Urganchmi-Hurganj? (Ko’hna Urganchga sayohat)
Qo’shni Turkmaniston Respublikasi o’z mustaqilligini e’lon etganidan so’ng qal’aga shahar maqomi berildi. Ming yillik obidalar tiklanmoqda, temir yo’l keltirildi, ko’p qavatli binolar, madaniyat va sport saroylari qurildi, ko’cha va xiyobonlar obod etildi.

2005 yilning iyun oyida YuNESKO Turkmanistondagi Ko’hna Urganchni “Dunyo xalqlari madaniy merosi” ro’yxatiga kiritish haqida qaror qabul qildi. Ushbu qaror Markaziy Osiyodagi barcha xalqlarni birdek quvontirdi. Negaki, XI asrda Ko’hna Urganchda faoliyat ko’rsatgan Dorul Hikma -Ma’mun Akademiyasi turkiyzabon xalqlarning bebaho madaniy merosi hisoblanadi.

Vohada Urga (Urva) Ko’hna va Yangi Urganch nomi bilan ataladigan qadimiy va navqiron shaharlar mavjudligini ko’pchilik yaxshi bilishadi.

Xo’sh, bir muborak nom bilan ataladigan uch qal’a-shahar nega bir-biridan 150-200 chaqirim uzoqlikdagi masofada joylashgan? Buning sababi nimada? Oddiygina qilib aytadigan bo’lsak, ularning tarixiy taqdiri xalq ertaklarida tilga olinadigan “Uch og’ayni bogirlarga” o’xshaydi. Ularning uchovi ham bir ona zamin - Xoram vohasida paydo bo’lgan va zamonning zayli, tabiatning mayli bilan bir-birlaridan ajralishib turli mintaqalarda Vatan tutganlar.

Xo’sh, tarix fani bu haqda nimalarni eslab qolgan?

Xolisona fikr yuritadigan bo’lsak avvalo so’zni Ko’xna Urganchdan boshlasak.

Aniq hisob-kitobga ko’ra, shaharniyag XIII asr boshigacha bo’lgan maydoni 1600 gektarni tashkil etgan. U dunyoning manaman degan qadimiy shaharlaridan ulug’vorroq bo’lgan. Arab sayyoxlari Istaxriy, Maqsudiy va Ibn Batutalar “Musulmon olamida Jurjoniyadan (Gurganj) ko’ra -kattaroq shaharni ko’rmadim” deb yozganlar. Bu ko’hna dunyoda necha bor “o’lik-tirilgan” (suvga cho’ktirilgan) yoxud suvsizlikdan xarobazorga aylantirilgan va yana qaytadan gullab- yashnagan, qolaversa, jahon halqlari tarixida o’z “Majlisi ulamo” (Fanlar akademiya)siga ega bo’lgan shaharlar uch- to’rtta, xolos. Bular Afina, Bag’dod, Gurganj, Samarqand shaharlaridir. Ko’hna Jayhun va Orol bo’yining eng qadimiy shahar-qo’rg’onlaridan biri Gurganj (Ko’hna Urganch) qal’asi tabiiy ofatlar, suv toshqini va qurg’oqchilik, bosqinchilik urushlari va siyosiy talashuvlar tufayli o’z manzil-makonini bir necha marta o’zgartirgan. “Avesto”da tilga olingan Urga keyinchalik Urin, Urkend, Xurganj, Jurjokiya, Gurgaij, Ko’xna va Yangi Urganch nomlari bilan tarix sahifalaridan o’rin olgan. Chunonchi, Qoraqalpog’istonning Janubiy Orol bo’yidagi geolog-gazchilar yashaydigan shaharchasi Urga deb ataladi. Qadimiy Urga xarobalari arxeolog olimlar tomonidan etarlicha o’rganishgan. Orol dengizi suvlari oshib-toshishi natijasida qal’a jamoasi eramizning VII- IX asrlarida janubga tomon ko’chgan va Urgin-Urkend (Qadimiy xorazmiylar tilida poytaxt- shahar, Urkend) deb atalgan.

Turkiy xalqlar uni Xurganj, Gurganj, 712-yilda arablar xukmrokligiga o’tgach Jurjoniya deb yuritganlar. 995 yil Ma’muriylar sulolasi davrida Shimoliy va Janubiy Xorazm birlashtirilib, poytaxt Gurganjga ko’chirildi. 996-1017 yillarda shahar gullab- yashnadi, kanallar bunyod etildi, saroy va imoratlar, madrasa va masjidlar kurildi. “Majlisi ulamo”- Ma’munshoh Akademiyasi ta’sis etildi.

Ushbu ilm dargohida qirqqa yaqin alloma va 360 talaba faoliyat ko’rsatgan. Afsuski, ularni Xuroson hukmdori Mahmud G’aznaviy zo’ravonlik bilan ko’chirib ketgan. Shu sababdan Beruniy bobomiz umrining 30 yilini G’azna shahrida o’tkazgan.

Xalq og’zaki ijodi afsona va rivoyatlarida Ko’hna Urganch Xur ismli qiz Ganj ismli yigit sevgi-muhabbat timsoli sifatida bino etilgan deyiladi.

Shuningdek shahardagi har bir saroy, minora va madrasa haqida o’ziga yarasha afsonalar to’qilgan. Aytishlaricha, Xorazmshoh bu shaharda dunyoda eng baland minora qurishni amr etibdi. Bundan xabar topgan Buxoro amiri naqqosh ustani xufyona o’z yurtiga taklif etib Gurganchdagidan ham balandroq minora kurishni so’rabdi. Shoh qizi minora quraetgan ustaga maktub jo’natib otasi uni minora bitgach, qatl etishga jazm etganidan ogohlantiribdi. Natijada usta qanot yasab uchib ketibdi va bir necha chaqirimga etganidan so’ng erga qulab vafot etibdi. O’sha joyni xalq “bo’ldim soz” deb atar ekan. “Bo’ldim soz” qishlog’i hozir xam bor. Endi tarixiy haqiqatga kelsak voqealar zanjiri kuyidagicha:

XIII-XIV asrlarda yuz bergan mo’g’ul bosqini va tabiiy ofatlar sababli gurganchliklar boshi oqqan tomonlarga ko’cha boshladilar. 1342 yilda Amir Temur shaharning G’arb va Sharqni bog’lovchi Buyuk Ipak yo’lida joylashganligini inobatga olib uni tiklashga buyruq berdi. Baxtga qarshi 1572-1573 yillarda Amudaryo o’z yo’nalishini o’zgartirgandan so’ng u butunlay xarobaga aylandi.

Muhofazasiz qolgan vatandoshlarimiz Volga bo’yi Shimoliy- Kavkaz va Janubiy o’lkalarga ko’cha boshladilar. Bunday parokandalikni ko’rgan Xiva xoni Abulg’oziy 1646 yilda bir qism aholini yangi makonlarga ko’chirdi. Yangi Urganch shahri 1646 yildan qurila boshladi. Abulg’oziy Bahodirxon va uning o’g’li Anusha xon davrida (1643-1689) yillarda Shovot (Shohobod) Yormish kanallari qayta ta’mirlanib Gurganchga suv keltirildi. 1700-1806 yillar oralig’ida hukmronlik etgan xonlar hamda mustabid sho’rolar tuzumi yillarida Ko’hna Urganch karovsiz-tuman markazi darajasida qolaverdi.

1937-1970 yillarda sharqshunos olim S.P.Tolstov boshliq arxeologlar Ko’hna Urganch xarobalarini kavlab qisman o’rgandilar. Yarim xarobaga aylangan qal’aning G’arbiy-Janubiy tomonidagi tepalik xalq tilida “Qirq mulla” deb ataladi. Uning qibla tomonida shahar qabristoni “Tosh qal’a” yodgorligi joylashgan. Bu erga kelgan xorijlik bir arxeolog “Ushbu tepalik Xorazm tarixining sirli sahifalarini o’z bag’rida yashirib kelmoqda. Afsuski, uni kavalab bu sirni ochishga bir- ikki avlodning umri kamlik qiladi” deb aytgan ekan. Darhaqiqat, ushbu tepalik voha tarixining III-IV ming yillik davrini anikdashga yordam bergan bo’lar edi. Bu erda 1011 yilda qurilgan va XIX asr so’nggida qulab tushgan minora va ulamolar uyi (akademiya) xarobalari saqlanib qolgan. Qal’a va minoralar tarixini o’rganish yuzasidan qazishmalar o’tkazilgan. 84.9x49 sm. hajmdagi qo’rg’oshin plita topilgan, unga “Haq yo’lida yashayotgan adolatli hukmdor Abul Abbos Ma’mun ibn Muhammad Xorazmshoh ushbu minorani qurishga amr etdi. Shoh minora asosini qo’yishga bosh- qosh bo’ldi, uni ozoda va maromida saqlashni o’z zimmasiga oldi. Qurilish 401 yili (milodiy 1011) tugallandi. Hazrat bu savob ishni islom diniga ixlos-va Alloh taolo yo’liga, bajardi” deb yozilgan.

Ko’xna Urganchda hozirgacha saqlanib kelayotgan muhtasham saroy va maqbara Xorazm hukmdori Qutlug’ Temur va uning umr yo’ldoshi To’rabekxonim nomi bilan bog’liq. Sharqshunos olim B. V. Veymaraning yozishicha, “To’rabekxonim maqbarasi takrorlanmas noyob san’at asari. Geometrik aniqligi, me’morchilik usullari, naqshinkorligi bilan betakror mo’’jizadir.” Maqbara tabiiy va siyosiy bo’hronlik ta’sirida shikastlangan bo’lsa-da, o’zining ulug’vorligini yo’qotmagan. Uning ichki tomoni silliqlangan g’ishtin bezaklar bilan qoplangan. Makbaraning naqshlari, turfa shakllarining ishlanishi kishini hayratga soladi.

Qo’shni Turkmaniston Respublikasi o’z mustaqilligini e’lon etganidan so’ng qal’aga shahar maqomi berildi. Ming yillik obidalar tiklanmoqda, temir yo’l keltirildi, ko’p qavatli binolar, madaniyat va sport saroylari qurildi, ko’cha va xiyobonlar obod etildi.

Buyuk allomalar shayx Najmiddin Kubro, Piryor Valiy, Ali Sulton, Hojib kabi tabarruk zotlar hoki qo’yilgan maqbaralar To’rabekxonim, Ar-Roziy, Tekesh, “Qirq mulla”, “Uch yuz oltmish avliyo”, Qutlug’ Temur kabi ziyoratgohlar qayta tiklandi. O’tmishda “Ilmu hikmat Ka’basi” deb nomlangan Ko’hna Urganch bugun jahon jamoatchiligi diqqatida. Uning YuNESKO tashkiloti tomonidan ro’yxatga olinganligi bu tabarruk maskanga ziyoratga keluvchilar sonini yanada oshirdi. Shunisi quvonchliki, 1905-1907 yillarda Muhammad Rahimxon (Feruz) tomonidan bunyod etilgan 24 hujralik madrasa binosida tarix va xalq hunarmandchilik muzeyi barpo etilgan. Muzeyning Ma’mun Akademiyasiga bag’ishlangan zalida nodir qo’lyozmalar, IX-XI asrlarga doir uy-ro’zgor buyumdari, turkman gilamlari, voha hunarmandchiligining bebaho namunalari joylashgan.

Endilikda Ko’hna va Yangi Urganchlar ajdodlarimizning ming yillik an’analarini davom ettirib xalqaro sayyohlikning “Oltin halqasiga” ulanib bordi-keldini yanada avj oldiradilar.
Endi ikki og’iz so’z Yangi (toza) Urganch haqida. Shahar Amudaryo va Shovot kanali sohidida VIII-asrlarda bino etilgan Said Vaqqos bobo maqbarasi (hozirgi Doshqinjon bobo) yonida qurila boshlangan. Dastlab shaharning “Ko’hna qal’a” mavzesida 5 ming aholi yashagan. XVIII-XIX asrlarda shahar savdo-sotiq va xunarmandchilikka asoslangan.
1889 yilda Bolshaya Yaroslavskaya minofaktura shirkati tomonidan paxta-moy zavodi, 1905 yilda Rus-Osiyo banki ishga tushirilgan.

1930 yilda okrug, 1938 yildan viloyat markazi maqomini olgan. 1934-35 o’quv yilida Buxoro pedagogika institutining filiali sifatida o’qituvchilar tayyorlash bo’limi ochilgan.
1952 yilda temir yo’l, 1959 yilda Toxyatosh elektr energiyasi, 1963 yilda gaz keltirilgan. Urganch tez rivojlangan. Aholi soni 150 ming kishi.

K. Nurjonov. "Xorazm maqol, matal, naql va iboralarning tarixiy ildizlari"

KO`P O`QILGANLAR