’iga bordim. Yo’q ekan.So’ng uning o’zi tahririyatga tashrif buyurdi. Tanishdik. Shunday yoqimli tasssurotlar ta’sirida gazetamiz qoshida “Nilufar” klubini tashkil etdik. Iste’dodli shoir va yozuvchilarning she’r va hikoyalarini yoritardik: fotoetyudlar berilardi. Xullas, bitta sahifani tuman adabiy muhiti ko’zgusiga aylantira oldik. Boltaboy og’aning she’rlari ham nashr etiladigan bo’ldi.

Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limida adabiy maslahatchi vazifasida ishlayotgan Matnazar Abdulhakim ishlarimizni qo’llab-quvvatladi. Oz vaqt mobaynida bizning ustozimizga, nafaqat ustoz, balki suyanch tog’imizga aylandi. Shu asnoda Boltaboy og’aning bitiklari Toshkent adabiy doiralarida ham e’tibor topdi. Jiddiy ustozlardan biridan: “Zootexnikning she’rlaridan yuboring” qabilida maktub oldik. So’ng Matnazar aka: “Boltaboyning fikrlarini buzamiz”,-dedi. Xullas, zootexnikni ola sigirlaru semiz o’tlar dunyosidan ayirib, Moskvaga jo’natishdi. M.Gor`kiy nomidagi Jahon Adabiyoti institutiga kirib o’qidi.

Ha, Matnazar Abdulhakim, Bahrom Ro’zimuhammad va Toshkentdagi jiddiy ustozlari ta’sirida Boltaboy Bekmatov fermadagi zootexniklik kasbini tashlab Moskvada tahsil oldi. Bu paytlari u oilali bo’lib, farzandlari kamol topib borayotgan, qolaversa, Gorbachyovcha qayta qurish sabab milliy respublikalarda uyg’onish harakatlari boshlangan kezlar edi. Biroq Moskvadagi Jahon Adabiyoti instituti odatiy an’anaga ko’ra o’z bag’riga shoir va yozuvchilarni qamrab olganidan, talabalar ADABIYOT og’ushida edilar. Shu tariqa 1986-92 yillarda Boltaboy Bekmatov institutda tahsil olib, qadrdon Shovot tumaniga qaytib keldi.

Shundan so’ng 1992-95 yillarda Toshhovuz viloyatining “Do’stlik bayrog’i gazetasida muxbir bo’lib ishladi. 1995-99 yillarda esa “Xorazm” nashriyotida bosh muharrirlik qildi. 1999 yildan keyin Shovot tumani ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, viloyat ma’naviyat targ’iboti markazida, yozuvchilar uyushmasining viloyat bo’limida konsul`tantlik qildi. Ayni paytda “Xorazm” nashriyotida ishlayapti.

1992 yilda “Alvon uchqunlar”, 1993 yilda “Seni ko’rgim keladi”, 1996 yilda rus tilida “Цветок в хрустальной вазе”, 2012 yilda “Billur guldon” she’riy to’plamlari nashr etilgan. Respublikamizdagi ko’plab gazeta-jurnallarda ijod namunalari yoritilgan shoirning rus tilidagi to’plamiga moskvalik taniqli shoira Tat`yana Bek so’z boshi yozgandi. Alber`t Vazixov, Ivan Novitskiy, Tat`yana Bek, Matnazar Abdulhakim singari shoir va adabiyotshunoslar Boltaboy Bekmatov she’rlarini rus tiliga tarjima qilishgan.

Shu bilan birga shoirning o’ziyam Afanasiy Fet, Ivan Novitskiy she’rlarini, Pushkinnning “Motsart va Salyeri” (kichik fojia)sini o’zbekchaga o’girgan. Tarjimada Pushkinga xos shiddat shundoqqina mavjlanadi, jilva qiladi:

Kim ham aytolardi: Sal`eri mag’rur,
Razil bir hasadgo’y, yerga toptalgan,
Tuproq chaynayotgan ojiz ilon deb?
Hech kim… Lekin endi-chi, o’zim aytaman.
Endi men hasadgo’y. Hasad qilaman,
Chuqur iztirobda qilaman hasad.

Bu qabildagi tarjimalar mutarjimning so’z ruhini sezish layoqatini ham tasdiq etadi. Pushkinni Pushkin darajasida o’zbekchalashtirish uchun xudo marhamati ham darkor,-deydi Bahrom Ro’zimuhammad Boltaboy akaning tarjimonlik mahorati haqida.

Moskvada tahsil olgan, Rossiya ijodkorlari orasidan ko’plab do’stlar orttirgan Boltaboy aka ba’zan bepoyon kengliklarni, u yerdagi ijodiy muhitni sog’inib turadi. Ba’zan borib do’stlari bilan uchrashgisi keladi, talpinadi. Biroq kasbi zootexnik bo’lgan Boltaboy aka uyini, ayolini, mollarini tashlab uzoqqa ketolmaydi. Shu bois shoirning o’rniga, uchta o’g’li bugun dadasi tahsil olgan bepoyon kengliklarda mehnat qilishmoqda. Sal kam 50 km Shovotdan Urganchga muharrirlik qilish uchun boradigan Boltaboy aka, ba’zan do’sti Bahrom aka aytganiday, avtobusda o’tirib xayol surganicha, qo’l telefoniga SMS tarzida she’rlar bitardi. Shukrki, o’g’illari planshet , “Tiko” olish uchun pul jo’natishdi. Endi Boltaboy akani ba’zan Shovotdan Urganchga mashinada qatnab ishlayotganini, nashriyotda o’tirganicha she’rlarini planshetda yozayotganiga guvoh bo’laman.

Quyida Shovotlik shoir akamiz Boltaboy Bekmatovning planshetga yozilgan she’rlaridan namunalarni taqdim qilaman.

Umid Bekmuhammad

Boltaboy Bekmatov. She’rlar (yuklab olish PDF 169 Kb)

KO`P O`QILGANLAR