Misol uchun, Xorazm viloyatida joylashgan uy uchun olinadigan mol-mulk solig’i Toshkent shahrida joylashgan xuddi shunday uyga solinadigan shu turdagi soliqdan kamida ikki marta kam bo’ladi.
Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – Moliya vaziri J.Qo’chqorov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n uchinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida aytib o’tgan.
Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda mol-mulk solig’i uyning inventar qiymatidan olinmoqda. Bu qiymat 1991 yildagi narxda belgilangan bo’lib, uning joriy narxi koefitsinetga ko’paytirib topiladi.
Koefitsient oxirgi marta 2010 yilda yangilangan bo’lib, uyning inventar narxi bozor narxidan o’rtacha 20-25 marta kichikdir.
Masalan, poytaxtning Buyuk Ipak Yo’li ko’chasida joylashgan, 1989 yilda qurilgan 9 qavatli, betondan qurilgan ko’p qavatli uyda 3 xonali xonadonning bugungi kundagi inventar qiymati 11,1 million so’mni, kadastr qiymati 113,7 million so’mni tashkil etadi. 2017 yilda mazkur xonadonning mol-mulk solig’i 189,9 ming so’mni tashkil qilgan.
Taklif etilayotgan tartib bo’yicha ushbu xonadonning 2018 yilga hisoblanadigan mol-mulk solig’i summasi 227,3 ming so’mni tashkil etib, 2017 yildagiga nisbatan 1,2 barobarga o’sishi kutilmoqda.