Salomga doir Qur’oni Karimdan dalillar
Salom berishlik, qo’l berib so’rashishlik, salomga alik olish, ro’baro’ kelganda insonlarga tinchlik-xotirjamlik tilab qo’yishlik Islom dinining eng oliy, go’zal ahloqlaridan biri bo’ladi. Shuning uchun bir-birlarimiz bilan ko’rishganda astoydil, mehr-muhabbat bilan, samimiy salomlashishimiz lozim.

Qur’oni Karimning juda ko’p oyatlarida salomlashish haqida ibratlar kelgan. Jumladan:

وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ حَسِيبًا (٨٦)

«Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o’sha (ibora)ni qaytaringiz. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchi zotdir». (Niso surasi 86)

Ushbu oyati karimada salomlashish juda muhim, ahamiyatli ish ekani ko’rinib turibdi. Salom bergan insonga undanda yaxshiroq yoki hech bo’lmasa o’shanday javob qaytarib qo’yishga amr etilmoqda.

O’z uylarimizga, hech kim yo’q xonalarga va boshqa begona insonlarning uylariga kirish odoblarini ham mehribon robbimiz bizlarga mukammal o’rgatib qo’ygan. Qur’oni Karimda Alloh ta’olo aytadi:

فَإِذَا دَخَلْتُمْ بُيُوتًا فَسَلِّمُوا عَلَى أَنْفُسِكُمْ تَحِيَّةً مِنْ عِنْدِ اللَّهِ مُبَارَكَةً طَيِّبَةً كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ (٦١)

«Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Allohning huzuridan bo’lgan pokiza, muborak salomni aytingiz (ya’ni «assalomu alaykum» deng). Sizlar aql yuritishingiz uchun Alloh o’z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur». (Nur surasi 61)

Alloh taolo har bir katta-yu kichik amallarni mana shunday bayon etgan. Bir joyga kirganda salom so’zi bilan kirishlikda juda ko’p hikmat bor. Bir kishi biror xonadonga kirganda o’sha erdagi kishilarga salom beradi, agar u erda hech kim bo’lmasa, «assalamu alayna va ala ibadullohis-solihiyn», deb o’ziga va solihlarga salom beradi, deyilgan. Bir joyga kirmoqchi bo’lgan kishi ikkita muhim ishni bajarmasdan kirmasligi ta’kidlanadi: birinchisi, kirishga ruxsat so’rashlik; ikkinchisi, kirgan joyiga salom berib, tinchlik-osoyishtalik tilab kirishdir. Alloh ta’olo Qur’oni Karimda marhamat qilib aytgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَدْخُلُوا بُيُوتًا غَيْرَ بُيُوتِكُمْ حَتَّى تَسْتَأْنِسُوا وَتُسَلِّمُوا عَلَى أَهْلِهَا ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ (٢٧)

«Ey, iymon keltirganlar! O’z uylaringizdan o’zga uylarga to izn so’rmaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Shoyadki, bu gapdan eslatma olsangiz».

(Nur surasi 27)

Islomda bir kishining uyiga borilganda eshik uch bor qoqiladi, uch marotabada ham hech kim javob bermasa, qaytib ketiladi. Eshikni qoqish ketma-ket emas, balki ikki yoki to’rt rakat namoz o’qish muddati miqdoricha kutiladi. Kutayotgan vaqtda eshikning o’ng yoki chap tomonida hovliga nazari tushmaydigan holatda turadi.

Bizning ota-bobolarimiz o’ta odobli va madaniyatli xalq bo’lgan. Madrasada ta’lim olayotgan vaqtimizda ustozlarimizdan birlari o’zbek millatining madaniyati haqidagi bizga bergan ta’limlari hech esimdan chiqmaydi. Oldingi davrlarda yashab o’tgan ota-bobolarimizning hovlilarida ikki qanotli kirish darvozalari bo’lgan. Darvozaning ikkala qanotida halqa bo’lgan. O’ng qanot darvozaning halqasi chap qanot darvozaning halqasiga nisbatan kattaroq bo’lgan (hozir ham ba’zi xonadonlarda o’shanday halqali eshiklar saqlanib qolgan). Uyga erkak kishi kelsa, katta halqani taqillatgan va ichkaridan erkak kishi chiqib kelgan. Agar ayol kishi kelsa kichik halqa bilan eshikni taqillatgan va ichkaridan ayol kishi javob qaytargan. Agar uyda erkak kishi bo’lmasa, darvozadagi osilib turgan halqani kattasi tepaga ko’tarib qo’yilgan. Agar ayol kishi bo’lmasa, kichik halqa tepaga ko’tarib qo’yilgan. Bu uyda erkak yo ayol kishi borligini bildirgan. Kelgan mehmon shu darvozadagi belgi, ishoraga qarab muomala qilgan. Agar uyda suv tugab qolgan bo’lsa-yu, uyda erkak kishi bo’lmasa, suv idishlarni darvoza tashqarisiga chiqarib qo’yishgan. O’tib ketayotgan yo’lovchi erkaklar bu uyda suv qolmaganini tushunib, suv idishlarda suv olib kelishgan va darvozani taqillatib ketishgan. Bu urf-odatlar o’zbek xalqi qanchalik yuksak ma’naviyatli va madaniyatli bo’lganidan darak beradi. Bu odatlarga unchalik uzoq vaqt bo’lmagan, bundan oltmish, etmish yil avvalgi madaniyatlarimiz mana shunday bo’lgan. Afsuski, ota-bobolarimizning hayriyatlari unutib borayotgandek.

Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom payg’ambar bo’lib kelishlaridan avval birovning uyiga «ertalabki salom!» yoki «kechki salom!» deb to’g’ri kirib kelishardi. Uy egalari noqulay holda bo’lishlari mumkinligi yoki uyda ayollarning borligi hech mulohaza qilinmas edi. Bu ish esa o’taketgan odobsizlik bo’lib, turli yomonliklarga, gap-so’zlarga va fitnalarga sabab bo’ladigan holat edi. Islom dini kelgach, bu ishning oldi olinib, adob-ahloq o’rnatildi.

Yuqorida keltirilgan oyati karimaga binoan birovning uyiga kirmoqchi bo’lgan kishi uy egasining izni bilan, u erdagilarga salom berib kirishi lozim bo’ladi.

Farishtalar ham har doim payg’ambarlarga vahiy bilan kelganlarida eng chiroyli kalom, eng muhim so’z — «Salom», tinchlik so’zi bilan kelishardi.

هَلْ أَتَاكَ حَدِيثُ ضَيْفِ إِبْرَاهِيمَ الْمُكْرَمِينَ (٢٤)إِذْ دَخَلُوا عَلَيْهِ فَقَالُوا سَلامًا قَالَ سَلامٌ قَوْمٌ مُنْكَرُونَ (٢٥)

«(Ey Muhammad!) Sizga Ibrohimning aziz mehmonlari haqida xabar keldimi? O’shanda ular(Ibrohim)ning huzuriga kirib: «Salom!» deyishganda, u ham: «Salom! (bular) notanish qavmku!» — dedi».

(Vazzoriyot surasi 24-25)

Farishtalar Ibrohim alayhissalomning oldilariga farzand hushxabari bilan kelishganda salom aytib oldilariga kirishgan edi.

وَلَقَدْ جَاءَتْ رُسُلُنَا إِبْرَاهِيمَ بِالْبُشْرَى قَالُوا سَلامًا قَالَ سَلامٌ فَمَا لَبِثَ أَنْ جَاءَ بِعِجْلٍ حَنِيذٍ (٦٩)

«Ibrohimga elchilarimiz (farzandli bo’lishi haqida) hushxabar keltirdilar va «Salom!» dedilar. U ham «Salom!» dedi-da, hech qancha vaqt o’tmay, bir buzoq (go’shti)ning kabobini keltirdi». (Hud surasi 69)

Ibrohim alayhissalomning mehmonlari, elchi farishtalar — Jabroil, Mikoyil va Isrofil edilar. Bir rivoyatda Jabroil alayhissalom bilan birga o’n ikkita yosh, kelishgan, chiroyli yigitlar suratidagi farishtalar kelishgan deyiladi. Ularning mukarram farishtalar ekanligidan xabarlari bo’lmagan mehmondo’st Ibrohim alayhissalom salom-alikdan so’ng, darhol ayollariga semiz buzoqning go’shtini pishirishni tayinladilar va taomni mehmonlar huzuriga olib kirdilar. Demak, ko’rishganda salom bermoq va alik olmoq farishtalarning hamda Nabiylarning odatidir. Bu odatga mo’min-musulmonlar ham og’ishmay amal qilmoqlari lozim.

Dunyo imtihonlaridan a’lo o’tgan mo’minlar jannatga ham inshaalloh salomat kiradilar.

ادْخُلُوهَا بِسَلامٍ ذَلِكَ يَوْمُ الْخُلُودِ (٣٤)

«Unga (jannatga) salomat kiringiz! Bu (kun) mangulik kunidir (deyilur)». (Qof surasi 34)

Ya’ni, «Ey ahli jannat, jannatga turli balo-ofatlardan, azob-u uqubatlardan, xavf-u xatarlardan va boshqa nohushliklardan salomat bo’lgan holda, hursand bo’lib kiringiz. Bu kun mangulik kunidir», — deyiladi.

Jannat har bir mo’min-musulmon odamning orzu qilib, unga talpinib, niyat qilib harakat qilib yashaydigan maskanidir. U joy faqat rohat farog’at joyi bo’lib, hamma ne’matlar muhayyodir.

Alloh ta’olo aytadi:

لَهُمْ فِيهَا فَاكِهَةٌ وَلَهُمْ مَا يَدَّعُونَ (٥٧)سَلامٌ قَوْلا مِنْ رَبٍّ رَحِيمٍ (٥٨)

«Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir. (Ularga) Rahimli Parvardigori (tomoni)dan salom (aytilur)». (Yosin surasi, 57-58)

Ahli jannat uchun jannatda turli xil mevalar bordir. Ular hohlaganlaricha, hech qanday to’lovsiz va evazsiz eb, rohat-farog’at qiladilar. Ahli jannatlar nimani istasalar, jannatda o’sha narsa bordir. Ko’ngillari istashi bilan oldilarida muhayyo bo’ladi. Yana boz ustiga shuncha noz-u ne’mat, zavq-u shavqning ustiga o’zlari uchun nihoyatda rahimli bo’lgan zot Robbilari Alloh ta’olo tomonidan «Salom» ham keladi. Bu esa eng yuqori darajadagi taqdirlash bo’ladi. Alloh ta’oloning o’zi bandasini taqdirlab, salom aytadi.

O’shandoq saodatmand bandalarning jannatdagi bir-birlari bilan so’rashishlari ham o’ziga xos bo’ladi. Hammamiz bir-birimiz bilan doimo «Assalomu alaykum» deb salomlashamiz-u, salomning nechog’li ahamiyatli narsa ekanini anaglab etavermaymiz. Salom Alloh azza va jallaning go’zal ismlaridan biridir. Salom iymonning kamoli, Islomning shioridir. Salom Rasululloh sallallohu alayhi vasallmaning sunnatlari, ulug’larning odatidir. Salom inson ma’naviyatining ko’zgusi, tinchlik elchisi, mehr-oqibat garovidir. Salom do’stlik ramzidir. Salom o’zaro insoniy aloqalarni mustahkamlovchi metin arqondir. Salom yaxshiliklarning debochasidir. Salom bo’lmasa, dunyo zindondir. Jannat ham salom bilan oboddir. Salom jannat ahlining so’rashishidir.

Alloh ta’olo aytadi:

دَعْوَاهُمْ فِيهَا سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَتَحِيَّتُهُمْ فِيهَا سَلامٌ ... (١٠)

«U erdagi duolari «Ey, Alloh! Senga tasbeh aytamiz» deyish va u erdagi so’rashishlari, «Salom-alik» deyishdir». (Yunus surasi, 10)

Jannat ahli biror narsa eyishni istab qolsalar, tasbeh aytar ekanlar. Ya’ni «Subhanakallohumma» deyishlari bilan istagan taom va boshqa noz-ne’matlar muhayyo bo’lar ekan. Muakkal xizmatkor farishtalar ularning tasbehlarini eshitishlari bilan dasturxonlarga etmish ming xil bir-biriga o’xshamagan taomlarni keltirar ekanlar. Ahli jannatiylarning jannatdagi bir-birlari bilan ko’rishishlari xuddi bu dunyodagi salomlashishimiz kabi «as-Salom» bo’larkan. Shuning uchun bu buyuk iborga bu dunyoda ko’proq amal qilishimiz lozim ekan.

Taomdan forig’ bo’lib Allohga hamd aytishlari bilan xizmatkorlar dasturxonni yig’ishtirib olib ketar ekanlar.

Jannatda hech qachon yomon so’z eshitilmaydi, jannatdagi eshitiladigan eng chiroyli so’z «salom-salom» so’zidir. Ahli jannatiylarga jannatda farishtalar salom beradilar, salom bilan insonlarni qarshi oladilar, har taraflaridan faqat salom so’zi eshitiladi. Alloh ta’olo aytadi:

لا يَسْمَعُونَ فِيهَا لَغْوًا وَلا تَأْثِيمًا (٢٥)إِلا قِيلا سَلامًا سَلامًا (٢٦)

«Ular u joyda (jannatda) behuda va gunoh (so’z)ni eshitmaslar, faqat (bir-birlariga aytadigan) «salom-salom» so’zinigina (eshiturlar)». (Voqea 25-26)

Islom Alloh ta’ologa bo’ysungan, payg’ambariga itoat etgan, dasturlariga og’ishmay amal qilgan har bir musulmonni jannat — tinchlik va omonlik diyoriga musharraf etadi. Jannatning xushbo’y hidi eng olis masofadan ham kelib turadi.

«Iymon keltirgan va ezgu ishlar qilganlar ostida anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritilib, Parvardigorlarining izni bilan u joyda mangu qolurlar. Ularning (jannatdagi)ko’rishishlari (o’zaro) salomlashishdan iboratdir».

Jannat egalari bir-birlariga o’zaro tinchlik tilab salomlashishadi. U erda tashvish, hasad, kasallik, xavotir, urush, xavf kabi narsalar bo’lmaydi.

Zakariyo HAFIZULLAEV, “Kamoliddin Orif al Buxoriy”, jome masjidi imom xatibi
Mehrob.uz

KO`P O`QILGANLAR