Prezidentimizning el-yurt farovonligi yo‘lida qabul qilgan qarorlari, farmoyishlari hayotimizni tobora go‘zal, turmush tarzimizni yanada yaxshilana borishida muxim dasturilamal bo‘lmoqda. Yangi yilning dastlabki oylaridanoq jadal sur’atlar bilan davom etayotgan o‘sish-o‘zgarishlar, rivojlanish va taraqqiyot sari tashlangan dadil qadamlar, ezgu niyatlar ro‘yobi yo‘lidagi intilishlar, izlanishlarning ilk samaralari hozirdanoq ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa yurtdoshlarimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlayotir. Mamlakatimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 27-28-yanvar kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Xorazm vohasida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilishini alohida ta’kidladilar.
Prezidentimiz Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlaridan unumli foydalanish, buning uchun yangi yo‘nalishlar tashkil etish borasida tavsiyalar, ko‘rsatmalar berib, Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" tez yurar poezdi qatnovini yo‘lga qo‘yilishini alohida qayd qilgan edilar.
Joriy yilning 10-fevral kuni ushbu ulkan bunyodkorlik jarayoni bilan bog‘liq mutasaddi tashkilotlar raqbarlari, faollar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Urganch tumanidagi "Tandirchi" mahallasi hududida mazkur temir yo‘l qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Viloyat hokimi P.Bobojonov bu ulkan bunyodkorlik ishi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yillik bayrami kunigacha tugallanishi va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidladi.
Shu kuni Xivada qad rostlaydigan temir yo‘l vokzali poydevoriga ham ilk g‘isht qo‘yildi.
Qadimiy Xivaga temir yo‘l olib kelish xalqimizning asriy orzusi edi. Mana, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bu orzu-niyatlar ushalmoqda. Barcha qatori biz keksalar ham bu ezgu ish ro‘yobga chiqayotganidan juda mamnun bo‘ldik, - deydi xivalik mehnat faxriysi Otaboy Olloberganov.
Ha, temir yo‘lning Xiva shahriga kelishi vohamizning har tomonlama gullab-yashnashi, ayniqsa sayyohlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi shak-shubhasizdir.
Xiva tumani hokimi E.Yoqubov uzunligi qariyb 30 kilometrni tashkil qiladigan temir yo‘lni keltirish munosabati bilan shahar va shahar atrofida turizm jozibadorligini oshirish, shuningdek, mahalliy aholi dam olishi bilan bog‘lik ko‘plab sayilgohlar, xiyobonlar, bog‘lar, gulzorlar yaratilishi, yangi turar-joylar, muhtasham imoratlar qad rostlashini mamnuniyat bilan bildirdi.
Shu kuni Urganch shahridagi Oxunbobo masjidi qurilishi munosabati bilan ushbu yaratilajak mahobatli masjid poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish tadbiri ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu majmua qadim milliy me’morchilik an’analari hamda zamonaviy uslublar uyg‘unligida, qisqa muddatlarda barpo etilishi rejalashtirilayotganligi barchaga birday quvonch, shodlik bag‘ishladi.
- Yurtimiz farovonligini ko‘zlab Prezidentimizning ezgu g‘oyalari asosida amalga oshirilayotgan ushbu xayrli ish mustaqil mamlakatimizda qadim qadriyatlarimiz tobora ulug‘lanayotganligining yorqin ifodasi, - deydi Urganch shahar bosh imom xatibi Hasanboy Kenjayev. - Bu erda masjid bilan birgalikda kutubxona, dam olish xonalari, katta bog‘ ham bunyod etiladi. Ushbu qadamjoda bir yo‘la to‘rt yarim ming fuqaroga xizmat qilish imkoniyati yaratiladi. Bu majmuada otaxonlarimizning yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlanishi, yanada farovonlik, to‘kinlik, xalqimizni sihat-salomat, baxtiyor bo‘lishi borasida qilgan duolari albatta ijobat bo‘lib, mustaqil mamlakatimiz yanada gullab-yashnayveradi.
Viloyatimizda boshlangan bunday ulkan bunyodkorlik jabhalari, ezgu va xayrli ishlar yurtimizni yanada chiroy ochishidan, xalqimiz farovonligini tobora osha borishidan dalolat bermoqda.
"Xorazm haqiqati” gazetasi, 2017-yil 15-fevral №13.