Mennonitlar kimlar?
Bu nom Niderlandiyada yashagan nasroniy rohib Menno Simons (1496-1561) bilan bog‘liq. U anabaptistlar harakati asoschisi va yetakchisi bo‘lib, an’anaviy nasroniylikdan farq qiluvchi yangi g‘oyalarni targ‘ib qilgan. Uning muridlari mennonitlar deb nomlangan.
Mennonitlar ma’naviy qadriyatlarga qattiq amal qilishgan, yopiq jamoa sifatida, boshqalardan ajralib yashashgan. Ular mehnat intizomiga og‘ishmasdan rioya etishgan, asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanib, jamoa manfaati uchun zarur bo‘lgan ishlarda beg‘araz mehnat qilishgan. Qo‘lga qurol olishdan, harbiy xizmatni o‘tashdan va davlat ishida ishlashdan bo‘yin tovlashgan.
An’anaviy cherkov Menno va uning g‘oyalarini tan olmagan. Mennonitlar bid’atchi va xurofotchi deb e’lon qilinib, quvg‘in va qatl etilgan. Oqibatda ularning ko‘pchiligi Shimoliy Germaniya va Prussiyaga qochgan.
Mennonitlar Markaziy Osiyoda
XVIII asrda nemis va holland mennonitlar Yekaterina II taklifi bilan Rossiyaga ko‘chib o‘tishadi. Imperator ayol ularga ko‘plab imtiyozlarni beradi, jumladan harbiy xizmatdan ozod etadi. Ammo Aleksandr II (1855-1881) taxtga o‘tirgach, mennonitlarga berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Shundan so‘ng ular Amerika va Markaziy Osiyoga yo‘l olishadi.
1880 yilda Turkiston general-gubernatori fon Kaufman mennonit millatdoshlarini Toshkentga chaqiradi. Natijada ularning 71 oiladan iborat jamoasi ko‘chib keladi. Ammo oradan bir yil o‘tgach, Turkistonda ham majburiy harbiy xizmat joriy etiladi. Mennonitlar esa Toshkentni tark etib, Buxoro amirligiga yo‘l olishadi. Samarqand yaqinidagi Zirabuloq qishlog‘ida qo‘nim topishadi.
Amir Muzaffar dastlab mennonitlarni o‘z fuqaroligiga olishga rozilik beradi. Ammo ularning soni ko‘pligi va hayot tarzi o‘zgacha ekanini ko‘rgach, xavotirlanib, fikrini o‘zgartiradi.
«Mennonitlar tilimizni bilmaydi, yerga ishlov berolmaydi, ayollarining esa yuzi ochiq, bu yerdagilarga yomon o‘rnak bo‘ladi», deydi amir.
Shundan so‘ng mennonitlar Xiva xonligidan yordam so‘rashadi. Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon II (Feruz) ularni qabul qilishga, yer ajratishga rozilik bildiradi. Ularning oldiga faqat bitta – to‘ng‘iz boqmaslik sharti qo‘yiladi.
Mennonitlar Xivada
1882 yilda nemis va holland mennonitlar Xivadan 160 km uzoqlikdagi Ko‘hna Urganch shahri yaqiniga ko‘chib kelishadi. Kichik qo‘rg‘on barpo qilib, dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlashadi. Biroq ular bu joyda tinch-totuv yashay olmaydi. Qo‘rg‘ondan atigi 5 km uzoqlikda yashovchi turkman-yovmut qabilasi mennonitlarning qo‘liga qurol olmasligi, qarshilik ko‘rsatmasligi, kuch ishlatmasligini bilib qolgach, otlarini, chorvalarini o‘g‘irlay boshlashadi. Keyinchalik ayollariga ham ko‘z olaytirishadi.
Xon vakili Qosim Devon mennonitlar holidan xabar olgani keladi va ularning og‘ir ahvolga tushib qolganini ko‘rib, bu haqda poytaxtga ma’lum qiladi. Shundan so‘ng Feruz 1884 yilda Xivadan 15 km uzoqlikdagi Oqmachit qishlog‘ida (hozirgi Yangiariq tumani hududi) o‘z og‘asi Otajon to‘ra mulkidan ularga yer ajratib beradi. Shuningdek, o‘zga din vakillariga nisbatan zo‘ravonlikni taqiqlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish haqida farmon imzolaydi. Mennonitlarni yer solig‘idan 1 yilga, jamoat ishlaridan (ariqlarni qazish, uylarni ta’mirlash va hokazo) 4 yilga ozod etadi.
Mennonitlar ro‘zg‘ori
1917 yilda Samarqand harbiy gubernatori Nil Sergeyevich Likoshin Oqmachitda bo‘lib, mennonitlar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Ko‘rgan-kechirganlari haqida «Turkestanskoye slovo» gazetasida «Xivadagi nemislar» nomli maqola yozgan. Hozirgi vaqtda bu mennonitlar haqidagi noyob manba hisoblanadi.
Likoshinning yozishicha, mennonitlar Xivada xuddi bir oila kabi ahil va inoq yashab kelishgan. Ularning 24ta uydan iborat qo‘rg‘oni loy devor bilan o‘ralgan va darvozaga ega bo‘lgan. Jamoani umumiy saylangan yetakchi – forshteyer boshqargan.
Xiva mennonitlari dehqonchilik bilan shug‘ullanmagan, chunki yetarli miqdorda yer maydoniga ega bo‘lmagan. Ammo har bir uyda kichik tomorqa bo‘lgan. Ular sho‘rlangan tuproqda hudud uchun noan’anaviy bo‘lgan poliz ekinlari — kartoshka, baqlajon, pomidor, bodring, karam va ziravorlar yetishtirishgan. Ot, qoramol va qo‘y-qo‘zilarni boqib ko‘paytirishgan. Mahalliy aholi «mehmonlar»ning poliz ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ko‘nikmalarini, chorva molini boqish tajribasini o‘rganib, o‘zlashtirib olishgan. Mennonitlar ular bilan savdo munosabatlarini o‘rnatishgan.
Mennonit nemis ayollari bo‘sh vaqtlarida nafaqat o‘z oila a’zolari uchun, balki sotish uchun ham kiyim tikishgan. Mahalliy ayollarning kiyimlarini bichib berishgan. Xorazmlik ayollar kiyimlari mennonitlar tomonidan to‘qilgan chipor paypoqlar bilan bezatilgan.
Saroy duradgorlari
Xivadagi mennonitlar farovonligi dehqonchilik va chorvachilikka bog‘liq bo‘lmagan. Ularning asosiy kasbi duradgorlik, yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik edi. Ko‘pchiligi xon saroyiga usta sifatida ishga olingan. Aslida Said Muhammad Rahimxon II tomonidan ularning taklif qilinishiga sabab shu bo‘lgan. Xon ularning noyob, kerakli kasb egalari ekanini bilgach, marhamat ko‘rsatgan.
Xivadagi qurilishlar, ayniqsa xon saroylaridagi yog‘och bilan bog‘liq ishlar mennonitlarga topshirilgan. Oyna va eshik romlari, pol qilish ularning vazifasi bo‘lgan. Ko‘plab mahalliy boylar nemis va holland ustalarining xizmatidan foydalangan. Ular yasagan mebellar – stol, stul, taburetka, shkaf va boshqa buyumlar asta-sekin badavlat xorazmliklarning ro‘zg‘oridan joy olgan. Mennonitlar bu kasbi orqali yaxshi daromad olishgan.
Xivaning barcha saroylarida, boy xonadonlarda xon o‘tiradigan taxt bo‘lgan. Yog‘ochdan yasalgan, qora bo‘yoqqa bo‘yalgan va trafaret uslubida atirgullar naqshi tushirilgan taxtlar mennonitlar mehnat mahsuli edi.
XX asr boshida Xiva xoni Asfandiyorxon taklifi bilan rossiyalik mashhur arxitektor Aleksandr Roop Xivaga keladi. Uning loyihasi asosida mahalliy ustalar va mennonitlar ishtirokida yevropacha va sharqiy uslub uyg‘unligida Nurullaboy saroyi barpo etiladi. Xonning rasmiy qabullari uchun mo‘ljallangan ushbu bino oyna-eshiklari, karnizlari shuningdek, murakkab geometrik naqshga ega parket poli mennonitlar tomonidan Rossiyadan keltirilgan eman va zarang daraxtlari yog‘ochidan yasalgan. Bundan tashqari, nemislar xonalarga o‘rnatilgan pech koshinlari naqshlarini ham chizib berishadi. Saroy xonalaridan birining shifti esa yevropacha manzara va qadimiy afsonalar qahramonlari tasviri bilan bezalgan.
Hozirgi vaqtda Roop loyihasi va mahalliy ustalar, shuningdek oqmachitlik mennonit duradgorlar mehnati mahsuli bo‘lmish Nurullaboy saroylari majmuasi O‘zbekiston madaniy-meros xazinasiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Mennonitlar va birinchi o‘zbek fotografi
Mennonitlar orasida xivaliklar uchun yangilik bo‘lgan ko‘plab zamonaviy kasb egalari bor edi. Fotografiya bilan shug‘ullanuvchi Vilhelm Penner shulardan biri bo‘lgan. U yosh, qiziqqon Xudoybergan Devonovni mahalliy aholi uchun g‘aroyib bo‘lgan kasbga o‘rgatgan. Xudoyberganning dastlab fotografiya, keyinchalik kinematografiya bilan bir umrga oshno bo‘lib qolishiga, birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori bo‘lib yetishib chiqishiga sababchi bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda Roop loyihasi va mahalliy ustalar, shuningdek oqmachitlik mennonit duradgorlar mehnati mahsuli bo‘lmish Nurullaboy saroylari majmuasi O‘zbekiston madaniy-meros xazinasiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Mennonitlar va birinchi o‘zbek fotografi
Mennonitlar orasida xivaliklar uchun yangilik bo‘lgan ko‘plab zamonaviy kasb egalari bor edi. Fotografiya bilan shug‘ullanuvchi Vilhelm Penner shulardan biri bo‘lgan. U yosh, qiziqqon Xudoybergan Devonovni mahalliy aholi uchun g‘aroyib bo‘lgan kasbga o‘rgatgan. Xudoyberganning dastlab fotografiya, keyinchalik kinematografiya bilan bir umrga oshno bo‘lib qolishiga, birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori bo‘lib yetishib chiqishiga sababchi bo‘lgan.
Mennonitlar jamoasi o‘z maktabiga ega bo‘lgan. Bolalar nemis tilida o‘qish va yozishga, arifmetikaga, shuningdek, o‘z diniy aqidalariga o‘qitilgan. Germaniyadan maxsus adabiyotlar buyurtma orqali olingan, o‘qituvchilar yollangan.
Mennonitlar va sovet hukumati
Xivada xonlik tugatilib, sovet hukumati o‘rnatilganda ham oqmachitlik mennonitlar alohida, mahalliy va rusiyzabon aholi bilan aralashib ketmasdan yashashda davom etishadi. Ular jamoa raisini saylash haqidagi bolsheviklar talabini bajarmagan. Sho‘rolarning o‘quv adabiyotlarini joriy qilishdan bosh tortishgan. Mahalliy xalq ta’limi bo‘limini maktab ishlariga umuman aralashtirmagan.
1936 yili SSSR Konstitutsiyasi qabul qilinganda ham mennonitlar jamoasi ba’zi qonunlarga bo‘ysunishni, daromadining bir qismini davlatga berishni, yangi tashkil etilgan kolxozlar tarkibiga kirishni istamagan. Harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashda davom etishgan, diniy e’tiqodlaridan voz kechishmagan.
Qatag‘on va quvg‘in
Oqibatda 1937 yilning qishida mennonitlar sovet hukumati tomonidan qatag‘on qilinib, tunda, xufiyona tarzda Oqmachitdan ko‘chirib yuborilgan. Faqatgina 70-yillarga kelib, ularning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning Vaxsh viloyatiga deportatsiya qilingani ma’lum bo‘lgan. SSSR tarqalganidan so‘ng mennonitlarning ko‘pchiligi tarixiy vatani Germaniyaga qaytgan.
Deportatsiya qilingandan keyin mennonitlarning Oqmachitdagi uylariga mahalliy aholi ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik bu qo‘rg‘onda paxta qabul qilish punkti tashkil etilgan. 1967 yilda qurilish tresti ish boshlagan. Biroz vaqt o‘tgach, bolalar dam olish maskani qurilgan. Orol dengizining qurishi, yerlarning sho‘rlanib ketishi oqibatida bog‘lar qurib qolgan, 1996 yilda dam olish maskani ham yopilgan.
Mennonitlarning Xorazm tarixida qoldirgan izi
Mehnatsevar va o‘ziga xos urf-odatlarga ega mennonitlar jamoasi Xorazmda 50 yildan ortiq vaqt davomida istiqomat qilib, sezilarli iz qoldirdi, mahalliy aholining ro‘zg‘ori va hayot tarziga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi. Ozodaligi, tartib-intizomga qat’iy rioya qilishi bilan xorazmliklar hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Hozirgacha xivaliklar, oqmachitliklar uyida mennonitlardan qolgan ro‘zg‘or buyumlari, mebellar, stol, stullar, oshxona anjomlari, kitob javonlari, tumbochkalar, tikuv mashinalari, dazmollarni uchratish mumkin.
Urganch shahrida tug‘ilgan, o‘tgan asrning 70-yillarida dunyoga tanilgan mashhur qo‘shiqchi Anna German ham mennonit nemis oilasi farzandi edi. Ko‘p yillar davomida Urganchning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan ataldi.
2019 yilda jurnalist Nur Ahmad tomonidan mennonitlarning Xivadagi tarixiga bag‘ishlangan «Xorazm nemislari» kitobi nashr etildi. Unda xorijliklarning hayot tarzi va faoliyati haqidagi qimmatli ma’lumotlar yoritildi.
Shu yili Xivadagi «Ichan qal’a» tarixiy majmuasida mennonitlarga bag‘ishlangan mo‘’jaz muzey ochildi. Taqdir taqozosi bilan Xorazmga kelib qolgan yuzlab nemis va holland oilalariga oid tarixiy fotosuratlar, eksponatlar undan joy oldi.
2019 yili bahorda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer rafiqasi bilan Xivaga tashrif buyurdi. U mennonitlar muzeyida ham bo‘lib, millatdoshlari hayotiga oid tarixiy eksponatlar bilan tanishdi.
«O‘sha vaqtda o‘zga din va hayot tarziga ega aholining ahil-inoq yashashi o‘zbek va nemis xalqi ongida bugungi kunda ham ustun bo‘lgan birodarlik va yakdillikning yaqqol misolidir», - dedi u ta’sirlanib.
Avvalroq, mennonitlar yashagan Oqmachit qishlog‘ida ularning qo‘rg‘onini tiklash, restavratsiya va rekonstruksiya qilish, turizm maskaniga aylantirish haqida takliflar bo‘ldi. Hozircha bu loyihalarning qachon amalga oshirilishi ma’lum emas.
Nurmuhammad Said tayyorladi
Manbaa: https://kun.uz/