Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
F.Ermanov 1958-yilda tugʻilgan. Ilgari Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Beruniy tumani hokimi lavozimlarida ishlagan. Keyingi yetti oyda u Xorazm viloyati hokimi vazifalarini bajarishda sinovdan oʻtgan. Xalq deputatlari kengashining partiyalar guruhlari bilan oʻtkazilgan maslahatlashuvlarda ham Farhod Ermanov nomzodi qoʻllab-quvvatlangan.
Avvalroq Xorazm viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari boshliqlari vazifalariga ham yangi rahbarlar tayinlangan edi.
Prezidentimiz viloyat rahbarlari Xorazm xalqi bilan bir tanu bir jon boʻlib, bugun belgilab berilgan vazifalarni toʻla bajarishi, iqtisodiyotni rivojlantirish va odamlar hayotini yaxshilash boʻyicha kutilgan natijalarga erishishi zarurligini taʼkidladi.
manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti