Rossiyalik mashhur kardiojarroh Xorazmda mahalliy shifokorlar bilan birga jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filialida Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktori, akademik Leo Bokeriya ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi.

Yurak xastaligi inson hayotiga tahdid soladigan og‘ir kasalliklardan biridir. Vazni 80 kilo bo‘lgan inson tanasining bor- yo‘g‘i 80 dan bir bo‘lagini tashkil etuvchi yurak har qisqarganda tomirlar tizimiga 70 millilitr qon haydaydi. Shu tartibda u bir daqiqada 5 litr, soatiga 300, sutkasiga 7 ming 200 litr qon haydaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug‘ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Bu xastalikni faqat jarrohlik amaliyoti bilan bartaraf etish va bemorni to‘laqonli hayotga qaytarish mumkin. Bunday jarrohlik amaliyoti har qanday klinikada o‘tkazilavermaydi, buning uchun maxsus sharoit va zarur salohiyat bo‘lishi lozim. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filialida vazni 10 kilogrammdan kam bo‘lgan bolalarda kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazilmagan. Zero, bolalar qancha erta davolansa, kasallikni asoratsiz bartaraf etish samarasi shuncha ortadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017-yil 27-28-yanvar kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali faoliyati bilan tanishdi. Filial faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha fikr va tavsiyalarini bildirib, shifoxona negizida Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi. Mazkur shifoxona kelajakda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Yurtimizga kelgan mashhur kardiojarroh Leo Bokeriya ushbu filial faoliyati bilan tanishdi. Tanishuv davomida Rossiya Federatsiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Xorazm viloyati filialiga angiografiya tibbiyot uskunasi o‘rnatilgani yurak holatini chuqur o‘rganish barobarida, o‘pka arteriyasi bosimini ham mukammal tahlil qilish imkonini beradi. Bu bilan kardiojarrohlikda eng murakkab amaliyot hisoblanadigan qon tomirlarini stendlash, aorta koronar shuntlash amaliyoti o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratiladi.

Leo Bokeriya filial mutaxassislari bilan hamkorlikda tug‘ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to‘siq nuqsoni bilan og‘rigan bemor, Bog‘ot tumanida yashovchi Maqsadbek Yo‘ldoshevda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.

– O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi Leo Bokeriya. – 16 yoshli o‘smirda tug‘ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to‘siq nuqsonini plastika qilish jarrohlik amaliyotini sun’iy qon aylantirish sharoitida o‘tkazdik. Yuqori malakali shifokorlar bilan ishlash menga zavq bag‘ishladi. Mening nazarimda biz go‘yo ko‘p yillardan buyon birga ishlagandekmiz. Bu yerdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Tibbiyot hamshiralarining jarrohlik amaliyotidagi ishi ham yuqori darajada. Dori-darmon bilan ta’minlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyalik kardiojarroh ishtirokida mahalliy kardiojarrohlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Yurak-qon tomir kasalliklarining og‘ir asoratli turlari bilan og‘rigan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi.

– Mashhur shifokorning Xorazmga kelganini eshitib, 7 yoshli qizimni to‘g‘ri shu yerga olib kelaverdim, – deydi nukuslik Gulsanam Saidniyozova. – Qizimning yuragida to‘rtta tug‘ma nuqsoni bor. Shu paytgacha Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazida bir marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ammo eng muhim amaliyot hali oldinda. Uni 4-yildan buyon kutyapmiz. Bugun qizimni rossiyalik kordiojarroh ko‘rikdan o‘tkazdi va bizni Moskvaga taklif qildi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Bizga shunday qulayliklar yaratib berilayotgani uchun davlatimizdan minnatdormiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bunday ezgu ishlar tufayli mening qizim bu yil birinchi sinfga sog‘lom bo‘lib boradi.

Imzolangan hamkorlik bitimiga ko‘ra, mahalliy shifokorlar rossiyalik hamkasblari bilan muntazam tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizda aholi salomatligini yanada mustahkamlash, mahalliy mutaxassislarning yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardiojarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi tajribasini boyitishga xizmat qiladi.

Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalarga sayohat mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA

KO`P O`QILGANLAR