Qilich evaziga shifoxona
1910 yili Xiva xoni Isfandiyorxon va bosh vazir Islomxo'ja Sankt-Peterburgga borganlarida ajoyib shodiyonaning ustidan chiqishdi.Saroyda valiahd shahzodaning tug'ilgan kuni nishonlanayotgan ekan. Yaxshiyamki, Isfandiyor garchi xon bo'lsada, yoshligidan qilich yasashga ixlos qo'ygan ekan. O'sha safarda u o'zi yasagan tilla qilichni Peterburgga olib borgandi.

-Qarangki, oliy hazratlari, biz bunday shodiyonaga tasodifan kelib qolibmiz,-dedi Islomxo'ja, -Negaki, yo'l uzoq, aloqa masalasi qiyin. Shu bois, arzimas sovg'amizni qabul qilsangiz.

Shunda uning yonidagi Isfandiyorxon o'z qo'li bilan yasagan, tilladan naqsh solingan qilichni o'sha shodiyona arafasida kasallanib, hanuz dardi engillashmayotgan shahzoda Alekseyga berdi. Bunday ajoyib durdonani ko'rgan Nikolay 2 va uning yonidagilar qilichdan ko'z uzolmas, shahzoda esa mahkam ushlaganicha, hadya bois ruhiyati tetiklashayotganini sezdi. Islomxo'ja va Isfandiyorxon bir-biriga ko'z urishtirganicha, imperatorga qarab, jilmayib qo'yishdi…

Ha, 1910 yili Xiva xoni Isfandiyorxon va bosh vazir Islomxo'ja Sankt-Peterburgga borganlarida ajoyib shodiyonaning ustidan chiqishdi. Saroyda valiahd shahzodaning tug'ilgan kuni nishonlanayotgan ekan. Yaxshiyamki, Isfandiyor garchi xon bo'lsada, yoshligidan qilich yasashga ixlos qo'ygan ekan. O'sha safarda u o'zi yasagan tilla qilichni Peterburgga olib borgandi.

Shodiyonadan so'ng shahzodayu imperatorning quvonchi cheksizligini ko'rgan xon va vazir bu yilgi bojni olib kelganini aytishdi. O'g'lining aynan sovg'a bois kasaldan forig' bo'layotganini sezgan imperator quvonganidan bir yillik bojdan voz kechib yubordi.

-Unda bizga ruxsat bersangiz,-dedi Islomxo'ja Nikolay Ikkinchiga. -Xivada shahzoda Aleseyga bag'ishlab, bir shifoxona bunyod qilsak. Toki, unda davolangan kishi shahzodaga duo o'qib, uning ham mudom sog' bo'lib yurishini tilasalar.

-Tag'in, oliy hazratlari, pochta va telegrafxonayam qursak, Sankt-Peterburg bilan aloqa o'rnatib, bugungiga o'xshash har bir shodiyonadan boxabar bo'lib, sovg'a-salomlar bilan kelib turardik, -dedi Isfandiyorxon.

Shu taxlit 1910 yilda qilich evaziga shifoxona qurilishiga Sankt-Peterburgdan ruxsat olinadi. Bayoniy “Shajarai Xorazmshohiy” asarida “Asfandiyorxon Urganch darvozasidan Yangi Urganchga olib boriladigan yo'lning sharq tarafida viloyatning bemorlari davolanishlari uchun vase' dorush-shifo bino qilmoqni Rahimberganga topshirdi”, deya voqeani ta'riflab o'tgandi.

Tabiiyki, barpo etiladigan shifoxona zamonaviy holda bunyod qilinishi lozim edi. Shu bois, bosh vazir Islomxo'ja Moskva shahridagi Soldatenkov shifoxonasiga borib, inshoaatning qurilish uslubi va loyihasini ko'zdan kechirdi. Shu tarzda me'mor bilan maslahatlashishni afzal ko'rdilar. Natijada 1911 yilda Isfandiyorxon Moskva shahri meri Guchkovdan shifoxona bunyod qilish uchun loyiha tayyorlashda yordam berishni so'ragan. Guchkov bo'lsa, Moskva va Sankt-Peterburgda shunday dargoh hamda boshqa inshoaatlarni qurishda qatnashgan me'mor A.M. Roop nomzodini tasviya qiladi.

Islomxo'ja Moskvaga borib, Roop bilan maslahatlashadi. Me'mor bosh vazirdan shifoxona qurilishi uchun ajratiladigan joy to'g'risida mukammal ma'lumot oladi. Shundan so'ng Roop bor bilimini ishga solib, 1911 yilning sentyabrida loyihani Xivaga yuboradi.

Loyihaga ko'ra, bino uchta alohida korpusdan-shifoxona binosi, oshxona va tibbiyot xizmatchilari uchun turar joydan iborat bo'lishi kerak edi. Rejaga muvofiq har biri 15 o'ringa ega beshta bo'lim shifoxona uchun faoliyat ko'rsatishi lozim bo'lgan. Bular zahm, ko'z kasalliklari, jarohlik, ichki xastadliklar, qorin tifi va Sibir yarasini davolash bo'limlari edi. 50 nafar erkak va 25 nafar ayolni qabul qilish, maxsus dorixona ochish ham mo'ljallangandi. Loyihaga ko'ra, shifoxonani qurish uchun o'sha vaqtda 250 000 so'm pul kerak bo'lgan.

Xon farmoniga ko'ra, Dishon qa'ladagi Ollobergan qorining bog'i sotib olinib, shu erda Rahmonbergan mahram boshchiligida qurilish ishlari boshlab yuboriladi. 1913 yil sentyabrda esa shifoxona ishga shay holga keltirilib, xon o'zi yasagan qilich evaziga barpo bo'lgan bu shifoxona uchun xalqqa to'y beradi.

Shu tarzda 1913 yil 23 sentyabr kuni tantanali ravishda ochilgan shifoxona bepul ish boshlaydi. Uning shifokori Moskva universitetini tugatib, Samara guberniyasida ishlab tajriba orttirgan, ichki kasalliklar, jarrohlik va ko'z xastaliklari bo'yicha mutaxassis Aleksey Fyodorovich Anisimov edi. Bu nomzodni Isfandiyorxonga Sankt-Peterburg harbiy akademiyasining professori Sirotin tavsiya qilgandi.

Ayollarni davolash uchun Farg'ona viloyatida uchastka feldsher-akusherlik bo'limida ishlagan Ummi Gulsum Asfandiyorova chaqiriladi. Har ikkala shifokor shaxsan bosh vazir Islomxo'ja bilan shartnoma tuzib, ish boshlaydi. Shartnomada har ikkala tomon manfaatlari aks etdirilib, shifokorlarga to'rt ming so'm maosh, issiq va yorug' xona, ot-arava ajratilishi ko'rsatilgan.

Shifoxona bepul ish boshlagani bois, dastlabki uch oyda bemorlar soni ortib borgan. 1913 yilning oktyabrida 1574 erkak va 1162 ayol, noyabr oyida 2232 erkak hamda 1976 ayol, dekabr oyida esa 2353 erkak va 1609 nafar ayol shifokorlar qabulida bo'lib davolangan. 1914 yilning 1 yanvaridan shifoxona pullik qilingani sabab, asta sekin murojaat qiluvchilar soni kamaya boshlaydi. Yanvar oyida 2 724 bemor shifokorlar ko'rigidan o'tgan.

Shu taxlit 1913 yilda Xivada ilk bor zamonaviy shifoxona ishga tushiriladi. Uning peshtoqiga ko'k koshin plitkalarda shunday so'zlar bitilgan: “podshohi a'zam imperaturi hazratlarining valiyahdlari shahzoda, ulug' knyaz Aleksey Nikolaevich janobi oliyning nomlariga Sayyid Isfandiyorxonning taraflaridin Toza Xivaqda bino etilgan xastaxona. 1331 hijriy.

Ushbu so'zlar bugun ham Xivaga borgan har bir sayyohga Isfandiyorxon yasagan qilich evaziga shifoxona qad rostlagani to'g'risidagi tarixiy voqeani so'zlab turgandek go'yo.

Umid Bekmuhammad.
QILICH EVAZIGA SHIFOXONA.

KO`P O`QILGANLAR