Benazir san’atkor xotirasiga ehtirom
Xorazmda O‘zbekiston xalq artisti, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligi keng nishonlanmoqda.

Mustaqillik yillarida milliy madaniyatimiz va san’atimizni yanada rivojlantirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, uning bebaho namunalaridan xalqimizni bahramand qilish, ayniqsa, yosh avlodning musiqiy didini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil noyabr oyida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda xalqimizning ardoqli san’atkori Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligini keng nishonlash, mashhur hofiz nomi bilan ataladigan zamonaviy ijod markazi, go‘zal bog‘ tashkil etish taklifini bildirgan edi. O‘tgan vaqt davomida shu sanaga bag‘ishlab yurtimizda ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Poytaxtimizda ustoz san’atkor tavalludi sanasiga bag‘ishlab adabiy-musiqiy tadbir tashkil etildi.

Ulug‘ san’atkor tug‘ilib voyaga yetgan Shovot tumanida Komiljon Otaniyozov nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinib, har tomonlama obod maskanga aylantirildi. Urganchda uning xotirasi bilan atalgan bog‘ va ijod markazi, uy-muzeyi tashkil etildi. Hofiz siymosi aks ettirilgan yodgorlik o‘rnatildi.

O‘zbek musiqa san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir ovoz sohibi, Vatan, do‘stlik, mehr-oqibat va muhabbatni avj pardalarda kuylagan Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan tadbir hofiz qabrini ziyorat qilishdan boshlandi.

Ogahiy nomidagi Xorazm viloyati musiqali drama teatrida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yillik bayrami qatnashchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Xorazm suvora va maqomlari, xalq ashulalari va dostonlarining mohir ijrochisi Komiljon Otaniyozov asos solgan maktab yosh ijrochilar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lib kelayotgani alohida ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligi keng nishonlanayotgani butun xalqimiz, ayniqsa, san’at ixlosmandlarini behad mamnun etmoqda, – deydi O‘zbekiston xalq artisti G‘afur Eshchonov. – Shovot tumanidagi qishloqlardan birida tug‘ilib o‘sgan, o‘zining iborasi bilan aytganda, “otaliqning molini boqib", podachi tayog‘ini o‘ziga tor qilib chala boshlagan yosh Komiljon xalqimizning ardoqli san’atkori edi. U o‘zining betakror ovozi va ijro uslubi bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy o‘lkalarda ham san’at shaydolarini maftun etgan. Ustoz qoldirgan bebaho san’at bugun uning shogirdlari, yosh ijrochilar tomonidan munosib davom ettirib kelinmoqda.

Tadbirda badiiy jamoalar, xonandalar tomonidan K.Otaniyozov ijodiy merosidan namunalar ijro etildi. "Uch bo‘ston bulbuli" nomli spektakl, hofiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA

KO`P O`QILGANLAR