Nosiriddin Burhoniddin Rabg’uziy
Adibning hayoti va ijodi haqida bizgacha juda kam malumot etib kelgan. U XIII asrning oxiri XIV asrning boshlarida Xorazmning Raboti o’g’uz degan joyida yashab ijod qilgan. Bu hozirga Bog’ot tumanining “Qizilrabot” qishlog’iga to’g’ri keladi.

Ushbu qishloq tuman markazidan 20 km sharqda Hazorasp tumaniga 7 km yaqinlikda joylashgan. Bizgacha uning “Qissasi Rabg’uziy”dan boshqa asari malum emas. Mazkur kitobda u o’zi haqida musulmonlarga xos kamtarinlik bilan “...bu kitobni tuzgan, toat yo’lida tizgan, masnaviyat xiyobonin kezgan, oz ozuqliq, ko’p yozuqlik Raboti o’g’uz qozisi Burhon o’g’li Nosiruddin ...” deb yozadi. Rubg’uziy taxallusi ham u yashagan joy nomi bilan bog’liq. Etuk ulamo va diniy oilada tarbiyalangan Nosuriddinning o’z zamonasida taniqli tarixchi, etuk shoir va iste’dodli tarjimon sifatida tan olinganligidan dalolat beruvchi bir talay yordamchi manbalar mavjud.

Xo’sh, Rabg’uziy ta’kidlagan Raboti o’g’iz haqiqatan ham bugungi Qizilravot qishlog’ining o’rta asrlardagi nomi edimi? Bu savolga Rabg’uziy haqidagi ma’lumotlarda uning Xorazmning Raboti o’g’iz qishlog’idan bo’lganligini dalillovchi manbalardan kelib chiqqan holda “ha” – deb javob berish mumkin. Rabg’uziyning Qizilravot yoxud qadimgi Raboti o’g’iz qishlog’i bugungi Qizilravotning aynan o’zi ekanini tasdiqlovchi ko’pgina omillar mavjud. Birinchisi shuki, ushbu hududda o’g’izlar, shoirlar laqabli qavmlar yashashadi. “O’g’iz” so’zi xorazmcha sheva bo’lib, ho’kiz degan maononi anglatadi. Qadimiy “o’g’iz” so’zi ham aynan “ho’kiz” degan ma’noni berishini inobatga oladigan bo’lsak, “o’g’izlar” laqabli qavm, aslida ular turkiy xalqlarning asosini tashkil qiluvchi o’g’izlarning avlodlari bo’lishi tabiiy. Odamlarning totemizm davrida ho’kizga sig’inganligi bois o’g’izlar (ho’kizlar) deb atalganiga shubha bildirmasa ham bo’ladi. Negaki, xorazmliklar va eronliklarda govmard, ya’ni ho’kiz boshli odam haqidagi afsonalarning mashhur bo’lishi, albatta, totemizmning tasiridir. Qishloqda Qirg’iz tepa degan ziyoratgoh mavjud. Buni ko’pchilik Qirqqiz tepa deyishadi. Aslida bu tepalik “Qir o’g’iz tepa” deb nomlanib, til assimilyatsiyasi ta’sirida “qirg’iz tepa” deb talaffuz qilina boshlangan. Aynan ana shu tepalik atrofidagi ovullarda o’g’izlar, shoirlar laqabli sulolalar istiqomat qilishadi.

Mamlakatda Sho’rolar hokimiyati o’rnatilgach, qishloq nomi Qizilravot deb o’zgartirilgan. Shungacha u Rabot o’g’iz deb nomlanib kelingani haqida ota-bobolarimiz tomonidan hikoya qilinadi.

“Rabg’uziyning qissalari” ma’nosini anglatuvchi “Qissai Rabg’uziy” asari olam va odamlarning yaratilishi, insonning yo’ldan ozishi va komillik sari mashaqqatli va uzoq yo’l bosib borayotganligi xaqida g’oyat mantiqli va qiziqarli hikoya qiladi. Ushbu asar musulmon dinini qabul qilgan etiborli mo’g’ul beklaridan biri Nosiruddin To’qbug’aning iltimosiga ko’ra, hijriy 109 (milodiy 1310) yilda yozilgan.

Asosan payg’ambarlar hayotini hikoya qiluvchi bu asarning o’ziga xos yaratilish tarixi bor. Musulmon Sharqida bu mavzuda “Qisas ul-anbiyo” (“Payg’ambarlar qissasi”) nomi bilan mashhur ko’plab asarlar yaratilgan. Lekin, asarda yozilishicha, ularning “bazisi mustaqim (to’g’ri, haqiqiy) bor, bazisi nomustaqim. Bir onchasi (bir qanchasi) muqarrar (puxta, tugal) va bir onchasi mubattar (notugal) bor. Shuning uchun ham bek To’qbo’g’a adibdan “o’qimoqg’a keraklik, o’rganmakka yarog’liq” payg’ambarlar qissalaridan iborat asar yozib berishini so’ragan edi. Mazkur vazifani ulkan salohiyat, katta mahorat bilan uddalagan adibning asari “Qissasi Rabg’uziy” yoki “Qisas ul-anbiyoi turkiy” nomi bilan shuhrat topdi va yaratilgandan to bugungi kungacha sevilib o’qib kelinmoqda.

“Qissasi Rabg’uziy” – turkiy nasrning eng qadimiy namunalaridan biridir. Unda XIII asr oxiri – XIV asr boshlaridagi turkiy adabiyotning bir qator o’ziga xos xususiyatlari juda yorqin namoyon bo’lgan. Payg’ambarlar haqidagi qissalar Rabg’uziyning olam va odam haqidagi qarashlarini badiiy jihatdan ifodalash uchun vosita bo’lgan. Qissalar asosini tarixiy-ilohiy voqealar tashkil etadi. Ular o’z ildizlari bilan Quron va hadislarga, insoniyatning yaratilishi va rivojlanish tarixiga, xalq og’zaki ijodiga borib taqaladi. Ammo bularning ko’pchiligi, birinchi navbatda, Rabg’uziy badiiy tafakkuri yordamida qayta idrok etiladi, badiiy talqinini topadi. Mavzu doirasiga ko’ra asardagi qissalar juda rang-barang. Olamdagi butun mavjudod egasi Ollohni ulug’lash, payg’ambarlar hayotiga doir lavhalarni eslash, ota-ona va farzand munosabatlari, sevgi va sadoqat, vatan va vatanparvarlik, erk va adolat, do’stlik va hamjihatlik, urush va tinchlik kabi mavzular shular jumlasidandir. Bular asardagi etmish ikki qissada o’z ifodasini topgan. Bu qissalarni hajmi turlicha. Masalan, “Qissai Yusuf” salkam yuz sahifani tashkil qilsa, “Lut” haqidagi qissa bir necha sahifadangina iborat.

Qissalarning ko’pi qahramon haqidagi muayyan xabar bilan boshlanadi, so’ng sheriy madh, keyin asosiy voqealar bayoni keladi. Bazi qissalar ichida yana mustaqil hikoya, rivoyat va naqllar ham bor. Masalan, Yusuf qissasida bir necha hikoya, latifa, bayt, g’azal va boshqa janr namunalari uchraydi. Ammo ular asarda olg’a surilgan asosiy g’oyaviy-badiiy maqsad bilan yaxlitlikni tashkil etadi.

Halollik, o’z mehnati bilan halol kun ko’rishga, boshqalarga zulm qilmaslikka undash Rabg’uziyning hikoyalarining asosiy maqsadidir. O’zbek nasrida ilk marotaba dialoglar Rabg’uziy tomonidan keng qo’llangan. Ana shu dialoglar vositasida asosiy g’oyaviy maqsad yorqin va tasirchan ifodalangan. Tilga etibor berish, har bir aytiladigan so’z masuliyatini takidlash, hikoyadagi asosiy g’oyaviy-badiiy niyatdir. Bu erda donolik, hozirjavoblik ham ulug’langan.

Hikoyalarda xalq og’zaki ijodining tasiri ham yorqin seziladi. Xususan, latifa janriga xos belgilar hikoyaga ko’chib o’tgan. Suhbatning diolog asosida olib borilishi, soddalik, donishmandlik, topqirlik, hozirjavoblik fazilatlarining ustuvorligi, ifodalarning qisqa, aniq, lo’ndaligi, og’zaki ijoddan tasirlanish natijasidir.

Rabg’uziy bu ijod mahsuli mazkur mavzu ananasidagi o’ziga xos bosqich bo’ldi. Birinchidan, adib o’zigacha yaratilgan payg’ambarlar haqidagi qissalarni puxta o’rgandi, ularning yutuqlarini umumlashtirdi, rivojlantirdi. Ikkinchidan, salaflari yo’l qo’ygan kamchiliklarni tuzatdi, xato va chalkashliklarga barham berdi. Uchinchidan, oldinlari nabiylar haqidagi qissalar arab va fors tillarida yozilgan bo’lsa, Rabg’uziyning turkiy tilda bitilgan qissalari turkiy xalqlarning bebaho manaviy mulkiga aylandi.

KO`P O`QILGANLAR