Xorazm vohasi erkaklari an’anaviy bosh kiyimlarining etnogenetik tahlili
Maqolada Xorazm vohasi erkaklari an’anaviy bosh kiyimlarining o’ziga xos xususiyatlari ko’rib chiqilgan. Bosh kiyimlarning rangi, shakli, kiyilish tartibi tavsiflangan.

Xorazm erkaklarining an’anaviy bosh kiyimlari o’ziga xos va betakror bo’lib, XIX asr oxiri - XX asr boshlarida vohadagi turli etnik guruhlar bosh kiyimlarida o’ziga xoslik saqlanib qolgan. Vohaning an’anaviy bosh kiyimlarini tayyorlanadigan xom ashyosiga qarab quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

1. Jundan tayyorlanadigan bosh kiyimlar: cho’girma (to’galak, sherozi va silkma).

2. Kigiz (namat)dan tayyorlanadigan bosh kiyimlar: qalpoq, kuloh va h.k.

3. Ip va ipakdan tayyorlanadigan bosh kiyimlar: tahya (chumakli, papakli, qazma); ro’mol (farang ro’mol, sochoqi beqaror, yo’rinja gulli ro’mol, to’r ro’mol, boki ro’mol, shaxmat ro’mol, qozoqi ro’mol va h.k.); lachak (Xiva lachagi, Karvak va Pitnak lachagi), bosho’rov, o’ramol (shim. Xorazm); to’ppi (bolalar va keksalar to’ppisi - sappush); cho’tti (Xazorasp).

4. Mo’ynadan tayyorlanadigan bosh kiyimlar: qunduz popoq yoki qunduz talpak (ondatra telpak), norka popoq (qorako’zan - norka terisidan tikilgan telpak), suvsar talpak (sobol - suvsar mo’ynasidan tikilgan telpak) , quloqchin (ushanka).

Xorazmda bosh kiyim davlat, g’urur, iftixor ramzi sanalgan, shuning uchun bosh kiyimni biror kimsa bilan almashtirish yoki birovga berish mumkin bo’lmagan. Otaning bosh kiyimi faqat uning o’g’liga berilgan. “Oyog’ingda mahsing bo’lmasa ham boshingda cho’girmang bo’lsin”, degan keksalar. “Qadimda farzandi yuzini erga qaratgan ota cho’girmadan mahrum qilingan, bu esa uning elot (mahalla)da yakkalanib qolishiga olib kelgan”. XX asr boshlarida Xorazm aholisi o’rtasida boshyalang yurish odobdan hisoblanmagan. Qariyalar hatto kechasi uxlagani yotganlarida ham yumshoq chitdan, ichiga paxta solib, astar qilingan konussimon bosh kiyim - to’ppi (shabpo’sh) kiyib yotganlar. Bu kabi bosh kiyim O’zbekistonning boshqa hududlarida ham uchraydi.

O’zbek do’ppilarining Chust, Marg’ilon, Andijon, Shahrixon, Qo’qon, Toshkent, Samarqand, Urgut, Buxoro, Boysun, Dashnobod, Shahrisabz, Koson, Xiva, Laqay, Baxmal, zar, ola, gilamnusxa, iroqi, araqchin kabi turlari ma’lum. O’zbekiston tarixi muzeyida turli davrlarga tegishli bo’lgan 260 dan ortiq do’ppi mavjud. Behistun qoyatoshlariga o’yib tushirilgan (bo’rtma) odam suratlarining biridagi bosh kiyim qadimgi xorazmiylar bosh kiyimlariga juda o’xshab ketganligini ko’rish mumkin. Zero qoya yozuvlarida Doro buyrug’i bilan bo’ysundirgan xalqlar orasida saklar, so’g’dlar qatorida xorazmiylar ham tilga olingan. X asrda yashab ijod etgan muarrix al-Maqdisiy Xorazmdan chetga olib chiqiladigan mollar ro’yxatida xorazmliklarning cho’qmor telpagi ham borligini, Xurosonning har bir shahrida mahalliy aholidan o’zlarining cho’qmor telpaklari bilan ajralib turuvchi ko’plab xorazmliklarni uchratish mumkinligini aytib o’tadi. Demak, Xorazmda chumakli tahya deb ataluvchi konussimon do’ppi turi ham qadimiy bosh kiyim bo’lishi mumkin.

Erkak va ayollar do’ppilari bir xil shaklda bo’lib, erkaklarning do’ppilari to’q yashil rangli, ko’k, qora baxmaldan tayyorlangan. Voha aholisi qishda do’ppi ustidan dumaloq, jundan bo’lgan telpak kiyganlar. Xorazm vohasi aholisining bosh kiyimlari rangi, shakli va kiyilish tartibi bilan ham o’ziga xos xususiyatga ega. Xorazmda yashovchi o’zbeklar katta dumaloq cho’girma kiyganlar. Cho’girma voha aholisining etnik xususiyatlarini yanada yaqqolroq namoyon etadigan bosh kiyimdir. Cho’girma uch xil: to’galak cho’girma, sherozi va silkma cho’girmadan iborat bo’lgan. Ustki qismi teri yoki qalin matodan tekis qilib tikilib, atrofiga bosma shaklda qorako’l yopishtirilgan to’galak cho’girma vohada XIX asrdan beri kiyilib kelgan cho’girmaning dastlabki nusxasidir. Uni dastlab faqat hukmdorlar, keyinchalik esa aholining barcha tabaqa vakillari kiygan. Kalta junli Xazorasp uslubida tikilgan cho’girma sherozi cho’girma deb atalgan. Sherozi cho’girma - yangi tug’ilgan qo’zichoqning terisidan tikilgan va tikilish jihatidan ixcham bo’lib, hozirgi telpaklardan ozgina farq qilgan. Uchinchisi aholining kambag’al tabaqasi hamda vohada yashovchi turkmanlar ham kiygan uzun junli silkma cho’girmadir. Silkma cho’girma qo’yning uzun junidan, dumaloq shaklda va ancha katta hajmda tikilgan. Cho’girma ilgari Xorazmda keng tarqalgan bo’lib, u haqda xalq orasida quyidagicha aytim bo’lgan:

Cho’girma-yo, cho’girma-yo, cho’girma
Cho’girmaga qarab yuzing o’girma.
Qishni guni chaqirsa ham yugurma,
O’zi - yarim, og’iri botmon cho’girma.

Xorazmning tabiiy sharoiti va jug’rofiy muhiti ham jun yoki teridan tikilgan kiyimlarning mavjud bo’lishini taqozo etadi. Qolaversa, po’stin va cho’girma kabi ust-boshlar ichida haroratning normal holatda bo’lishi qattiq bo’ron yoki cho’l shamoli tufayli sodir bo’ladigan har xil nojo’ya ta’sirlardan kishi tanasini asraydi. Xorazm vohasida cho’girma bilan bog’liq yana bir udum saqlanganki, qiz bolaning bo’y etganligini bilish uchun uni otasining cho’girmasi bilan bir urib ko’rishgan. Agar qiz cho’girma bilan urganda yiqilib tushmasa, uni turmushga uzatishgan. Cho’girma XX asrning to 70-yillariga qadar keksalar bosh kiyimi sifatida saqlanib qolgan. Keyinchalik cho’girmalar aholi tomonidan deyarli kiyilmay, faqat teatr va folklor-etnografik ansambl a’zolari tomonidan kiyilgan, biroq “sherozi telpak” nomli cho’girma turi o’rta va keksa yoshdagi erkaklar orasida saqlanib qolgan. U olti oylik qo’zichoq terisidan tikilgan va badavlat xonadon erkaklari tomonidan kiyilgan. XX asrning 60-80 yillarida rahbar xodimlar orasida sherozi papaq (telpak) deb atalgan turi urf bo’lgan.

Turkmanlarning yovmut urug’ida ham Xorazm cho’girmasiga o’xshash bosh kiyimi bo’lib, u chovurma deb atalgan. Silkma cho’girma kabi bosh kiyim turkmanlarning ersari va sariq urug’i aholisida ham mavjud bo’lib, u silkma telpak deb atalgan. Manbalarda Xorazm vohasida cho’girma deb nomlanuvchi bosh kiyimning urf bo’lib, voha o’zbek va turkman aholisi o’rtasida keng yoyilishiga afg’on urug’laridan biri - jamshidlar sabab qilib ko’rsatilgan. Ammo cho’girmaga o’xshash bosh kiyim, ya’ni to’galak cho’girma xorazmliklarda qadimdan mavjud bo’lgan, jamshidiylar kirib kelgandan so’ng ularning ta’sirida shakli (dizayni) va hajmi o’zgargan, xolos. Chunki Xorazmning kontinental iqlim mintaqasi shunday bosh kiyim bo’lishini taqozo etgan. Buni so’nggi yillarda arxeologik manzilgohlarda olib borilgan tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.

Bosh kiyimlari O’zbekistonning turli hududlarida o’ziga xos bo’lgan. Masalan, Buxoroda va unga yaqin tumanlarda telpaklar qiya konus shaklida bo’lgan. Uning yuqori qismini qorako’l terisidan, ichini qo’y mo’ynasi bilan qoplab, tevarak-atrofini qunduz mo’ynasi bilan bezaganlar. Farg’ona vodiysi va Toshkentda telpakning yuqori qismi uchun mato ishlatganlar, hoshiyasini tulki yoki suvsar mo’ynasidan, ayrim hollarda qo’zi terisidan tikkanlar. Farg’ona vodiysining qishloq ahli qishda mo’ynasi ichkariga qaratib tikilgan tumoq kiygan. Bosh kiyim turlaridan biri salla bo’lib, uni odatda din ahli: mulla, eshonlar va ayrim etnik guruhlar, masalan, Oqdarband eroniylari kiyganlar.

Demak, XIX asr oxiri - XX asr davomida Xorazm vohasi erkaklarining asosiy bosh kiyimi qish faslida cho’girma, yoz faslida taxya (do’ppi) bo’lib, voha iqlimiga juda mosligi uchun xalq bu bosh kiyimlarni sevib kiygan. Hatto keksalar yoz faslida bo’lsa ham cho’girmani boshidan echishmagan. Buning o’ziga xos sababi bor: yoz faslida bosh terlaganda, cho’girma o’ziga terni shimib olgan va boshni yozning jazirama issig’idan asrab namlantirib turgan. Shu sababli keksa otaxonlar paxtali to’n (do’n) va cho’girmani yoz faslida ham kiyib yurishgan. Hozirgi kunga kelib bu bosh kiyimlari xalqimizning an’anaviy bosh kiyimlari sanaladi va qadriyat sifatida e’zozlanadi.

Sh. Nurullaeva
Urganch davlat universiteti,
2013 yil 31 mayda qabul qilingan
(Taqrizchi: t.f.d.U.Abdullaev)

KO`P O`QILGANLAR