Abdulg‘oziyxon (1605–1664)
Abdulg‘oziyxon “Shajarayi turk” va “Shajarayi tarokima” nomli katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy asarlarni ijod etgan o‘zbek tarixnavis olim, uzoq vaqt Xiva xonligini boshqargan yirik davlat arbobidir.

Abdulg‘oziyxon adabiyotdan ham xabardor bo‘lgan. Tib ilmini yaxshi o‘rgangan bo‘lib, bu borada “Manofe ul-inson” nomli maxsus tibbiy asar ham yozgan.

Abdulg‘oziyxon Xiva xoni Arab Muhammadxonning o‘g‘lidir. Abdulg‘oziyxon o‘z asarlarida tarjimai holiga oid ancha ma’lumotlarni keltirgan.

Muarrix tavallud sanasini quyidagicha bayon etadi: “Urganch viloyatida tarix hijriy ming taqi o‘n to‘rtda (1605–1606) asad burji va rabi’ al-avval oyining o‘n beshida dushanba kuni oftob birlan barobar tulu’ qilibmiz”.

U ota va bobosi haqida gapirar ekan, bunday deb yozadi: “Otamizning oti Arab Muhammadxon, aning otasi Oqatoyxon, aning otasi Amnakxon, aning otasi Yodgorxon... Onasining ismi Mehribonu xonim bo‘lib, Jong‘ozi sultonning qizi bo‘lgan”.

Abdulg‘oziy 6 yoshga kirganda onasi vafot etadi. U 16 yoshgacha Urganchda otasi qo‘lida tarbiyalanadi. “Andan so‘ng otamiz Kadxudoy qildi. Taqi Urganchning yarmini ulug‘ oqamiz Habash sultonga va yarmyni bizga berdi. Bir yildan so‘ng Habash va Elbars otli akalarimiz birlan oramizda nizo’ bo‘ldi. Ul sababdin turabilmay Xevaqg‘a otamiz qatig‘a kelduk. Ular Katni in’om qildilar”.

“Arab Muhammadxonning yetti o‘g‘li bor edi: avval Asfandiyorxon, ikkinchi Habash sulton, uchinchi Elbars sulton, to‘rtinchi Abdulg‘oziyxon, beshinchi Sharif Muhammad sulton, oltinchi Xorazmshoh sulton, yettinchi Avg‘on sulton Asfandiyorxonning onasi o‘z jamoatimizdan erdi. Habash sulton birlan Elbars sultonning onasi nayman qizi, ikkisi bir onadan erdi. Onamning oti Mehribonu xonim. Otasi Jong‘ozi sulton...”

Arab Muhammadxon, Abdulg‘oziyxon, Asfandiyor va Sharif Muhammadlar bilan Habash va Elbars o‘rtasida nizo kuchayib, ikki orada urush voqe bo‘ladi. Bu urushda yengilgan Arab Muhammadxon qo‘lga tushadi va ko‘zi ko‘r qilinadi. Ming mashaqqatlar bilan suvdan kechib o‘tgan Abdulg‘oziyxon avvalo Katga va u yerdan Imomqulixon saroyiga keladi. Habash va Elbarsga qarshi kurash boshlagan Asfandiyor Abdulg‘oziyxonni yordamga chaqiradi. Ammo Imomqulixon uning borishiga ruxsat bermaydi. U Imomqulixon saroyida ikki yil turadi.

Habash va Elbars ustidan g‘alaba qilgan Asfandiyorxon Imomqulixon saroyiga o‘z inilari Abdulg‘oziyxon va Sharif Muhammadni tilatib kishi yuboradi. Shundan keyingina Imomqulixon ularga Xorazmga qaytishga ruxsat beradi. Abdulg‘oziyxon Xivaga qaytadi va Asfandiyor uni Urganchga hokim qilib tayinlaydi. Endi Asfandiyorxon bilan Abdulg‘oziyxon o‘rtasida kelishmovchiliklar maydonga keladi.

Urganchda turishning ilojini topa olmagan Abdulg‘oziyxon Turkistonda, Toshkentda bo‘ladi. Keyinchalik Xivaga qaytadi. Asfandiyorxon Abdulg‘oziyxonni Eronga jo‘natadi. Shunday qilib, Abdulg‘oziyxon 10 yil Isfahon shahrida turadi. Xarajat uchun yiliga 10. 000 tanga ajratiladi. Bir qancha tadbirlar ishlatib, Abdulg‘oziyxon Bastom, Mahin orqali Manqishloqqa keladi. U yerda bir yil turib, 1642–1643 yili Urganchga keladi. U Xorazmga qaytganidan olti oydan so‘ng Asfandiyorxon vafot etadi.

1644–1645 yili Abdulg‘oziyxon Xiva taxtini egallaydi va deyarli yigirma yil davomida Xivada xon bo‘lib turadi. Uning xonlik davrida o‘zaro urushlar nisbatan tinchidi, tashqi mamlakatlar bilan aloqalar yaxshilandi, obodonchilik, ichki vaziyatni tuzatishga e’tibor kuchaydi, hokimiyat mustahkamlandi. 1663–1664 yili xonlikni o‘g‘li Anushaxonga topshiradi va 1664 yili vafot etadi. Abdulg‘oziyxon o‘zi haqida quyidagi qiziq ma’lumotlarni yozib qoldirgan. “Bu faqirg‘a Xudoyi taolo inoyat qilib, ko‘b namarsa bergan turur. Xususan uch hunar bergan turur. Avval, sipohiygarlikning qonuni va yo‘sinikim, nechuk otlanmoq va yurumak va yovg‘a yasoq yasamoq, ko‘p birlan yuruganda nechuk qilmoq, oz birlan yuruganda nechuk qilmoq. Ikkinchi, masnaviyot va qasoyid va g‘azaliyot va muqattaot va ruboiyot va barcha ash’orni fahmlamaklik, arabiy, forsiy va turkiy lug‘atlarning ma’nosini bilmaklik. Uchinchi, Odam ahdindin to bu damgacha Arabistonda, Eron va Turonda va Mo‘g‘ulistonda o‘tgan podshohlarning otlari va umrlarining va saltanatlarining kam va ziyodin bilmaklik”.

Uning tomonidan keltirilgan bu ma’lumotlarga qaraganda, Abdulg‘oziyxon she’riyatni yaxshi bilish bilan bir qatorda, arab, fors va turkiy tillarni puxta o‘rgangan. Tarix ilmidan yaxshi xabardor bo‘lgan Abdulg‘oziyxon o‘zining tarixiy asarlarini tasnif etgan.

Abdulg‘oziyxon yuqorida zikr etilgan siyosiy faoliyati bilan bir qatorda zamonasining atoqli tarixchisi va olimi sifatida “Shajarayi turk” nomli mashhur asarini yozgan.

Abdulg‘oziyxon o‘z asarini yozishda tarafkashlik qilmay, voqealarni qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shunday keltirganligini uqdirib o‘tgan. U bunday deb yozadi: “Emdi ko‘nglingiga kelmasunkim, faqir taraf tutib yolg‘on aytgan bo‘lg‘ayman va yo o‘zimni g‘alat ta’rif etgan bo‘lg‘ayman”.

Abdulg‘oziyxon “Shajarayi turk” nomli asarini qaysi vaqtda yozilganligini va boblarini ko‘rsatib o‘tadi. “Tarix hijriy ming taqi yetmish to‘rt (1663–1664) erdikim, biz (Abdulg‘oziyxon q. m. ) bu kitobni ibtido qilduq va taqi “Shajarayi turk” teb ot qo‘ydiq. Taqi to‘qqiz bob qilduq”.

Bu asarni Abdulg‘oziyxon “Shajarayi turk”ning o‘zida keltirilgan ba’zi ma’lumotlarga qaraganda oxirigacha yozib tamomlashga ulgurmagan. Uning ma’lum qismi Abdulg‘oziyxon vafotidan so‘ng Mahmudiy ibn Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan yozib tamomlangan.

Bu asardan hozir Toshkentda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlari xazinasida to‘rt nusxa saqlanmoqda. Ulardan eng qadimiysi 851 raqamli nusxa bo‘lib, XVII asr oxiri yoki XVIII asr boshlarida ko‘chirilgan. Shuningdek, Abdulg‘oziyxonning “Shajarayi tarokima” va “Manofe ul-inson” asarlarining qo‘lyozma nusxalari ham mazkur institut qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.

Abdulg‘oziyxonning madaniy-ilmiy merosini tadqiq etish ancha ilgari boshlangan. Abdulg‘oziixonning hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar qomuslar, jurnallar va to‘plamlarda keltirilgan. “Shajarayi turk” asarining matni 1824 yili Qozon shahrida akademik Fren tomonidan nashr etilgan. So‘ngra bu asarning matni (1871) va fransuz tiliga qilingan tarjimasi 1874 yili Sankt-Peterburgda professor Baron Demezon tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik G. S. Sablukov bu asarni rus tiliga tarjima qilib, Qozonda nashr etdirgan. Abdulg‘oziyxonning turkmanlar tarixiga oid “Shajarayi tarokima” asarining matni va tarjimasi tadqiqotlar bilan akademik A. N. Kononov tomonidan (Moskva, Sankt-Peterburg) 1958 yili nashr etidsi.

“Shajarayi turk” asarining matni hozirgi joriy alifboda 1992 yili Toshkentda akademik B. Ahmedov so‘zboshisi bilan nashr etildi. Shunday qilib, Abdulg‘oziyxon qator tarixiy asarlar ijod etgan o‘z davrining yetuk tarixnavis olimi, davlat arbobi va lashkarboshisi edi. Abdulg‘oziyxonning turli ma’lumotlarga boy tarixiy asarlari Xorazm tarixini va umuman aytganda, turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim manbadir.

Abdulg‘oziyxonning Xorazm tarixi bo‘yicha o‘zbek tilida asarlar yozishi an’anasi Xivada keyingi davrlarda atoqli tarixnavis olimlar, ayni vaqtda ajoyib shoirlar Shermuhammad Munis, Muhammad Rizo Ogahiy va Muhammad Yusuf Bayoniylar tomonidan davom ettirildi.

Abdulg‘oziyxon Xiva xonligida vujudga kelgan ana shu tarixnavislik maktabiga asos solgan olimdir.

“Ma’naviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

KO`P O`QILGANLAR