Xorazm viloyati va Namangan shahri tajribalari keng ommalashtiriladi
Samarqand viloyati tuman va shaharlarida “Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida hududiy o’quv seminarlar o’tkazildi.

Ishtixon tumanida tashkil etilgan shunday tadbirda Qo’shrabot, Payariq va Oqdaryo tumanlari mahalla fuqarolar yig’inlari raislari, profilaktika inspektorlari, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o’rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish borasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalar muhokama etildi. Prezidentimiz tomonidan o’tkazilgan videoselektor yig’ilishlar va joylarda tashkil etilgan uchrashuvlarda belgilab berilgan vazifalar, Xorazm viloyati va Namangan shahrining Orzu mahallasidagi ijobiy tajribani keng ommalashtirishda fuqarolar yig’inlarining davlat va jamoat tashkilotlari, profilaktika inspektorlari bilan hamkorligi, ular zimmasidagi mas’uliyat haqida so’z yuritildi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yaqinda o’tkazilgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatimiz mahalla tizimidagi jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni chuqur tahlil qilib, yo’l qo’yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf qilish yuzasidan dolzarb vazifalarni belgilab berdi, – deydi fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Samarqand viloyati kengashi raisining birinchi o’rinbosari M.Boboyorov. – Ayniqsa, mahallalarimizni xavfsiz va tinch hududga aylantirishda to’g’anoq bo’layotgan, osuda hayotimizga raxna solayotgan oilaviy mojarolar, ajrimlar, voyaga etmaganlar va xotin-qizlar o’rtasidagi jinoyatlarning keskin o’sishi, ularning o’z joniga qasd qilishi kabi noxush holatlar yuzaga kelayotgani davlatimiz rahbari tomonidan tashvish bilan qayd etildi. Shundan kelib chiqib, avvalo har bir mahalla fuqarolar yig’ini raisi bunday holatlarning oldini olishda o’z hududida mas’ul ekanini his qilgan holda, hamkor tashkilotlar bilan izchil faoliyatni yo’lga qo’yishi lozim.

Seminarda viloyatni yanada tinch va obod hududga aylantirish yuzasidan fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Samarqand viloyati kengashining murojaatnomasi qabul qilindi.

Tadbirda “Xalq manfaatlariga xizmat qilish – mening burchim” nomli teleko’rsatuv namoyish etildi.

Hududiy seminarlarda muhokama etilgan masalalar viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yig’inlari kengashlarida ham ko’rib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

G’olib Hasanov, O’zA

KO`P O`QILGANLAR