Turon davlatlari. Qang’ davlati (Qanxha, Kangyuy)
Qadimda Sirdaryoning o’rta havzasida mavjud bo’lgan davlat (miloddan avvalgi III va milodning V asri o’rtalari). Ayrim adabiyotlarda ushbu davlat aholisi ham shunday nom bilan ataladi.

Atoqli olim K. Shoniyozovning fikricha, Qang’ davlati sharqda Farg’ona (Davan, Dayyuan), shimoli-sharqda Usun(Uyshun) davlatlari, shimoli-g’arbda Sirdaryoning quyi oqimi bilan chegaralangan. Xitoy manbalariga ko’ra, Qang’ davlati hududiga Toshkent vohasi, Talas va Chu daryolari vodiysi kirgan. Ayrim davrlarda hozirgi Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo’rg’on, Urganch shahri va atroflari ham qaragan bo’lib, chegarasi Amudaryogacha borgan. Aholisi esa taxminan 120 ming oila yoki 600 ming kishidan iborat bo’lgan.

Ba’zi manbalarda u Kengaras davlati ham deb qayd etilgan. Ammo olimlar bu so’z “Qang’ar-as”, ya’ni Qang’ davlati ahli degan ma’noni bildiradi, deydilar. O’zbek urug’lari ichidagi “kenagas”lar nomi o’sha qabila nomi bilan bog’liq, degan taxminlar bor. Ko’k tangriga e’tiqod qilgan bu davlat aholisini asosan qangli, kengaras, qipchoq, bajnoq urug’lari tashkil etgan. Shuningdek, bu hududda qarluq va o’g’uz qabilalari ham yashagan. Turkiy yozuv amalda bo’lgan.

Kushon podsholigi tashkil topishi va uning hududi kengayishi munosabati bilan Qang’ davlatining janubiy chegaralari o’zgargan. Uning qitttki poytaxt shaharlari Xitoy solnomalarida Bityan va Sushie deb ko’rsatilgan. K.Shoniyozovning fikricha, Bityan qadimgi sharq manbalarida uchraydigan Qanxa shahri bo’lib, u Sirdaryoning o’ng irmoqlaridan biri - Ohangaron(hozirgi Angren) daryosining quyi oqimida joylashgan. Mo’g’ullar davridagi manbalarda bu daryo Ilek deb atalgan. Sushie esa hozirgi Parkent tumanidagi So’qoq (Sukeeke) o’rnida bo’lgan degan taxminlar bor. Davlatning yozgi qarorgohlari Issiqko’l sohilida, hozirgi Qoraqo’l (Prjevalsk) yonida bo’lgan.

Qang’ davlatining qo’shini 80-90 ming jangchidan iborat bo’lgan. Bu davlat aholisining urf-odatlari hunlarnikiga o’xshash bo’lgan. Qang’ davlati hukmdori va Hun hoqonligi tangriquti o’rtasida qudachilik munosabatlari o’rnatilgan. Shu tufayli xitoylar hunlar ustidan g’olib chiqib, ularni o’z joyidan siqib chiqarganida, hun hoqoni o’z avlodi bilan Qang’ davlatiga ko’chib kelgan.

Qang’ davlatining ko’chmanchi aholisi chorvachilik, shaharlar va ularning atrofida yashagan o’troq aholi esa dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullangan.

Milodiy V asrning 2-yarmida Qang’ davlati parchalanib, uning hududida Shosh (Xitoy manbalarida Shi), Samarqand (Kan), Maymurg’ (Mi), Shahrisabz (Shi), Kattaqo’rg’on (Xe), Usrushona (Tsao) kabi kichik davlatlar tashkil topgan. Bu hudud asta-sekin Eftaliylar davlati tarkibiga qo’shib olingan.

VIII va IX asr boshlarida qarluq, o’g’uzlar tazyiqi va arab istilosi natijasida qang’li qabila ittifoqi batamom emirilib, bir necha qismga bo’linib ketadi. Bir qismi shimoli sharqqa - Talas va Chu daryolari oralig’iga kelib joylashadi. Ikkinchi qismi Kaspiy dengizining shimolidagi Yoyiq (Ural) daryosi atrofidagi yaylovlardan makon topadi.Uchinchi qismi esa Orol dengizining janubi sharqiy sohillarida, Sirdaryoning quyi oqimlarida qolib, o’g’uzlarga tobe bo’ladilar.

XII - XIII asrlarda qang’lilar Xorazmning siyosiy hayotida muhim rol o’ynaganlar. Shu davrda Talas va Chu vodiylarida yashovchi qang’lilardan 60 ming kishi Xorazmga ko’chib keladi. Mo’g’ullar bosqini arafasida Xorazmda qang’lilardan tuzilgan qo’shinning soni 90 minggga etgan. Xorazmshoh Tekesh qang’li beklaridan birining qizi - Turkon xotunga uylanadi. Keyinchalik bu ayolning mamlakat siyosiy hayotiga aralashuvi, kaltabinligi mo’g’ul bosqiniga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga to’sqinlik qilgan.

Qanglilarning bir guruhi XII - XIII asrlarda Sibir erlariga borib o’rnashadi hamda bu erdagi Oltoy, Enisey turklari va yoqutlarga aralashib ketadi. Ikkinchi bir qismi Zarafshon vodiysiga ko’chib keladi. Mo’g’ullar hujumi arafasida Samarqandda 30 ming qangli bo’lgan.

Keyingi asrlarda qang’lilar o’zbek, qozoq va qoraqalpoq xalqlari tarkibiga kirgan. Xorazm, Qoraqalpog’iston, Toshkent, Qashqadaryo va boshqa viloyatlardagi “qang’li” so’zi bilan bog’liq etnotoponimlar bu fikrni tasdiqlaydi.

Qang’ davlati davriga oid yodgorliklar Xorazm vohasidagi Jonbosqal’a, Qo’yqirilgan qal’a, Kichik Qirqqiz, Qo’narli qal’a, Oq tepa va boshqa qal’alar qazilmalaridan topilgan.

KO`P O`QILGANLAR