Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan ushbu nodavlat taʼlim muassasasi boshlangʻich sinf oʻquvchilariga mental arifmetika, ingliz va rus tillarini chuqurlashtirilgan tarzda oʻrgatishga ixtisoslashgan. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat toʻgaragi tashkil etilgan. Maktabga tayyorlov guruhlari ham yoʻlga qoʻyilgan.
Maktabda 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, oʻqituvchilar va hamshira xonalari, faollar zali mavjud.
Hozirda innovatsion maktab 250 oʻringa moʻljallangan. Ehtiyojdan kelib chiqib yana 500 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etish rejalashtirilgan. Unda bolalar oʻqishni yuqori sinflarda ham davom ettirib, bilimini mustahkamlab boradi.
Davlatimiz rahbari oʻqituvchilar faqat dars berish bilan shugʻullanmasdan bolalarning dunyoqarishini oʻstirishi, mantiqiy fikrlashga oʻrgatishi, ularning ruhiyatiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Maktabga avtobus va oʻquvchilarga planshetlar sovgʻa qilish boʻyicha topshiriq berdi.
manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti