Xiva shahrida yana bir zamonaviy mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi
«O’zbekiston temir yo’llari» aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida ko’hna Xiva shahrida yana bir zamonaviy mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi.

Inshootning tantanali ochilish marosimida faxriylar, mutasaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilik va hokimiyat vakillari, OAV xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda so’zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan xalq manfaati yo’lida olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, o’zgarishlar haqida fikr bildirishdi.

«Xiva lokomotiv» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangi mehmonxona 76 o’rinli bo’lib, 41 ta har xil turdagi (2-3 kishilik, VIP) xonalardan iborat. Bino 2 qavatli bo’lib, o’zida milliy me’morchilik an’analarini aks ettiradi. Sayyohlarga qulay bo’lishi uchun mazkur bino temir yo’l vokzali yaqinida bunyod etilgan. 0,47 gektar maydonda qurilgan inshoot jahon andozalari darajasida jihozlangan. Mehmonxonaga zamonaviy isitish va sovutish tizimlari o’rnatilgan. Bu erda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat ko’rsatadi. Eng e’tiborli tomoni shundaki, mazkur mehmonxonalardan Ichan Qal’agacha piyoda yurib borish mumkin, transportga ham hojat yo’q. Shuningdek, mehmonxona mijozlari uchun bepul eski shaharga olib borish uchun elektrokar va ot-aravalar xizmatlari joriy etilgan.

«O’ztemiryo’lyo’lovchi» AJ tomonidan ko’hna kentda bunyod etilgan mehmonxonalar soni 2 taga etdi. Joriy yilning 19 mart kuni dastlabki «Xiva lokomotiv» mehmonxonasi foydalanishga topshirilgan edi. U 70 o’rinli bo’lib, 36 ta xonadan iborat. Shu kungacha bu erda 6000 nafar mijozga xizmat ko’rsatilgan. Binolar Ichan va Dishan qal’a oralig’ida joylashgan.

Hozirda mazkur hududda temiryo’lchilar tomonidan umumiy maydoni 0,47 ga teng bo’lgan yana 84 o’rinli, 45 xonadan iborat mehmonxona ham qurilmoqda.

Yana bir yangilik, bu erda temiryo’lchilar tomonidan «Xiva lokomotiv» istirohat bog’ini barpo etish ishlari ham qizg’in davom etmoqda. Bog’ning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Bu erda 22 turdagi zamonaviy attraktsionlar o’rnatiladi. Hudud ko’kalamzorlashtirilib, 2500 dan ortiq 14 turdagi manzarali daraxt va gullar ekiladi. Shu bilan birga 3 ta musiqali favvora ham bunyod etiladi. Shuningdek, loyiha doirasida 500 kishilik amfiteatr hamda yarim gektarlik ko’l ham quriladi.

Nodira Romanova

KO`P O`QILGANLAR